Karvonsaroy
Iqtisodiyot

AQSH bilan savdo hajmining o‘sib borayotgani Oʻzbekistonga JST a’zoligi orzusini amalga oshirishga yordam beradi

Maksim Yeniseyev

AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha savdo vakili Mark Linskott (chapda) Oʻzbekiston Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov (oʻngda) bilan 14-dekabr kuni Toshkentdagi uchrashuv oldidan qoʻl berib ko‘rishmoqda. Uchrashuvda, shuningdek, AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Pamela Spratlen (oʻrtada) ham qatnashdi. (AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi)

AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha savdo vakili Mark Linskott (chapda) Oʻzbekiston Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov (oʻngda) bilan 14-dekabr kuni Toshkentdagi uchrashuv oldidan qoʻl berib ko‘rishmoqda. Uchrashuvda, shuningdek, AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Pamela Spratlen (oʻrtada) ham qatnashdi. (AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi)

TOSHKENT – AQSH bilan iqtisodiy hamkorlik Oʻzbekistonga oʻzining eksport salohiyatini yuzaga chiqarish hamda Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) qoʻshilish borasidagi 20-yillik orzusini amalga oshirishga yordam beradi, deb taxmin qilmoqda kuzatuvchilar.

“JSTga a’zolik Oʻzbekistonga yangi bozorlar va imkoniyatlarni ochishi, bu esa nihoyat SSSR qulagan vaqt, ya’ni 1991-yildan beri davom etib kelayotgan yakkalanish davriga barham berishi mumkin”, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda toshkentlik iqtisodchi Shukurullo Mavlonov. “AQSH kabi nufuzli davlatlarning yordami ushbu jarayonni sezilarli darajada osonlashtirishi mumkin”.

Oʻzbekistonning JSTga boʻlgan ehtimoliy a’zoligi yoʻlidagi harakat mintaqa uchun nisbatan kech hisoblanishi mumkin. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston allaqachon ushbu tashkilot a’zolari hisoblanadi.

Yakkalanishdan chiqib ketish

Oʻzbekiston 1994 yildan beri JSTga kirishga urinib kelmoqda, ammo uning uzoq muddat davlat rahbari boʻlgan Islom Karimov boshqaruvi davridagi yakkalanishdan iborat iqtisodiy siyosati mamlakatning tashkilot a’zoligiga qabul qilinishini ortga surgan.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun Karimov hukumati koʻp mahsulotlar uchun yuqori tariflarni ushlab turgan va milliy valyuta soʻmning konvertatsiyasini qattiq cheklab qoʻygan.

Bu kabi cheklovlar mamlakatning erkin savdoga asoslangan JSTga a’zoligini xomxayolga aylantirgan edi, dedi Mavlonov.

Karimov 2016 yilda olamdan oʻtdi.

“Xatolarni tuzatish uchun hali ancha ish qilishimiz lozim”, dedi Mavlonov. “ (AQSH kabi) rivojlangan davlatlarning koʻmagi juda ham zarur”.

AQSH bilan hamkorlik

AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha savdo vakili Mark Linskottning 14-dekabr kuni Toshkentga amalga oshirgan tashrifi AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanishda davom etayotganidan darak beradi.

Tashrif chogʻida Linskott Oʻzbekiston tashqi savdo vazirligi (TSV) rasmiylari bilan uchrashuv oʻtkazib, unda JSTga qoʻshilish va boshqa masalalarni muhokama qildi.

“AQSH delegatsiyasi Oʻzbekistonga JSTga qoʻshilish jarayonidagi texnik muammolarni hal etish boʻyicha oʻz yordamini ayamasligini bildirdi”, deyiladi 14-dekabr kungi TSV bayonotida.

Tomonlar “ushbu masalalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi xodimlari va AQSHning savdo vakolatxonasi ofisi bilan doimiy aloqa oʻrnatishga kelishib oldi”, deya qoʻshimcha qildi TSV.

Oʻz yordamini taklif qilgan yana bir davlat Janubiy Koreya boʻlib, u Oʻzbekiston bilan ancha rivojlangan iqtisodiy aloqalarni oʻrnatgan. Buning sabablaridan biri Oʻzbekistonda ko‘plab etnik koreyslarning yashayotganidir.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni iqtisodiy munosabatlarni muhokama qilish uchun Seulga qilgan safari chogʻida Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish niyati borligini rasman e'lon qilgandi.

Oʻsha kunning oʻzida, Mirziyoyev va Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jae-in Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish uchun qilayotgan harakati borasidagi hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Kelishuvga koʻra, Janubiy Koreya tomoni Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishining oqibatlarini baholashga va Oʻzbekiston qonunlarining JST talablariga qanchalik javob berishini oʻrganishda yordam beradi. Kelishuv, shuningdek, Janubiy Koreyaning oʻzbek vazirliklari va idoralariga maslahat va boshqa turdagi koʻmagini nazarda tutgan, deya Mirziyoyevning matbuot xizmatidan iqtibos keltirgan holda xabar berdi Gazeta.uz.

AQSH bilan yaxshilanib borayotgan savdo aloqalari

Sentabr oyida AQSH bilan iqtisodiy munosabatlar yangi choʻqqilarni zabt etdi.

Mirziyoyev boshqarib borgan Oʻzbekiston delegatsiyasi 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan AQSH-Oʻzbekiston biznes-forumida 2,6 milliard dollarga teng (20,9 trillion soʻm) shartnomalarni imzoladi.

Mirziyoyev forumni “koʻlami bo‘yicha beqiyos” deb atadi.

AQSH Savdo vazirligi xabariga koʻra, 2015-yilda Oʻzbekistonga qilingan eksport AQSHda 400 ishchi oʻrnini yaratdi. Savdo koʻlami kichik hajmlardan boshlangan boʻlsada, u anchayin tez rivojlanmoqda – AQSHning Oʻzbekistonga eksporti 2006 yildan 2016 yilgacha 490% oshdi.

2016-yilda ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmi 349 million dollarga (2,8 trillion soʻm) teng boʻldi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Dahshat

Javob berish