Karvonsaroy
Salomatlik

Jahon Banki Qirg‘iziston qishloqlariga toza ichimlik suvi yetkazib bermoqchi

Jahon Banki

Chok qishlog‘idagi bolalar suvni kanaldan eshaklarga yuklab olib kelishlari uchun uch soatсha vaqt ketadi. (Jahon Banki guruhi)

Chok qishlog‘idagi bolalar suvni kanaldan eshaklarga yuklab olib kelishlari uchun uch soatсha vaqt ketadi. (Jahon Banki guruhi)

CHOK, Qirg‘iziston – Jahon Banki Qirg‘iziston hukumati bilan birgalikda mamlakatning chekka hududlarida joylashgan qishloqlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ustida ishlamoqda.

Xalqaro moliya instituti Qishloqlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariya holatini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun 59,5 million AQSH dollari (4,1 milliard qirg‘iz somi) ajratdi, loyiha O‘sh, Chuy va Issiqko‘l viloyatlarida joylashgan 90 ta qishloqni suv bilan ta’minlaydi va bundan 207 ming nafar mahalliy aholi bevosita manfaatdor bo‘ladi.

Loyiha qishloq aholisi, ayniqsa ayollar, yosh bolalar va himoyaga muhtoj boshqa aholi qatlamlarining turmush sharoitini yaxshilash hamda qishloq joylarda suv orqali turli kasalliklar tarqalishini kamaytirishga qaratilgan.

Ichimlik suvisiz hayot

Chok qishlog‘i Farg‘ona vodiysining Qirg‘izistonga qarashli chekka qismida joylashgan, bu yerlik odamlarning ko‘pchiligi Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun ketgan. Qishloqda qolgan aholi esa bug‘doy va paxta yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Farzandlarini zararli suvdan asrash maqsadida, Chokda yashovchi ota-onalar ularga qaynatilgan suvni butilkalarga solib berishadi. (Jahon Banki guruhi)

Farzandlarini zararli suvdan asrash maqsadida, Chokda yashovchi ota-onalar ularga qaynatilgan suvni butilkalarga solib berishadi. (Jahon Banki guruhi)

Sovet davrida, toza ichimlik suvi Qirg‘iziston qishloqlariga tirgak quvurlar orqali yetkazib berilgan. Ammo, Chok qishlog‘i sug‘orish kanallaridagi suvga qaram bo‘lib qolaverdi. Mahally aholining aytishicha, haddan tashqari sho‘r yer osti suvlari tufayli quduq qazish befoyda, adirlar sabab esa tog‘lardan toza suv uchun quvur yotqizish qiyin masala bo‘lib kelgan.

2017-yilda Chok qishlog‘idagi vaziyat 1987-yil yoki hatto 1957-yil bilan deyarli bir xil. Aholi qo‘shni qishloqdagi sug‘orish kanalidan yoki qishloq ko‘chalari bo‘ylab o‘tadigan ariqlardan suv oladi.

Ayollar va bolalar eng ko‘p aziyat chekmoqdalar

23 yoshli Gulkan to‘rt nafar farzandning onasi. Har kuni tongda u sug‘orish arig‘idan suv tashib keladi.

Kanal va ariqlardagi suv loyqa va aytishlaricha, uning tarkibida pestitsidlar bor, ammo ayollar unda idish va kirlarni yuvishadi, uni hatto yegulik tayyorlash uchun ham ishlatishadi.

“Men shu qishloqda tug‘ilib o‘sganman, toza ichimlik suvining yo‘qligi men uchun oddiy holat”, deydi Gulkan.

“Kutilmaganda mehmonlar kelib qolsa yoki uyda suv qolmasa, bolalarni o‘qishdan qoldirib, suv olib kelishga yuboraman”, dedi choklik Gulkanning qo‘shnisi Momun Hasekov.

Bu bolalar salomatligiga ham ta’sir qilmoqda.

Gulkanning ikki yashar o‘g‘li bir necha oylardan beri ichburug‘dan aziyat chekadi. “Bu ichadigan va qo‘limizni yuvadigan suv sababli bo‘lsa kerak”, deydi Gulkan.

Ertak haqiqatga aylanganda

Mahalliy qishloq yig‘ini raisi Taalaybek Tuyibayevning aytishicha, Jahon Banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Olatou Bulog‘i” nomli qishloqlardagi suv ta’minoti va sanitariya dasturi asosida, hukumat uy-joylarga toza ichimlik suvi yetkazib beradi.

Quvurlar tarmog‘i 30 km uzoqlikda, tog‘lar orasida boshlanadi hamda har bir xonadon o‘lchagichlar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

“Shubhasiz, qishlog‘imizga toza ichimlik suvi kelsa, ertak haqiqatga aylangandek bo‘lardi”, dedi Tuibayev qishloqqa tashrif buyurgan Jahon Banki jamoasiga.

(O‘z veb-sahifasida ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq, Jahon Banki guruhi ushbu maqoladan foydalanishga ruxsat beradi)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500