Karvonsaroy
Terrorizm

Tahlilchilar: Qirgʻiziston diniy arboblari rasmiylar bilan ekstremizm tahdidiga qarshi birgalikda kurashishlari lozim

Asker Sultanov

Qirgʻizistonlik musulmonlar Bishkek shahri markazida, Sovet davlati asoschisi Vladimir Lenin haykali oldida Ramazon oyi yakunlanganligi munosabati bilan hayit namozini oʻqimoqdalar, 25-iyun, 2017 yil. [Vyacheslav OSELEDKO / AFP]

Qirgʻizistonlik musulmonlar Bishkek shahri markazida, Sovet davlati asoschisi Vladimir Lenin haykali oldida Ramazon oyi yakunlanganligi munosabati bilan hayit namozini oʻqimoqdalar, 25-iyun, 2017 yil. [Vyacheslav OSELEDKO / AFP]

BISHKEK – Qirgʻiz hukumati ortib borayotgan radikullashuv tahdidini yoʻqotish uchun ichki muammolarga va mamlakatdagi islomning tutgan oʻrniga alohida e’tibor bermogʻi lozim, deydi ekspertlar.

Bir qator ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga yuz tutayotgan Markaziy Osiyo davlatlari Yaqin Sharqda magʻlubiyatga uchrayotgan va boshqa mintaqalarda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan “Islom davlati” (ID) ta’siri ostida ekstremizm oʻchogʻiga aylanishi mumkin.

Afgʻonistondagi BMT missiyasining Qirgʻizistonlik sobiq a’zosi va mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha mutaxassis Taalatbek Masadikovning ogohlantirishicha, avvallari Pokistonda joylashgan terrorchilarni tayyorlash lagerlari sekin-asta Afgʻonistonning shimoliy qismiga, Markaziy Osiyo chegarasiga yaqin yerga koʻchib oʻtmoqda.

“Bu degani, ertagayoq ushbu lagerlardagi jangarilar chegarani kesib oʻtib, Markaziy Osiyoga hujum qiladi degani emas", dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Ammo biz qoʻl qovushtirib oʻtirishimiz kerak emas. Qirgʻiz xavfsizlik xizmatlari vakillari xavfsizlikni qanday qilib ta’minlashni oʻylashlari lozim”.

“Terrorchilik katta balo va biz ushbu tahdidga qarshi birga kurashmogʻimiz lozim”, dedi Masadikov.

Islomiy ta’limni zamonaviylashtirish

“Radikallashuv tahdidi bevosita ijtimoiy adolatsizlik va iqtisodiy oqsoqlik hukm surayotgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi hal etilmagan ijtimoiy va siyosiy muammolarga uzviy bogʻliqdir”, dedi Bishkek shahridagi “Din, qonunchilik va siyosat” ilmiy tadqiqot markazi direktori Qodir Malikov Karvonsaroy bilan suhbatda.

Yoshlar urush davom etayotgan hududlardagi jangari guruhlarga “adolat va ish izlab” qoʻshilmoqda, dedi Malikov.

“Ularning koʻpchiligi u yerlarga din haqida yaxshi tushunchaga ega boʻlmagani sababli borib qolmoqda”, dedi u.

Hukumat islom dinining dunyoviy davlatdagi oʻrnini belgilab berishi va turli ijtimoiy qadriyatlarni birlashtirmogʻi lozim, deya fikrida davom etdi Malikov.

“Hukumat islomni jamiyatga singdirish boʻyicha qilgan harakatlariga urgʻu bermoqda; hukumatdagilar ma’lum bir strategiya va rejaviy hujjatlarni imzoladilar, ammo bularning barchasi qogʻozda qolmoqda”, dedi u. “Mahalliy maqomdagi rasmiylar dunyoda nimalar yuz berayotganidan mutlaqo bexabarlar”.

Davlat islomiy ta’lim tizimini yangilash masalasini hal etolmagani uchun hozirda diniy ishlar boʻyicha malakali xodimlarga ehtiyoj sezmoqda, dedi Malikov.

“Qirgʻizistonda hozirgi kundagi islomiy ta’lim darajasi 19-asr darajasida qotib qolib, 21-asr tahdidlariga qarshi turish borasidagi talablarga javob bermaydi”, dedi u. “Oddiy mulla hozir musulmon yoshlar beradigan savollarga javob berolmaydi – aniqrogʻi, uning bergan javoblari 18 yoki 19-asr kitoblaridan olingan ma’lumotlarga asoslangan bo‘ladi”.

Yana bir muammo, Qirgʻiziston rivojlantirish uchun islomning oʻz modeliga ega emasligi, dedi u. Mamlakatga malakali diniy soha vakillari va ulamolar kerak, sababi “Qirgʻizistondagi Islom ilmiy yondashuvga ehtiyoj sezmoqda”, dedi u.

Hukumat harakatlari davom etadi, yanada koʻproq mehnat talab etiladi

Qirgʻiz hukumati radikallashuv tahdidi mavjudligini tan oldi va ekstremistik gʻoyalarga qarshi kurashishda davom etmoqda .

Hukumat oʻz armiyasi va chegaradagi xavfsizlikni kuchaytirish, milliy chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish bilan bogʻliq muammolarni hal etish uchun navbatdagi qadamlarni qo‘ymog‘i lozim, dedi Karvonsaroy bilan suhbatda bishkeklik jamoat arbobi Adilet Baltabayev.

Bu kabi odimlar Qirgʻizistonning “mintaqaviy tashkilotlar va harbiy bloklardagi” nufuzini oshiradi, dedi u.

Bishkeklik siyosiy masalalar boʻyicha ekspert Bakit Baketayevning fikricha, Qirgʻiziston hukumati oʻzining mafkuraviy yoʻlini aniqlab olishi kerak.

“Bu xavfsizlikni ta’minlashda qoʻl keladi”, dedi u va qoʻshimcha qilib shunday dedi, “Bundan tashqari, Qirgʻiziston, milliy xavfsizligimizga ta’sir etuvchi yana bir omil, yani islomdagi turli xil firqalardan voz kechib, islomdagi yagona yoʻlni tanlashi kerak".

Xalqaro ekstremistik guruhlar oʻz ta’sirlarini Markaziy Osiyoga yoyishga intilishlari mumkin , deya tan oldi Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov 27-dekabr kuni Rossiyaning Izvestiya nashriga bergan intervyusida.

“Terrorchilik va diniy ekstremizmga qarshi faqat hamkor davlatlar bilan birgalikdagina samarali kurashish mumkin”, dedi Jeenbekov va bu masalada Qirgʻiziston “2017-2022 yillarga moʻljallangan, har bir fuqaroning, jamiyatning va davlatning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan davlat dasturini qabul qildi” deb qoʻshimcha qildi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500