http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2017/12/20/feature-01
| Din

Minglab radikallashgan qozog‘istonliklar mo‘tadil Islomga “qaytmoqdalar”

Kseniya Bondal

Erkaklar Ostonadagi Nur-Ostona masjidi oldida, 22-yanvar. Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi (QMDI) bergan xabarga asosan, 2013-2017-yillarda 4967 nafar qozog‘istonlik ekstremizmni tark etib, an’anaviy Islomga qaytgan. (Kirill Kudryavtsev/AFP)

OLMAOTA – Qozog‘iston hukumati radikallashgan fuqarolarni mo’tadil islom g‘oyalariga qaytish va ekstremizmdan voz kechishga ko‘ndirish yo‘lidagi harakatlarni kuchaytirmoqda, deydi diniy arborlar.

Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining (QMDI) aytishicha, mo‘tadil Islomga “qaytgan”larning soni 2017-yilda 2016-yilga qaraganda 1,5 baravarga ortgan.

“Biz har yili bu boradagi ishlarni zamonaviylashtirishga harakat qilamiz,” deydi I-news.kz xabariga ko‘ra, Qozog‘istonning sobiq muftiysi Yerjan hoji Malgajuli Mayamerov o‘zining 2017-yilgi hisobotida. “Imomlarimiz ... ekstremist guruhlariga yollangan odamlar bilan uchrashib, ular bilan soatlab suhbatlashadilar. Sabr va mantiq bilan ularga tanlagan yo‘llari xato ekanligini tushuntiradilar.”

“Milliy Muftiyat rasmiylari halokatli oqimlarga a’zo bo‘lganlar bilan muntazam ravishda madaniy, diniy hamda sport tadbirlarini o‘tkazib turishadi,” deyiladi hisobotda.

Malgajo‘g‘lining so‘zlariga asosan, 2013-2017-yillar davomida 4967 nafar Qozog‘iston fuqarosi an’anaviy Islomga qaytgan. 2016-yilgi 533 nafarga taqqoslanganda, bu yil “qaytganlar” soni 940 kishini tashkil etdi.

2017-yilda Aqto‘be viloyatida an’anaviy islomga qaytganlar soni eng ko‘p - 308 nafarni tashkil etgan. Olmaota va Qarag‘anda viloyatlarida, “qaytganlar” mos ravishda 127 va 123 nafar kishini tashkil qildi.

Ogohlikni kuchaytirish

QMDI huzurida tashkil etilgan maxsus komissiya deradikalizatsiya tadbirlari doirasida adashganlar bilan alohida suhbatlar o‘tkazish orqali ogohlikni oshirish ustida ishlamoqda, dedi mamlakat bosh muftiysining maslahatchisi Davlet Alixanov Karvonsaroy nashriga.

Bu kabi reabilitatsiya ishlari qamoqxonalarda ekstremizm va terrorchilikda ayblangan fuqarolar bilan ham olib borilmoqda.

Maxsus qo‘mita a’zolari mahkumlar bilan uchrashib, ularga islomning asoslari va tamoyillarini tushuntimoqdalar va islomni tarqatishga katta hissa qo‘shgan yirik diniy peshvolar haqida so‘zlab bermoqdalar, dedi Alixanov.

Bu suhbatlar davomida imomlar Qur’ondan parchalar o‘qib beradilar, hadislardan iqtiboslar va dalillar keltiradilar, dedi u.

“Puxtalik bilan bajarilgan ishlar natijasida, mahbuslar adashganliklarini tushunib yetmoqdalar,” dedi u.

“Albatta, bu bir kunda bajariladigan ish emas, ularning mo‘tadil islomga qaytishiga oylab, ba’zida esa yillab vaqt talab etiladi,” dedi Alixanov. “Ba’zilar buzg‘unchi g‘oyalarga juda chuqur kirib ketishgan, ular bilan yanada kuchliroq ishlashimiz kerak, shu sabab ba’zida tushuntirish ishlari olib borish uchun bir nechta ulamolar kerak bo‘lmoqda.”

“Qayta zararlanish”ning oldini olish

Reabilitatsiyadan o‘tgan ekstremistlarning qaytadan ekstremizmga yollanishlarini oldini olish yana bir muhim masala hisoblanadi.

“Dindorlarni mo‘tadil islomga qaytarish bilan birga, ularning halokatli virusga qayta chalinishlariga yo‘l qo‘ymaslik ham muhim,” deydi Ostonalik ekstremizm bo‘yicha tahlilchi Alibek Kimanov Karvonsaroy nashriga.

Ekstremizm da’vatchilari radikal g‘oyalarni oqlash uchun yolg‘on sabablarni o‘ylab topayotganliklari tufayli “virus” doimiy ravishda o‘zgarib bormoqda, dedi u.

“Ijtimoiy nuqtai nazardan, ekstremistlarning dindorlarga qo‘llaydigan da’vat usullari naqadar puxta o‘ylangani ba’zida kishini lol qoldiradi,” dedi u.

Da’vatchilar “yashash unchalik muhim emasligi, undan ko‘ra halok bo‘lib, boshqalarni ham o‘lim domiga tortish yaxshiroq ekanligiga odamlarni qanday ishontirishni biladilar”.

Qozog‘iston ochiq davlat bo‘lib, unda internetga kirish imkoniyati keng, u orqali turli g‘oyalar tez tarqaladi, dedi Kimanov.

“Natijada, “davolangan” fuqarolarda kasallik qaytalashi mumkin,” dedi u. “Bu vaziyatda QMDI tomonidan doimiy ravishda o‘tkaziladigan tarbiyaviy ishlar immunitet vazifasini bajaradi.”

“Imomlar va ulamolar deradikalizatsiya ishlarini olib borish hamda dindorlar o‘rtasida ekstremizm tarqalishining oldini olish uchun mudom o‘z bilim darajalarini oshirib borishlari kerak,” deb qo‘shimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?
14
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha