Karvonsaroy
Terrorizm

Almati shahri politsiyasi Qozogʻistondagi “jihodchi” guruh vakillarini hujum qilishni rejalashtirayotganlari pallada hibsga oldi

Karvonsaroy

Uch nafar niqob taqib olgan shaxs ta'qiqlangan Hizbut Tahrir guruhining bayrogʻi ostida video yozuvda koʻrinish berib, boshqalarni qurolli jihodga chaqirganlar. Qozogʻiston rasmiylari videoda chiqqan shaxslarni 2017-yil 28-noyabr kuni hibsga olganlarini aytmoqda. [YouTube]

Uch nafar niqob taqib olgan shaxs ta'qiqlangan Hizbut Tahrir guruhining bayrogʻi ostida video yozuvda koʻrinish berib, boshqalarni qurolli jihodga chaqirganlar. Qozogʻiston rasmiylari videoda chiqqan shaxslarni 2017-yil 28-noyabr kuni hibsga olganlarini aytmoqda. [YouTube]

ALMATI – Zakon.kz nashrining xabar berishicha, Almati politsiyasi seshanba kuni (28-noyabrda) huquqni muhofaza qilish organlariga hujum qilishni va aholiga tahdid qilishni rejalashtirishda gumon qilingan bir guruh qozogʻistonliklarni qoʻlga olgan.

Hibsga olinganlarning umumiy soni haqida xabar berilmagan.

Hibsga olinganlar orasida faqatgina familiyalari va tugʻilgan yillari bilan koʻrsatilgan – Jumagulov (1966 y.t.), Omirov (1970 y.t.) va Abishev (1974 y.t.) kabi guruh rahbarlari deya taxmin qilingan shaxslar ham bor.

Ular Qozogʻistonning turli yerlaridan kelganlar, deya xabar berdi Almati politsiyasi matbuot kotibasi Saltanat Azirbek.

Guruh “Almati shahrida jamoatchilik tartibini buzish, aholi orasida qoʻrquvni yoyish va huquqni muhofaza qilish organlarining ishini chippakka chiqarishga tayyorgarlik koʻrgan”, dedi u.

Politsiya xabariga koʻra, gumondorlar oʻz qarashlariga yaqinroq boʻlgan insonlar orasida targʻibot olib borganlar va huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat organlari xodimlariga tahdid qilishni rejalashtirganlar. Ular anonim telefon qoʻngʻiroqlarini amalga oshirib, oʻzlarining nishonlaridagi shaxslar va ularning oila a'zolariga tahdid yozilgan xabarlarni yuborishni rejalashtirganlar.

Guruh “Qozogʻiston huquqni muhofaza qilish organlaridan chet ellarda yashirinib yurgan jinoyatchilardan olingan yoʻriqnomalar asosida harakat qilgan boʻlish” ehtimoldan holi emas, dedi Azirbek.

Ekstremistik xabar

Politsiyaga koʻra, guruh, shuningdek, qurolli jihodga chaqiruvchi targʻibot va tashviqot materiallari, hamda video xabarni ham tayyorlagan.

Videolarning birida guruh a'zolari niqob taqib, qurol koʻtargan holda ta'qiqlangan Hizbut Tahrir guruhi bayrogʻi ostida koʻrinish bergan. Ushbu video politsiya ularni hibsga olishidan oldin muloqot uchun moʻljallangan messenjerlarning birida paydo boʻlgan.

Gumondorlarning yashash manzillarida olib borilgan qidiruv ishlari davomida politsiya ichida ekstremistik video materiallar boʻlgan turli xil elektronik saqlash qurilmalari va kitob shaklidagi ekstremistik adabiyotlarni qoʻlga tushirgan. Qoʻlga tushirilgan materiallar ekspertizaga yuborilgan.

Keyinchalik, muxbirlar qoʻliga video lavha kelib tushib, unda qandaydir instruktor boshqa insonlarni video orqali odamlarga murojaat qilishga oʻrgatayotgani tasvirlangan.

“Mana shunday gapiring – biz insonlar nomidan gapirayapmiz deng”, degan instruktor. “Ishontirish uchun betoʻxtov gapiring. Dangal-dangal gapiring”.

“Biz bu hukumatni agʻdarishimiz kerak”, deydi videoda koʻrinish bergan insonlardan biri. “Ey huquqni muhofaza qilish organlari va jamoatchilik faollari, agar bizlarni ta'qib qilishni bas qilmasangiz biz Alloh yoʻlida sizlarga qarshi jihod e'lon qilishga tayyormiz”.

Ongi toʻliq shakllanmagan yoshlarni nishonga olish

Jangarilarning tajribali targʻibotchilari yaxshi ta'lim olmagan va ongi toʻliq shakllanishga ulgurmagan yoshlarni oʻz tomonlariga ogʻdiradilar, deydi Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (MXQ) Almati shahridagi zahiradagi xodimi, polkovnik Arat Narmanbetov.

Bu kabi yollangan yoshlar “huddi terrorchi guruhlar tomonidan oʻz maqsadlari yoʻlida mohirona foydalaniladigan hudkush terrorchilar kabidirlar”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda.

Ushbu videolardagi “qahramonlarni” ularning zaharli axborotlari hatto internetda tarqalib ulgrumasidan qoʻlga olishga muvaffaq boʻladigan huquqni muhofaza qilish organlari vakillarining ishi maqtovga sazovor, dedi u.

Gumondorlar tomonidan qilingan video murojaatda qozoq tilining tanlanishi rasmiylar tomonidan ular ushbu yoʻl bilan yoshlar, kambagʻallar va oilalarini boqish ilinjida yurgan qishloq aholisining qoʻllab-quvvatlashiga erishishga intilganlar degan taxmin olgʻa surildi.

Shaharlarda yashovchi va ma'lumoti oliy boʻlgan insonlarga murojaatlarda esa rus tilidan foydalanish davom etilmoqda.

“Bu yigitlar zombilar – misoli kompyuterdaylar, ular nima qilishga dasturlangan boʻlsalar huddi oʻsha ishlarni bajaradilar”, dedi Karvonsaroy bilan suhbatda Shimkentlik diniy ulamo Abdulloh Bahodir. “Qurolli jihodga chaqiruv dinga aloqasi yoʻq narsa. Bu shafqatsiz, qonga tashna siyosatdan boshqasi emas”.

Qozogʻiston hukumati terrorchilikka qarshi kurash boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda, dedi u va “xavfsizlik kuchlari koʻpincha hibsga olishlar haqida va terrorchilik hujumlarini oldini olish haqidagi ma'lumotlarning barchasini oshkor qilolmaydilar”, deya qoʻshimcha qildi.

“Kundan kunga shu narsa ayonlashib bormoqdaki, Qozogʻistonda chinakam kurash ketmoqda”, dedi u. “Video esa terrorchilar tomonidan ular qoʻl qovushtirib oʻtirmaganlarini namoyon qilishga urinish boʻlishi mumkin”.

[Ushbu xabarni Almatidan Ksenyia Bondal tayyorladi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500