Karvonsaroy
Din

Islomiy jurnal Qirg‘iz yoshlarini radikallashuvdan uzoqlashtiradi

Asker Sultanov

2017-yil, 26-may kuni, Bishkek shahrida “Umma” islomiy jurnali va musulmon jamoasi “Ramazon: qalblar uchun bayram” nomli tadbirni o‘tkazishdi. “Umma” tahririyati Bishkek va O‘sh shaharlarida muntazam ravishda ijtimoiy, gumanitar va xayriya tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda, deydi “Umma” bosh muharriri Eliana Maryam Satarova Karvonsaroy nashriga. (Asker Sultanov)

2017-yil, 26-may kuni, Bishkek shahrida “Umma” islomiy jurnali va musulmon jamoasi “Ramazon: qalblar uchun bayram” nomli tadbirni o‘tkazishdi. “Umma” tahririyati Bishkek va O‘sh shaharlarida muntazam ravishda ijtimoiy, gumanitar va xayriya tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda, deydi “Umma” bosh muharriri Eliana Maryam Satarova Karvonsaroy nashriga. (Asker Sultanov)

BISHKEK – Uch yildan beri faoliyat olib borayotgan Qirg‘izistonning yagona musulmonlar jurnali hukumatga, ayniqsa, yoshlar orasida ekstremizmga qarshi kurashga ko‘maklashish bilan band, dedi nashr bosh muharriri Karvonsaroy nashriga.

“Umma” har chorakda ikki tilda – qirg‘iz va rus tillarida chiqariladi, adadi 3000 nusxaga teng.

Bosma nashrdan tashqari, u fikrlar, intervyular va boshqa materiallarni tarqatishda o‘zining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan foydalanadi.

Islom haqidagi va boshqa dinlardagi harakatlarga oid aniq ma’lumotlar, ayniqsa, rusiyzabon auditoriya uchun juda muhim, sababi ularda bunga o‘xshash boshqa nashrlar yo‘q va ular qirg‘iz tilidagi ma’ruzalarni tushunmaydilar, dedi nashr bosh muharrir Eliana Maryam Satarova.

“Nashrimiz uchun jurnalistlar, diniy arboblar, islom ulamolari va boshqa mutaxassislar maqolalar yozadi”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Jurnalni hamma o‘qishi mumkin, u yoshlar uchun intellektual platforma bo‘lib, unga iste’dodli va iqtidorli yoshlar ham o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin.”

“Biz yoshlar va oddiy qirg‘iz fuqarolari tushuna olishi uchun maqolalarni keng auditoriyaga moslashga harakat qilamiz”, dedi u.

Islomni o‘rgatish orqali radikallashuvga qarshi kurash

“Umma”ning 17000 dan ortiq onlayn obunachilari bor, deydi nashr jurnalistlaridan biri Aykol Balotbekova. Shu bilan birga, Facebook sahifasida chop etilgan har bir maqola 2000 dan 30000 martagacha o‘qiladi, dedi u.

“Nashrimiz ko‘p sonli oquvchilarga tezlik bilan axborot yetkaza olishiga umid qilamiz”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Shu sababli biz jamoatchilikning diniy bilimini oshirish uchun o‘z resurslarimizni qo‘llaymiz.”

Jurnal o‘z mushtariylariga Islomning huquqiy jihatlari haqida bilim beradi, deb qo‘shimcha qildi u.

“Ekstremizmning har qanday ko‘rinishi bilimning sustligidan kelib chiqadi”, dedi u. “Radikal inson dunyo haqida juda tor qarashga ega, biz faqat bilim berish orqali ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishimiz mumkin. Bizning jurnalist sifatidagi rolimiz imkon qadar ko‘proq o‘quvchilarga Islom haqida to‘g‘ri axborot berishdan iborat.”

Nashr o‘z o‘quvchilariga Islomni to‘g‘rilik va adolat nuqtai nazaridan yoritib beradi, dedi bishkeklik mushtariylardan biri Samat Borombayev.

“Asosiy maqsad – Islom bunyodkorlik ruhini olqishlashini o‘quvchilarga yetkazib berish”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Jurnal Islomning turli mafkuralardan xoli bo‘lgan asoslariga qaytishga chaqiradi. “Umma” ekstremizm va terrorizmga qarshi axborot kurashini olib borayotganidan mamnunman.”

Ogohlikni oshirish

Adolatsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy holatdan norozilik va ba’zida ruhiy muammolar radikallashuvga olib keladi, ammo asosiy muammo diniy bilimning yetishmasligidir, dedi Satarova.

“Mustahkam diniy asosga ega bo‘lmagan yoshlar turli radikal guruhlar uchun qurolga aylanadi”, dedi u. “Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oilasida diniy amallarni ko‘rmay katta bo‘lgan yoshlar ham osonlik bilan radikal g‘oyalar qurboniga aylanadilar.”

Qirg‘izistonlik ota-onalarning aksariyati farzandlariga diniy ta’lim berish uchun yetarli bilimga ega emas, “yoshlar axborotni internetdan olishadi, shu sababli biz xalqqa diniy ta’lim berishni muhim deb bilamiz”, dedi Balotbekova.

“Umma jurnali yoshlarni birlashtirish va o‘z salohiyatlarini anglashga qaratilgan ijtimoiy, gumanitar va xayriya tadbirlarini Bishkek va O‘shda muntazam ravishda o‘tkazib keladi”, dedi Satarova.

“Mutaxassislar, ilm ahllari va kollej o‘quvchilari ishtirokida munozara klublarini o‘tkazamiz. Biz televideniyeda ma’naviy va oilaviy qadriyatlar haqida ijtimoiy ko‘rsatuvlarni berib turamiz.”

Islomning asl qadriyatlarini targ‘ib qilish

“Umma” jurnali “yoshlarga ta’lim berish, radikalizmga qarshi kurash va diniy qadriyatlarni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shmoqda”, deydi Chuy viloyati militsiyasining katta tergovchisi Denis Pishkin Karvonsaroy nashriga.

Jurnal asosiy ta’lim berish vazifasini to‘liq bajarmoqda, dedi bishkeklik ayollar faoli va “Yashasin Qirg‘iziston” partiyasi yetakchisi Toktayim Umetaliyeva.

“Barcha yoshlar internetga kirib ilm oladi”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Ammo aholining ayrim qatlamlari internetdan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Diniy ta’lim berish va radikallashuvning oldini olish kabi maqsadli siyosatni olib boruvchi “Umma”ga o‘xshash jurnallar hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.”

“Umma” nashri “muhim, chunki u Islomning asl mohiyatini yetkazib beradi”, dedi u.

“Jurnal jamiyatda ixtiloflarning yuzaga kelishiga va ekstremistik mulohazalarga asos bo‘ladigan noto‘g‘ri qarashlardan jamoatchilikni uzoqlashtiradi” dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500