Karvonsaroy
Diplomatiya

“American Space” (Amerika hududi) Almatida o‘z eshiklarini ochmoqda

Kseniya Bondal tayyorladi

AQSh’ning Qozog‘istondagi elchisi Jorj Krol (o‘ngda) va Bosh Konsul Mark Mudi (markazda) oktyabr oyida Almatidagi yangi “American Space” madaniy markaziga qilgan tashriflari chog‘ida. [Almatidagi AQSh Bosh Konsulligi]

AQSh’ning Qozog‘istondagi elchisi Jorj Krol (o‘ngda) va Bosh Konsul Mark Mudi (markazda) oktyabr oyida Almatidagi yangi “American Space” madaniy markaziga qilgan tashriflari chog‘ida. [Almatidagi AQSh Bosh Konsulligi]

ALMATI – Qozog‘istondagi AQSh diplomatik korpusi vakillari Qozog‘istonlik talabalar, o‘qituvchilar va yosh tadbirkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida yangi umumiy madaniyat markazini ochdilar.

20 oktyabr kuni Almatidagi AQSh bosh konsulligi rasman yangi “American Space” nomli madaniyat markazini ochdi. Markaz barcha qulayliklar, zamonaviy texnologiyalar, qulay javonlar, ofis jihozlari va ingliz tilidagi adabiyotlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, u Almati shahri markazida joylashgan.

AQSh elchixonasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, “American Space” markazini bunyod etishdan maqsad Amerika tajribalari bilan o‘rtoqlashish va Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini yaratishdir.

Xohlagan insonlar ushbu markazning imkoniyatlari va qulayliklaridan bepul foydalanishlari mumkin, dedi Caravanserai bilan suhbatda AQSh Bosh Konsulligining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha axborot-resurs bo‘limi xodimi Ketrin Marsichek.

Qozog‘istonlik va Amerikalik tashrif buyuruvchilar oktabr oyida Almatidagi “American Space” markazida o‘zaro suhbat qurmoqdalar. [Kseniya Bondal]

Qozog‘istonlik va Amerikalik tashrif buyuruvchilar oktabr oyida Almatidagi “American Space” markazida o‘zaro suhbat qurmoqdalar. [Kseniya Bondal]

“Almatidagi “American Space” madaniyat markazi Qozog‘istondagi AQSh diplomatik korpusi, SmArt.Point va Chevron o‘rtasidagi davlat-xususiy sherikligi asosida qurilgan”, dedi u. “Amerika hukumati loyihaning davlat tomonini namoyon etadi, Chevron va SmArt.Point esa xususiy biznes tomonini”.

Qozog‘istonda joylashgan SmArt.Point markaz uchun joy ajratdi, Chevron esa u yerdagi ta’lim dasturlari homiyligini bo‘yniga oldi. Undan tashqari, Chevron AQShdan lektorlarni taklif qiladi va robot texnologiyalari bilan injenerlik sohasiga bag‘ishlangan ta’lim dasturlarini nazorat qiladi.

Bosh Konsullik esa markazni jihozlar, mebel va adabiyotlar bilan ta’minladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga yordam berishlari uchun administratorlarni ham tayinladi.

Almati yuqori e’tibor ostida

Marsichekning so‘zlariga qaraganda, AQSh Bosh Konsulligi ushbu loyihani uch yil davom etishini ta’minlamoqchi. Markaz har kuni soat 11 dan kech soat 8 gacha ishlaydi va asosan talabalar, o‘qituvchilar va yosh tadbirkorlardan iborat bo‘lgan 150 nafargacha tashrif buyuruvchilarni qabul qilishga mo‘ljallangan.

“American Space” ochilishidan oldin 11 ta “American Corners” o‘quv markazlari ochilgan bo‘lib, ular mamlakatning barcha qismlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

U kichik markazlarga qancha odam tashrif buyurishini aytish qiyin, dedi Marsichek.

Masalan, Astanada joylashgan “American Corner” bir universitet hududida faoliyat ko‘rsatadi va uning asosiy tashrif buyuruvchilari talabalardir. Boshqa shaharlarda “American Corners” kutubxonalarda joylashgan bo‘lib, ular haftasiga besh kun, soat 9 dan 18 ga qadar ishlaydi.

Ushbu markazlarga keluvchilar soni tabiiyki oz, dedi Marsichek va gapida davom etib, Bosh Konsullik Almatiga asosiy e’tiborni qaratib, yirikroq bo‘lgan “American Space” madaniy markazini shu yerda ochishga qaror qildi, dedi.

“Bu, biz ko‘proq mablag‘, texnik va inson resurslarini ajratamiz deganidir”, dedi u.

AQSh’ning Qozog‘istondagi elchisi Jorj Krol “American Space” ochilishi marosimida nutq so‘zlab, Qozog‘istonda, ayniqsa Almatida ulkan salohiyat ko‘rishini bildirdi.

“Bu yerda men yangi iqtisodiy harakat va ijtimoiy va ma’muriy rivojlanishni ko‘rmoqdaman”, dedi Krol. “Nafaqat Qozog‘istonda, balki butun Markaziy Osiyoda ham”.

AQSh elchixonasi bayonotiga ko‘ra, u “Men barchangizni “American Space” madaniyat markazining bir qismiga aylanishga chaqiraman”, dedi. “Bu yerga keling, biz bilan bog‘laning, dasturlarimizda qatnashing. Va albatta sizga, hamkasblaringiz, do‘stlaringiz va oilangizga mos keluvchi marosimlar va uchrashuvlarni uyushtirishni taklif qilishdan uyalmang”.

“American Space” madaniyat markazi bo‘lib, o‘z vazifasidan kelib chiqib, barchaning uning faoliyatida qatnashishidan manfaatdordir”, dedi Krol.

Iliq qabul

AQSh Kasalliklar Nazorati va Profilaktikasi Markazlari’ning mintaqaviy dasturi rahbari Dafna Moffet “American Space”ga qilgan tashrifidan iliq taassurot qolganini so‘zladi.

Unga markazning ochiqligi, yuqori sifatli jihozlari va zamonaviy dizayni yoqqanini Caravanserai’ga gapirib berdi.

“Bu kabi markazlar juda ham zarur, sababi insonlar to‘planib, biror ish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan joylarni topish imkoni hamisha ham bo‘lavermaydi”, dedi Moffet. “Umuman olganda, markaz faoliyatidan maqsad bunyodkorlik platformasini yaratish, ingliz tili va Amerika Qo‘shma Shtatlari haqida ko‘proq narsalarni o‘rganishdir”.

Almatilik 26 yoshli Nargize Akibayeva ham “American Space”ning yangi jihozlari va uning qulayligini yoqtirib qolgan.

Bu keluvchilarga dunyodagi eng rivojlangan davlat haqida bilib olish imkoniyatini beradi, dedi u Caravanserai’ga.

“Men imkon qadar ko‘proq insonlar ushbu qiziqarli joyga kelish imkoniyati borligi haqida eshitishlarini xohlar edim”, dedi u.

Hamma narsaga pul to‘lash kerak bo‘lgan zamonimizda Almatidagi “American Space” ajoyib jihozlarga ega bo‘lgan, qulay va barchaga bepul markazdir, dedi 32 yoshli Almatida istiqomat qiluvchi Alyona Litova.

Bu joy yoshlar intilib keladigan joyga aylanadi, dedi u. “Fikrimcha markazda tez orada bo‘sh joylar qolmaydi, chunki odamlar tinmay kelishda davom etmoqda”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500