2018-01-16 | Xavfsizlik

Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya tajovuzi oldida “eng zaif” davlatlardir

Karvonsaroy

Vladimir Putin hukumati butun dunyo bo‘ylab demokratiya va qonun ustuvorligini shafqatsizlik bilan vayron qilishga kirishgan va bundan, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlari xavf ostida qolmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (o‘ngda) Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan 2017-yil, 27-dekabr kuni Moskvada, Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida. “Rossiya faqat hujjatlarda bizning strategik hamkorimiz”, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi Ruslan Jangaziy Karvonsaroy nashriga. “Aslida esa, Kreml biz bilan do‘stona munosabatda emas.” (Aleksander Nemenov/AFP)

VASHINGTON – Sobiq sovet ittifoqidagi Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan –Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston – Rossiya tajovuzi va manipulyatsiyasi oldida zaifligicha qolmoqda, deyiladi AQSH senatining 10-yanvar kuni e’lon qilingan hisobotida.

“(Rossiya prezidenti Vladimir) Putin, ayniqsa, Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan muvaffaqiyatli demokratik davlatlarni o‘z rejimiga tahdid sifatida ko‘radi, sababi bu davlatlar uning korrupsiyalashgan va jinoiy hukmronligi oldida jozibador ko‘rinadi”, deyiladi hisobotda.

“Shaffof hukumat, qonun ustuvorligi, erkin OAV va fuqarolar ishtiroki bo‘lgan demokratik mamlakatlar, tabiiyki, korrupsiyaning Rossiya chegaralari osha tarqalishiga bardoshli bo‘lib, Putin va u tanlagan elitaning yanada boyishini cheklaydi”, deyiladi hisobotda.

Shu sababli Moskva dunyo bo‘ylab “demokratiya va qonun ustuvorligiga putur yetkazish yo‘lida ayovsiz harakat boshlagan”, deyiladi hisobotda.

“Janob Putin boshchiligidagi Kreml harbiy va kiberhujumlar, yolg‘on xabarlar tarqatish, panadagi siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlash, energiya resurlslaridan qurol sifatida foydalanish, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya kabi nosimmetrik qurol zahirasidan foydalanmoqda.”

“Shu bilan birgalikda (Putin), xavfsizlik xizmatlariga vakolatlar berdi va bundan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarni o‘z qo‘li ostida ushlash uchun foydalandi, bu bilan o‘zini va o‘z atrofidagi tarafdorlarini nihoyatda boyitdi”, deyiladi hisobotda.

Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Putinga tegishli ichki xalqa a’zolari davlatni o‘marish orqali 24 milliard AQSH dollariga yaqin mablag‘ to‘plagan.

Soxta ittifoqdosh

“Rossiya faqat hujjatlarda bizning strategik hamkorimiz”, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi Ruslan Jangaziy Karvonsaroy nashriga.

“Aslida esa, biz ba’zida Kremlning do‘stona bo‘lmagan munosabatiga duch kelamiz”, deydi u. “Bizga nisbatan informatsion tajovuz siyosati, savdo va tarif urushlari, shu bilan birga, Boyg‘ong‘ir kosmodromidan qo‘pollik bilan foydalanish buning tasdig‘idir.”

“Rossiya hududida to‘rtta “nizo sahnasi” mavjud bo‘lib, bular: Sharqiy Yevropa (Ukraina), Janubiy Kavkaz (Gruziya), Markaziy Osiyo (Qozog‘iston) va Sharqiy Osiyo (Yaponiya)” deydi Jangaziy. “Bularning ikkitasida – Ukraina va Gruziyada Rossiya harbiy kuchlarni qo‘lladi. Shimoliy Qozog‘iston va Kuril orollari qolmoqda, so‘nggisi masalasida u Yaponiya bilan talashmoqda.”

Harbiy nizolar davrida, “Rossiya aholisi Putin atrofida mitinglar uyushtiradi va ruslar yuqori safarbarlik potensialini namoyish etadilar, bundan esa Kreml ichki siyosiy dasturlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanadi”, dedi u.

“Rossiyaning harbiy va siyosiy yetakchiligi “Anakonda strategiyasi” geosiyosiy tushunchasi bilan mustahkamlangan, bunda AQSH va NATO Rossiya atrofida dushman davlatlar belbog‘ini tashkil qiladi”, dedi Jangaziy.

Rossiya sobiq Sovet ittifoqi davlatlarida, Ukraina va Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi, “rangli inqiloblar” ro‘y berishidan xavfsiraydi.

Bunday voqealarning oldini olish uchun, Putin va Kreml Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarolik jamiyatlarini qamrab olishga intilib, Davlat tomonidan tashkillashtirilgan va davlat tomonidan boshqariladigan nodavlat tashkilotlarining (GONGO) yaratilishi va ularning faoliyati uchun katta mablag‘ ajratdi.

“Rossiya chegaradosh va undan tashqarida joylashgan davlatlardagi GONGOlar uchun juda katta mablag‘ sarflaydi”, bu yerlarda Rossiyalik operativ xodimlar “o‘z ta’sir doiralarini kengaytirish uchun fuqarolik jamiyatidagi ishchi bo‘shliqlardan unumli foydalanmoqdalar”, deyiladi hisobotda keltirilgan mutaxassis iqtibosida.

Misol uchun, Rossiya hukumati 2006-yilda Rossiyalik vatandoshlarning butunjahon muvofiqlashtiruvchi kengashini tashkil qildi, bu kengash chet eldagi rus tashkilotlarining faoliyatini va Kreml bilan aloqalarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Kreml tashviqoti

Kreml tashviqoti Rossiya ichkarisida rejimni madh qilish bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda mahalliy noroziliklar va shikoyatlardan foydalanishga urinadi.

Ayniqsa, Kremlning yolg‘on xabar tarqatish operatsiyalari xorijiy auditoriyani Rossiya nuqtai nazari to‘g‘ri ekanligiga ishonirishga harakat qilmaydi.

Buning o‘rniga, ular Rossiyaning obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bugungi va tarixiy hodisalarni o‘zgartiradi va buzib ko‘rsatadi, Rossiyaning ichki va xorijdagi munosabatlarga oid xalqaro kelishuvni buzgan holda, Rossiyani mas’uliyatli va tengi yo‘q global kuch sifatida ifodalaydi.

Sputnik va RT nashrlari Markaziy Osiyoda keng tarqalgan bo‘lib, Kremlning yolg‘on xabar tarqatish va tashviqot olib borish uchun ikki asosiy platformasidir.

RAND korporatsiyasining 2016-yilgi tadqiqotiga ko‘ra, RT va Sputnik nashrlari – “garchi ularning formati an’anaviy yangiliklar dasturi ko‘rinishida bo‘lsa-da, haqiqiy jurnalistikadan ko‘ra, ko‘proq axborot-ko‘ngilochar va dezinfomatsion faoliyat qorishmasiga o‘xshaydi”.

Rossiya ommaviy axborot vositalari Kremlga maqbul manzarani yaratish uchun aktyorlar bilan soxta intervyular uyushtirishgacha bordi.

“Qozog‘istonning shimoliy va sharqiy viloyatlari Kremlning axborot ta’siri ostida”, dedi Jangaziy. “O‘tgan yili Axborot va aloqa vaziri (Davron Abayev) mamlakatimizning 1,5 millionga yaqin fuqarosi mahalliy TV kanallar ko‘rsatuvlari berilmaydigan sun‘iy yo‘ldosh televideniyesini tomosha qilishini aytgandi.”

(Ushbu maqolani tayyorlashga Olmaotadan Arman Kaliyev o‘z hissasini qo‘shgan.)

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 840

Fikrlar

* Majburiy
Captcha

30 ta fikr…

Нугман | 2018-02-17

Biz oddiy fuqarolarda urushishga arzigulik hech vaqo yo‘q, Xudo asrasin, agar urush boshlansa, ularning hammasi xotin-bolalarini olib qochib ketishadi, tamom-vassalom. Biz bo‘lsa, so‘nggi nafasimizga qadar o‘z yerimizda qolamiz.

[email protected] | 2018-02-17

MOSKVA – B O L S H E V I Z M QO‘RG‘ONI

Балтабай | 2018-02-07

Millatchilar javob berishga qo‘rqadilar. Yozilganlarga izoh ham qoldirishmaydi. Qani sizdagi demokratiya, Putinparast bo‘htonchilar?

людмила | 2018-02-07

Bu - munosabatlarga tor doirada, millatchilik ruhidagi qarash, g‘irt yolg‘on. O‘zingiz o‘tirgan shoxni arralayapsiz.

федор | 2018-02-06

uydirma

Узбек | 2018-02-06

Kelinglar, do‘st bo‘lib yashaylik!!!

Арман | 2018-02-03

Buning buyurtma maqola ekanligi aniq. Men Qustanay viloyatida yashayman va bizda ruslar bilan emas, kekkaygan janubliklar va dangasa oralmanlar (qaytib kelgan qozoqlar) bilan muammo bor. Tibbiyot, ta’lim sohalari o‘lib yotibdi, korrupsiya va tanish-bilishchilik esa gullab-yashnayapti. Nega bu haqda yozmaysizlar? Bunga Rossiya aybdorligi va OAV orqali tashviqot olib borayotgani haqida yozinglar.

Александр | 2018-02-01

Bu maqola uchun Davlat departamenti pul to‘lagan... Respublikalardan so‘rash kerak, balki ularga yankilar bilan bo‘lish qulayroqdir ...51

Murat T. | 2018-01-30

Muallif, bu anchadan beri ma’lum bo‘lgan narsa. “Ruslarga zinhor inshonmang”. Zamonaviy Rossiya Gitler vaqtidagi Germaniyani eslatadi, lekin u boshqacharoq shaklda. Bunday qo‘shni bilan dushmanning ham keragi yo‘q. Rossiyaning jinoiy rejimi faqat Qozog‘iston uchungina xavfli emas. Gruziya va Ukraina buni yaxshi biladi. Nazarboyev va Tramp strategik hamkorlik haqida va Qozog‘iston AQSHning Markaziy Osiyodagi yaqin do‘sti ekanligi haqida nimadir degandilar. Har qanday sharoitda Qozog‘iston uchun bu qo‘l keladi. Qo‘shnilar juda notinch, biri shimoldan, yana biri sharqdan.

Рашид | 2018-02-16

Nima bo‘lganda ham, Rossiya Xitoydan yaxshi. Biz Rossiya bilan doim birga yurganmiz. Xitoyning hamma ish uchun o‘z rejasi bor va bu rejada Qozog‘istondagi oddiy xalq uchun joy yo‘q. Biz bor-yo‘g‘i 15-16 million bo‘lsak, bu dengizdan bir tomchi-ku.

Kz | 2018-01-28

Maqola muallifi amerikacha nuqtayi nazarni targ‘ib qilyapti, bu yaqqol ko‘rinib turibdi, qandaydir uydirma to‘rtta “nizo teatri” va hokazolar, olmaotalik bu yigitga okean ortidagi “do‘stlari” shu maqolani yozishga buyurtma bergandek tasavvur paydo bo‘lmoqda.

FfgVvg | 2018-01-25

O‘z vijdoni va xalqini g‘arbga, aniqrog‘i AQSHga sotgan sotqinlar

Elzhas | 2018-01-24

Maqola o‘rinli yozilgan, hammasi to‘g‘ri. Rossiya Qozog‘istonga do‘st emas. 2012-yilda va hozirgi vaqtda bo‘lgani kabi Markaziy Osiyo ustidan nazorat yo‘qotilishi sababli imperial kibr va qasos olishga urinish. Rossiya bilan “iqtisodiy ittifoqlar”ning Qozog‘istonga umuman foydasi yo‘q. Jahon savdo tashkilotini takrorlashdan ne naf? Qozog‘iston Turkiya, Yevropa, AQSH va boshqa rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik qilishi kerak. Ulardan o‘rgansa bo‘ladigan ijobiy taraflari ko‘p. Rossiya fashizm, bosqinchilik va insoniyat uchun ko‘p yomonliklar deganidir.

Ali | 2018-01-27

Ha, birodar, ana endi haqiqiy qozoqqa o‘xshayapsan! Men o‘zbekman va seni qo‘llab-quvvatlayman, birodarim. Qozog‘iston Rossiyadan uzoqlashgani ma‘qul, lekin ularni dushman tutmaslik kerak ))) Kreml xuddi Ukrainada bo‘lgani kabi, Qozog‘istonning shimoliy hududlariga istalgan vaqtda bostirib kirishi mumkin. Achtung!!!

[email protected] | 2018-02-17

Achtung! Achtung! Achtung! (nemis tilida “diqqat”) T A X T D A yana bitta “rus yerlarini yig‘uvchi”

Михаил | 2018-01-23

Nazarimda, bu maqola Qozog‘istonda yashayotganlar orasida etnik nafrat uyg‘otish uchun yozilgandek. U AQSH davlat departamentining Rossiyaga qarshi barcha shiorlarini o‘zida jamlagan va ularda birorta aniq ma’lumot yo‘q. Nimaga Putin qarshi bo‘lgan “rangli inqiloblarni” yodga olishgan? Jangaziy va uning atrofidagilarga shu kerakmi? Nimaga go‘yoki Putin bilan bir safda turuvchilar o‘g‘irlagan 24 milliard tilga olingan? Qozog‘istonda shu kabi qo‘li egrilar yo‘qmi? Qozog‘istonga qarshi axborot agressiyasi nima uchun kerak? Buni tushuntirib bering? Rossiya “Baykonur kosmodromidan qo‘pol” foydalanmoqda deganda nimani tushunish kerak? Jangaziy tomonidan yozilgan bu maqola, undagi hamma fikrlar Rossiyaga, Qozog‘istonga va bizning prezidentimizga qarshi qaratilgan. Bular mening fikrlarim va menimcha, Qozog‘istondagi ko‘pchilik FUQAROLAR shunday fikrda bo‘lsalar kerak.

полина | 2018-01-28

Gaplaringizga to‘liq qo‘shilaman

Думан | 2018-01-28

Jangaziy 100 foiz haq. Putinning Rossiyasi Qozog‘iston uchun xavfli, bizning rasmiylarimiz kech bo‘lmasidan avval, bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari lozim!!!

Балтабай | 2018-02-03

Sen Duman emas, durmansan! Yankilar qizil tanlilarni nima qilishganini unutdingmi? Ular (amerikaliklar) bor joyda qon va o‘limdan boshqa narsa yo‘q. Gruziya, Ukraina.. kamlik qildimi senga? Qozog‘istonda ham qonli mojaro chiqarishlarini xohlaysanmi? Bu ishga sen ham, o‘sha amerikalik xudosizlar ham qodir emas. Dono prezident N.Nazarbayev ko‘p millatli Qozog‘iston zaminida terrorchilar yo‘q qilinishini isbotlab bo‘ldi!

Ахаев Алмас | 2018-01-19

G‘azabdaman. Millatlararo nafratni qo‘zg‘ash bu. Gap mening qarshi yoki tarafdor ekanimda emas. Qozog‘istonda yashayotgan rusiyzabon aholini o‘ylayapsizmi? Rossiyadagi qozoqlarnichi? Bu G‘arbning olib borayotgan targ‘iboti bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Ular tushlarida ham Qozog‘istonda maydan (inqilob), urush va vayronagarchiliklarni ko‘rishsa kerak.

Балтабай | 2018-01-18

Bu maqola millatchi-shizofrenik tomonidan yozilgani aniq. Men bunday ahmoqona va isbotsiz yozilgan gaplarni, hatto ukrainailik bangilarda ham uchratmaganman. Muallif uydirmalardan foydalanib, urush keltirib chiqarmoqchi.

Tom | 2018-01-18

Qozog‘iston AQSH, Turkiya va Yevropa Ittifoqining kuchli siyosiy yordamiga muhtoj.

Балтабай | 2018-01-23

Ukrainaga allaqachon “kuchli yordam” berib bo‘lishdi. U yerdagi odamlar uchun mamlakat ham, tuzuk hayot ham qolmagan. Davlat to‘ntarishi uyushtirgan yankilar va geyropaliklar esa ukrainlarning qoni ustida pul ishlayapti.

лео | 2018-01-23

Bo‘lmagan gap

Tom | 2018-01-25

Boltaboy, ismingni haqiqiysiga o‘zgartir. Nega fashist-vatniklar o‘zlarini qozoqlarday qilib ko‘rsatib, qozoqcha ismlar bilan yozarkin? Safsatangni o‘zingni ruscha saytlaringda yozasan, bu yerda aroq yo‘q! Yolg‘on targ‘ibotingni yosh fashistlar qulog‘iga ilasan.

Жюльен | 2018-01-27

Rahmat, yana bir bor rahmat, Donald Jonatovich!!! Juda hayratda qoldirdingiz! Albatta, siz, ma’naviyatsiz yankilar, Markaziy Osiyo aholisini telba yovvoyilar deb o‘ylaysiz, ammo siz uchun achchiq bo‘lsa-da, biz dono xalqmiz va donni somondan ajrata olamiz. Gud bay, Amerika!

Baltabaj | 2018-01-29

Millatchilar – fashistlar. Endi tushungandirsiz, Tom? Siz qayerda bo‘lsangiz, o‘sha yerda qon to‘kilishi, urush va vayronagarchiliklar yuz beradi. Siz Tom emassiz, siz Chippolinosiz!

Sayat | 2018-02-01

Boltaboy, siz qozoq emassiz-a :) Siz rusparast-fashistlar internetda o‘zini ba’zida qozoq, ba’zida ukrainalik qilib ko‘rsatishni urf qilib oldingiz. Ammo yozganlaringizdan sassiq rusparatlarning hidi anqib turishi sizni sotib qo‘ydi! Qozoqlar va ukrainaliklarning gapirishi, yozishi rusparastlarnikidan ajralib turadi. Faqat manqurtlar rusparaslarga o‘xshaydi. Yolg‘oningiz fosh bo‘ldi, o‘zingizni qozoqqa solmang. Ta’zirini yemagan rusparastlar qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda urush, poraxo‘rlik, vayrongarchilik, siyosiy buyurtma qotilliklar, adolatsiz qonuniy tizim, oligarxat, yaltoqlanish, qarindosh-uruqchilik, qonunlar faqat tanlanganlar uchun bo‘lib qolganlar yomon hayot yashaydilar va h.k.! Buni zamonaviy dunyoda hamma biladi! Shaytonlar!

Ара | 2018-02-16

Yigitlar, do‘st bo‘lib yashaylik, dushmanlik, urushlar, inqiloblar hech qachon foyda olib kelmagan, bularning barchasi avantyurachilarning ishi, oddiy xalqqa hech nima kerak emas, ularning bo‘lishadigan narsasi yo‘q. Biror kor-hol yuz bersa, boylar darrov chet elga qochib ketishadi.

[email protected] | 2018-02-17

Yuqoriga qara, (agar ko‘r bo‘lmasang) ko‘rasan: Liliput allaqachon to‘xtagan. Nimani umid qilyapsiz va nima kutyapsiz? O‘ylab ko‘ring...

Asosiy maqola
2018-02-07 | Energiya

CASA-1000 mintaqaviy elektr uzatish tarmog‘ining qurilishi shu yil boshlanishi kutilmoqda

Loyihaning maqsadi yoz oylari davomida Qirg‘iziston va Tojikistonning ortiqcha elektr energiyasini Afg‘oniston va Pokistonga yetkazib berishdir.

So‘rovnoma

AQSHning mamlakatingiz iqtisodiyotiga yordam berishga oid sa’y-harakatlari qanchalik samarali?

Natijalarni ko‘rish