Karvonsaroy
Atrof muhit

Move Green nomli yoshlar guruhi qirgʻizlarga tabiiy ofatlarga tayyor turishda yordam beradi

Asker Sultanov

"Move Green" (Yashillik sari) guruhi 28–30-iyun kunlari Oʻsh viloyatining Qizil-Su qishlogʻida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazdi. [Move Green]

"Move Green" (Yashillik sari) guruhi 28–30-iyun kunlari Oʻsh viloyatining Qizil-Su qishlogʻida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazdi. [Move Green]

BISHKEK -- Qirgʻiziston yoshlaridan iborat "Move Green" ekologik harakati tabiiy ofatlarga va boshqa favqulodda holatlarga qarshi yaxshiroq kurashishda aholiga yordam bermoqda.

Oʻquv mashgʻulotlaridan iborat dasturlar va hushyorlikni orttirishga qaratilgan loyihalar Qirgʻiziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va AQSHning Qirgʻizistondagi elchixonasi oʻrtasidagi hamkorlik mahsulidir.

Joriy yil Qirgʻizistonda tabiiy ofatlar natijasida qayd etilgan oʻlimlar soni rekord natijani qayd etgan. Vazirlik bergan ma'lumotga koʻra, inson faoliyati sababli yuzaga kelgan va tabiiy ofatlar natijasida 2017-yilning dastlabki 9 oyida 113 kishi hayotdan koʻz yumgan.

Koʻp miqdorda qor va yomgʻir yogʻishi natijasida kelib chiqqan noxush hodisalarning asosiy qismi mamlakatning janubiy hududlarida — 142 ta hodisa Jalolobod viloyatida va 89 ta hodisa Oʻsh viloyatida yuz berdi, – deya Karvosnaroy bilan suhbatda xabar berdi vazirlik matbuot kotibi Elmira Sheripova.

Qayd etilgan 318 ta favqulodda hodisalar 104 ta qor koʻchishi va 67 ta sel kelishi kabi holatlarni oʻz ichiga oldi.

Tabiiy ofatlardan kelib chiqadigan xatarlarni boshqarish

AQSH elchixonasi tomonidan bir yil avval tashkil etilgan va moliyalashtiriladigan "Move Green" guruhi tabiiy ofatlar xatarini boshqarish tizimlarini yaxshilash va Qirgʻizistondagi qishloq aholisining tabiiy ofatlarga tayyor turish va ularga qarshi kurashish salohiyatini kengaytirishni maqsad qilgan, dedi "Move Green" guruhi rahbari Mariya Kolesnikova.

Guruh ushbu yil yozda tabiiy ofatlar koʻp yuz beradigan Oʻsh viloyatining Qora-Su tumanidagi qishloqlarda oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazdi, dedi u.

"Qatnashchilar oʻz qishloqlari uchun xavfli va xavfsiz joylarni belgilagan holda xatarli nuqtalar xaritasini tuzdilar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birga tabiiy ofatlar vaqtida qanday yoʻl tutish kerakligi borasida harakat rejasini tuzdilar", – dedi Karvonsaroy bilan suhbatda Kolesnikova.

Mutaxassislar 5-11 sinflarda oʻqiydigan 200 nafar oʻquvchi va 80 dan ortiq kattalarga, jumladan tuman hokimiyati vakillari, mahalliy kengash vakillari, fuqarolar yigʻinlari a'zolari, qishloq oqsoqollari, viloyat hokimiyati vakillari va shifokorlarga oʻquv mashgʻuloti oʻtkazdilar, dedi u.

Loyiha tashkilotchilari, shuningdek, qanday qilib birinchi yordam koʻrsatishni va yaradorlarni zambilda qanday tashish kerakligini namoyish etib berdilar, dedi u. Qutqaruvchilar guruhidagi har bir koʻngilliga tabiiy ofatlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻquv qoʻllanmasi tarqatildi.

"Biz, qishloq tumanlari va mahalliy maktablar uchun tabiiy ofatlar vaqtida nimalar zarurligini baholagan holda eng zarur tibbiy anjomlarni ajratdik", – dedi Kolesnikova.

Oʻqituvchilarni tayyorlash

"Мove Green" guruhi shuningdek Favqulodda vaziyatlar vazirligining Bishkek shahri, Chuy va Oʻsh viloyatlaridagi xodimlari uchun zamonaviy aloqa texnologiyalari boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari va "oʻqituvchilarni tayyorlash" mashgʻulotlarini ham tashkillashtirdi.

"Move Green" yoshlar ekologik harakati a'zolari oʻqituvchilarimizning salohiyatini yanada oshirdilar", dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqarolarni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda professional rivojlantirish markazida mutaxassis boʻlib ishlaydigan Chinara Jumaqodirova.

"Move Green" guruhi bizlarning faoliyatimizni kuzatdi va natijalarni tahlil qilgan holda bizning kamchilik va yutuqlarimizni koʻrsatib berdi", dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda.

"Undan tashqari, "Move Green" fuqaro muhofazasi boʻyicha bosma materiallar va plakatlarni tayyorlab berdi va biz ularni maktablar va aholi oʻrtasida tarqatayapmiz", dedi u.

"Move Green" koʻmagida biz qor koʻchishi, zilzila va sel xavfi mavjud boʻlgan yoz oylarida yongʻin xavfsizligini ta'minlash mavzusida toʻrtta video lavha yaratdik", dedi Sheripova.

"Ushbu videolarda odamlar favqulodda holatlarda qanday harakat qilishlari, qayerga qoʻngʻiroq qilishlari kerakligi haqida gapiriladi va ularda odamlar bajarishi kerak boʻlgan harakatlar batafsil koʻrsatilgan", dedi u.

Yoshlarning xabardorligini oshirish

"Move Green" guruhi tashkilotchilari, shuningdek, 22-23 aprel kunlari Bishkek shahrida har yili oʻtkaziladigan ikki kunlik ekologik debatlardan iborat "Yashil kubok" turnirini oʻtkazdilar va unda Qirgʻizistonning turli universitetlari va Davlat huquq akademiyasining 84 nafar talabasi qatnashdi.

Muhokamalar markazidan yoshlar orasida xabardorlikni orttirishga koʻmak beruvchi hamda atrof muhitga tegishlicha munosabatni shakllantiruvchi ekologik mavzular oʻrin oldi, dedi Kolesnikova.

Shuningdek, "Move Green" guruhi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari 15-aprel kuni Bishkekdagi 21-sonli umumta’lim maktabida ham mashgʻulotlar oʻtkazdilar.

"Qirgʻiziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari terrorchilik hujumlarini oldini olish, zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish va yongʻin xavfsizligi boʻyicha ma'ruzalar oʻqidilar", dedi u.

"Move Green" harakati ishchilari va a’zolari turli xil yasama holatlarni tuzdilar, har bir oʻquvchidan esa koʻrsatilgan qor koʻchishi, zilzila, yongʻin, yaradorlik va h.k. holatlardan kelib chiqib kerakli harakatlarni bajarish talab etildi" dedi Kolesnikova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500