Karvonsaroy
Salomatlik

Tojik shifokorlari chegara yaqinidagi afg‘onlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqdalar

Nadin Bahrom

Tojikistonlik ginekolog Gulazor Otambekova (o‘ngda) sentabr oyida shifoxonadagi jarrohlik amaliyoti chog‘ida, Tojikistonning Badaxshon viloyati Shug‘non tumani. (Fotosurat Gulazor Otambekova izni bilan chop etilgan)

Tojikistonlik ginekolog Gulazor Otambekova (o‘ngda) sentabr oyida shifoxonadagi jarrohlik amaliyoti chog‘ida, Tojikistonning Badaxshon viloyati Shug‘non tumani. (Fotosurat Gulazor Otambekova izni bilan chop etilgan)

XORUG‘, Tojikiston – Tojik shiforkorlari ikki mamlakat o‘rtasidagi xayriya kelishuviga asosan Afg‘oniston chegarasining ikki tomonida afg‘on fuqarolariga tibbiy yordam ko‘rsatmoqdalar.

Kelishuv ikki davlatning Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan 2010-yilda imzolangan, unga asosan Badaxshon viloyatidagi afg‘onistonliklar Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida hamda Xatlon provinsiyasida bepul tibbiy yordam olishlari mumkin.

Loyiha Og‘a Xon taraqqiyot tarmog‘i (OXTT) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, ushbu xususiy tarmoq diqqat markazi Osiyo va Afrikaga qaratilgan dunyoviy taraqqiyot agentliklaridan tashkil topgan.

Shifokorlarning xabar berishlaricha, deyarli 1300 kilometrga cho‘zilgan Tojikiston bilan chegara yaqinidagi qishloqlarda istiqomat qiluvchi afg‘onlar uchun chegaradan o‘tib tibbiy yordam olish Afg‘oniston ichkarisiga borib kelishdan afzalroqdir.

Tez tibbiy yordam, tashxis, jarrohlik

Shoshilinch jarrohlik yordami talab etilgan holatlarda, masalan tug‘ruq asoratlari, ko‘p qon yo‘qotilishiga olib kelgan baxtsiz hodisalar va boshqa favqulodda tibbiy vaziyatlarda bemorlar Tojikiston chegarasini vizasiz kesib o‘tishlari mumkin va Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida tibbiy yordam olishlari mumkin, deydi OXTTdagi manba Karvonsaroy nashriga.

Loyiha daxlsizligini saqlash maqsadida o‘z ismini sir saqlashni so‘ragan manbaning aytishicha, Badaxshon viloyatining 99% aholisi na pasportga va na shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega, bunga sabab viloyatning chekka hududda joylashganligidir.

Ikki davlat o‘rtasida imzolangan bu kelishuv hujjatlar talab etiladigan holatlarni chetlab o‘tishga va Afg‘oniston fuqarolariga Tojikistonda osonlik bilan tez tibbiy yordamni olishlariga imkon beradi.

Manbaning xabar berichicha 2016-yilda 148 nafar afg‘nistonlik bemor Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida (TBMV), Xatlon provinsiyasida tibbiy yordam olgan. Shu davr mobaynida tojik shiforkorlar Afg‘onistonda 323 ta jarrohlik o‘tkazgan va 3326 ta bemorga yordam ko‘rsatishgan .

“Terapiya, oftalmologiya, ginekologiya, jarrohlik va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan shifokorlar 1-3 hafta davomida Afg‘onistonda bo‘lib, u yerda bemorlarga tashxis qo‘yish bilan mashg‘ul bo‘ladilar,” deydi manba. “Agar vaziyat imkon bersa, tekshiruvlardan so‘ng jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi yoki muolajalar belgilanadi.”

Shu bilan birga Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda OXTT 2012-yilda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi Xorug‘ viloyat kasalxonasi qoshida zamonaviy tashxis markazi barpo etdi.

Markaz tojik fuqarolari va Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati chegarasi bo‘ylab joylashgan Badaxshon provinsiyasidagi afg‘onlarga tashxis xizmatlarini ko‘rsatadi, deydi manba.

Afg‘onistondagi tojik shifokorlari

Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidan bo‘lgan ginekolog Gulazor Otambekova, Afg‘onistondagi OXTT klinikalarida boshqaruvchi bo‘lib ishlaydi. U Badaxshon provinsiyasidagi Darvoz va Shug‘non tumanlarida joylashgan klinikalardagi xizmatlar sifati uchun mas‘ul.

“Men Darvoz va Shug‘nondagi klinikalarga, zarur bo‘lsa, bir oyda bir necha marta boraman,” dedi u Karvonsaroy nashriga. “Biz mahalliy tibbiyot xodimlarga o‘qitish va qayta tayyorlash bilan bandmiz.”

Shifoxona sifati, jumladan shifokorlarning tez tibbiy yordam vaziyatlarini qay darajada uddalay olishlari, bemorlar bilan muomala, chaqaloqlarni dunyoga keltirish bilan bog‘liq holatlar va hokazolarni nazorat qilish uning vazifasiga kiradi.

Akusher-ginekolog Paymora Silmonova Badaxshon provinsiyasida joylashgan OXTT klinikasida 10 yildan buyon ishlab kelmoqda. U farzandini kesarcha kesish orqali dunyoga keltirgan ayollarga tibbiy yordam ko‘rsatishga mas’ul.

“Bizning asosiy maqsadimiz bir necha o‘n yillar davomida urush holatida bo‘lgan millatga yordam berish,” deydi u Karvonsaroy nashriga.

Shifoxona eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan, deydi u. Agar bemorni davolashda asoratlar yuzaga kelsa, shifokorlar Tojikistonnig Xorug‘ shahridagi hamkasblari bilan masofadan turib maslahatlashishlari mumkin.

Bu usul bemorni joyida davolash va uni tashish vaqtida salomatligiga ziyon yetkazishning oldini oladi, deydi u.

Afg‘onlarga yordam ko‘rsatish burchi

Bu tibbiy yordam, ayniqsa, Tolibonlar tomonidanshu yilning may-aprel oylarida Badaxshon provinsiyasining bir necha tumanlari egallab olingan vaqtdajuda asqotdi.

O‘sha paytda janglarda og‘ir jarohatlangan o‘n bir nafar afg‘on askari shifoxonaga yetkazilgan edi, deydi Tojikistonning Ishkashim tuman shifoxonasi bosh shifokori Parviz Borokov.

“O‘z mamlakatlarini himoya qilib, hayoti xavf ostida qolgan zobitlarga tezlik bilan jarrohlik yordamini ko‘rsatish zarur edi, vatanlarida ular tibbiy yordam ola olmasdilar,” dedi u Karvonsary nashriga. “Zobitlardan biri kasalxonada hayotdan ko‘z yumdi, qolgan 10 nafar harbiy to‘liq sog‘ayib o‘z yaqinlari bag‘riga qaytdi.”

Tojik shifokorlari va hamshiralari Afg‘onistonlik bemorlarga eng yaxshi yordamni ko‘rsatishga mas‘uliyat bilan yondashadilar, deydi u.

“Qo‘shnining uyi yonayotgan bo‘lsa, bunga jimgina qarab turmaysiz, zero olov sizning uyingizga ham o‘tishi mumkin, deydi Borokov. “Modomiki, bunga qodir ekanmiz, biz Afg‘onistonlik bemorlarga yordam berishimiz kerak va shunday qilamiz ham”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500