Karvonsaroy
Diplomatiya

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari yangi kelishuvlarga ko‘ra yaxshilanadi

Erkin Kamalov

“O‘zbekiston Qirg‘izistonning tashqi siyosatida muhim o‘rin egallaydi”, dedi Qirg‘iziston Bosh Vaziri Sapar Isakov (o‘ngda) 6-sentyabr kuni Bishkekda o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) bilan uchrashuvda. [Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati]

“O‘zbekiston Qirg‘izistonning tashqi siyosatida muhim o‘rin egallaydi”, dedi Qirg‘iziston Bosh Vaziri Sapar Isakov (o‘ngda) 6-sentyabr kuni Bishkekda o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) bilan uchrashuvda. [Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati]

BISHKEK -- Qirg‘iziston va O‘zbekistonda tomonlararo o‘tkazilgan muzokaralar birinchi navbatda ikki davlat iqtisodiyoti rivojlanishiga yordam beradi, deya hisoblamoqdalar tahlilchilar va rasmiylar.

“Biz hamkorlikda avtobus yig‘ish, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish, kir yuvish mashinalari yig‘ish, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish, kabel mahsulotlarini yetkazish, O‘sh shahrida savdo va ko‘ngilochar markaz ochish hamda O‘zbekistondagi Artel texnika maktabining Qirg‘iziston filialini ochish bo‘yicha kelishuvlarni imzoladik”, dedi Qirg‘iziston Iqtisodiyot vaziri Artem Novikov 6-oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznes forumda.

“O‘zbekiston Qirg‘izistonning tashqi siyosatida muhim o‘rin egallaydi”, dedi Qirg‘iziston Bosh Vaziri Sapar Isakov 6-sentyabr kuni Bishkekda o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda.

Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiyot, madaniyat, gumanitar va chegara masalalarida hamkorlik bo‘yicha katta qadam tashladi, dedi Isakov.

5-sentyabr kuni Dostuk chegara postida Qirg‘izistondan O‘zbekistonga o‘tayotgan ayol. [Erkin Kamalov]

5-sentyabr kuni Dostuk chegara postida Qirg‘izistondan O‘zbekistonga o‘tayotgan ayol. [Erkin Kamalov]

“Siz ikki tomonlama aloqalarining tarixini o‘zgartirdingiz”, dedi Isakov Mirziyoyevga. “Mamlakatimiz prezidentlari jadal rivojlanish uchun harakat qilmoqdalar. Ijro etuvchi organlar ham shu maromda ishlashi kerak”.

Iqtisodiy manfaatlar

“Oktyabr oyida Toshkentda imzolangan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni jonlantiradi, yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi”, dedi bishkeklik iqtisodchi Kadirmamat Toktorov Karvonsaroy bilan suhbatda.

Anglashuv memorandumida ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil ehtiyot qismlari va zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha ham kelishuv mavjud, deya xabar berdi Qirg‘iziston Iqtisodiyot Vazirligi.

Rasmiylar Qirg‘iziston O‘zbekistonga shinalar, suv, asal va boshqa mahsulotlar eksport qilishi bo‘yicha ham shartnoma imzoladilar.

2016-yili Qirg‘iziston-O‘zbekiston savdo hajmi $192.3 millionni tashkil etgan bo‘lib, avvalgi yildan 15% ga oshgan, dedi Toktorov.

“Va bu so‘nggi natija emas”, dedi u.

Masalan, oktyabr oyi boshida Qirg‘iziston O‘zbekistonga kilovatt soati 2.4 sentdan 550 mln kVt/s elektr energiyasini eksport qilishga kirishdi, qo‘shimcha qildi u.

“Savdo va iqtisodiy aloqalarimizning jadallashuvi 2016-yil dekabrida Samarqandda ikki davlat rahbarlari boshlagan va 2017-yil avgustida bosh vazirlar mustahkamlagan munosabatlar bilan bog‘liqdir”, deya ta’kidladi Toktorov.

Chegaralarning yaxshilanishi

Sentyabr oyida Mirziyoyev va Almazbek Atambayev o‘rtasida Bishkekda o‘tgan sammit natijasida Qirg‘izistonning O‘sh viloyati va O‘zbekistonning Andijon viloyatlarini bog‘lovchi Dostuk chegara posti qayta ochildi, dedi bishkeklik siyosiy sharhlovchi Askar Otunchiyev Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Yetti yildan beri ushbu chegara posti ma’lum vaqt va kunlarda ishlardi” dedi u. “Chegarani kesib o‘tish uchun... bir qancha hujjatlarni taqdim etish kerak bo‘lardi”.

Hozir ikki davlat fuqarolari Dostuk chegara postidan hech qanday qo‘shimcha hujjatlarsiz o‘tib kelishmoqda, dedi u.

“Dostuk chegara postining 24 soat faoliyat yuritishi... katta ahamiyatga egadir”, dedi u. “Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun juda muhimdir”.

Qorasuvlik (O‘sh viloyati) 62 yoshli Robiyaxon Tojiboyevaning aytishicha, chegaralarning ochilishi uning oilasiga kichik biznes bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratdi.

“Biz O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji sotib olib, Qirg‘izistonga olib kelib sotyapmiz”, dedi u Karvonsaroyga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz va o‘zbek xalqlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro ishonchning mustahkamlanishida tinchlik va barqarorlikning ahamiyati juda kattadir.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500