Karvonsaroy
Xavfsizlik

Terrorchilik xavfi kamayganiga qaramay, Oʻzbek hukumati hushyorlikni yoʻqotmayapti

Maksim Yeniseyev

Oʻzbekiston qurolli kuchlari Toshkent viloyatida mashgʻulot oʻtkazmoqdalar, 4-dekabr. [Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi]

Oʻzbekiston qurolli kuchlari Toshkent viloyatida mashgʻulot oʻtkazmoqdalar, 4-dekabr. [Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi]

TOSHKENT – Oʻzbekistonning ekstremizmning oldini olish va terrorchilikka qarshi qattiq kurash yo‘lidagi sa’y-harakatlari oʻz mevasini bermoqda, zero terrorchilik xavfi kamaygani natijasida aholi vakillari oʻzlarini xavfsiz his qilayotganlarini bildirmoqda.

Avstraliyaning Sidney shahrida joylashgan va terrorchilik tendensiyalari hamda modellarini oʻrganuvchi Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan tayyorlangan Global Terrorizm Indeksi - 2017 yillik hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonda terrorchilik xavfi kamaygan. Hisobot noyabrda e’lon qilindi.

Oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston "terrorchilik tahdidi eng kam" davlatlar qatoridan umuman "terrorchilik tahdidi yoʻq" boʻlgan davlatlar qatoriga oʻtdi.

Iqtisodiyot va tinchlik instituti 163 davlat uchun bir qancha jihatlarni hisobga olib va ularga terrorchilikning ta’sirini baholagan holda 130 oʻrindan iborat roʻyxatni e’lon qildi.

Oʻzbekiston bu roʻyxatda 125-oʻrinni egalladi. Yuqori boʻlgan raqamlar xavfsizroq davlatlarni anglatadi. Iroq va Afgʻoniston sharafsiz birinchi va ikkinchi oʻrinlarni egalladi.

Mamlakatda 2004-yildan beri birorta ham terrorchilik hujumi sodir etilmadi, ammo hukumat mudroq bosib oʻtirish niyatida emas.

Qoʻrquvni kamaytirish

Ma’lumotlar mavjud holatni aks ettirmoqda, deydi mahalliy kuzatuvchilar, zero Oʻzbekiston fuqarolari oʻzlarini xavfsiz his qilayotganlarini bildirmoqdalar.

"Nisbiy tahlil shuni koʻrsatmoqdaki, diniy ekstremizmdan xavfsirash darajasi 2017 yilda 64.1% ni tashkil qilmoqda", deyiladi 2017-yil 17-noyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan “Ijtimoiy Fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan e’lon qilingan soʻrovda.

"2015 va 2016-yillarda oʻtkazilgan soʻrovlardan ma’lum bo‘lishicha, so‘ralganlarning 80 va 85.8 foizi respublikada diniy ekstremizm xavfi bor deb hisoblagan", deya ushbu soʻrovdan iqtibos keltiradi "News of Uzbekistan" nashri.

Bu yil butun mamlakatning asosiy e’tibori mamlakatdagi iqtisodiy islohotlarga qaratilgan, dedi Toshkentlik siyosiy tahlilchi Umid Asatullayev.

Oʻzbek soʻmini erkin konvertasiyaga oʻtkazish va tadbirkorlikka erkinlik berish kabi "aholi hayot darajasiga bevosita ta’sir etuvchi masalalar" 2017-yilning asosiy yangiliklari boʻlib qoldi, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda. "Xavfsizlik masalalari keyingi o‘rinlarda qoldi".

Ekstremizm xavfi yoʻqolgani yoʻq

Oʻzbekistonda hayot osuda ekaniga qaramay, ekstremizm xavfi yoʻqolgani yoʻq, deyishmoqda kuzatuvchilar.

Toshkent militsiyasi (IIBB) tarqatgan xabarga koʻra, 20-noyabrdan 2-dekabrgacha davom etayotgan "Tozalash-antiterror" amaliyoti davomida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan Hizbut-Tahrir (HT) guruhining tarmogʻi faoliyati fosh etilgan.

Poytaxtdagi rasmiylar boshqalarni guruhga chorlashda ayblangan mazkur taqiqlangan ekstremistik guruh a’zosi Umida Uzoqovani hibsga oldilar, deya 27-noyabr kuni xabar tarqatdi IIBB.

"Biz surishtiruv ishlarini amalga oshirmoqdamiz. Tashkilotning faol a’zolari qoʻlga olinib, qamoqda saqlanmoqdalar", dedi Toshkent shahar IIBB rahbari Bahodir Qurbonov, Gazeta.uz nashri tarqatgan xabarga koʻra.

Rasmiylar yaqinda Toshkentda HTning yana bir uyasini fosh qildilar , ikki erkak va ikki ayol qoʻlga olindi, deb 11-dekabr kuni xabar tarqatdi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari. Militsiya tomonidan ularning yashash joylari tintuv qilinganda, taqiqlangan ekstremistik video va adabiyotlar, hamda HT gʻoyalari ifodalangan yozuvlar bo‘lgan elektron xotira qurilmalari topildi.

IIBB ma’lumotiga koʻra, bir nechta ekstremistlar hamon qidiruvda. Masalan, Goʻzal Toʻxtaxoʻjayeva 2009-yildan beri qidirilmoqda.

Hukumat uni davlatga qarshi jinoyatlarni amalga oshirishda va taqiqlangan tashkilot yaratish, unda a’zo boʻlish yoki uni boshqarishda ayblamoqda.

Profilaktika ishlari davom ettirilmoqda

Oʻzbek rasmiylari ekstremizm bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish ishlarini davom ettirmoqdalar va chet elda uzoq vaqt boʻlgan shaxslarga, jumladan migrant ishchilar orasidagi gumonlanuvchilarga asosiy e’tiborni qaratmoqdalar.

"Oʻtgan yillarda, turli xil sabablarga koʻra chet elda yashagan Oʻzbekiston fuqarolari terrorchilik gʻoyalari ta’siriga tushib, terrorchilar saflarini toʻldirmoqdalar", deyiladi 27-noyabr kuni tarqatilgan IIBB hisobotida.

"Uzoq muddat davomida mamkalatdan tashqarida yashagan shaxslar diniy tusdagi jinoyatlarni amalga oshirmoqdalar. Shu sababli, Tozalash-antiterror amaliyotining bir qismi sifatida shahardagi mahallalarda 10dan ortiq tarbiyaviy suhbatlar olib borildi", deyiladi hisobotda.

Diniy idoralar vakillari ishtirokidagi bu kabi uchrashuvlar Toshkent shahridagi 15 ta universitetda ham oʻtkazildi, deb xabar tarqatdi IIBB.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500