Karvonsaroy
Transport

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi avtobus qatnovlari biznes va oilaviy aloqalar uchun imkoniyatlar eshigini ochmoqda

Aleksander Bogatik

Taraz - Chimkent - Toshkent trassasi, 10-yanvar. Qozog‘iston va O‘zbekiston yanada mustahkam aloqalar belgisi o‘laroq, 2018-yilda muntazam avtobus qatnovlari sonini ko‘paytirmoqchi. (Aleksander Bogatik)

Taraz - Chimkent - Toshkent trassasi, 10-yanvar. Qozog‘iston va O‘zbekiston yanada mustahkam aloqalar belgisi o‘laroq, 2018-yilda muntazam avtobus qatnovlari sonini ko‘paytirmoqchi. (Aleksander Bogatik)

OSTONA – Qozog‘iston investitsiyalar va taraqqiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston 17 yillik tanaffusdan so‘ng, yangi chegaralararo avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘ymoqda.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi avtobus aloqasi 2000-yilda noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtatilgan edi. O‘sha vaqtda ikki o‘rtadagi munosabatlar abgor ahvolda, iqtisodiy aloqalar esa sust edi.

Shu paytgacha avtobuslar ikki tarafdan faqat chegaragacha qatnar edi. Yo‘lovchilar pasport va bojxona nazoratidan o‘tish uchun avtobusdan tushib qolib, chegaraning narigi tomonigacha borishi va boshqa avtobusni kutishga majbur edilar.

Endi esa noqulayliklar davri o‘z nihoyasiga yetayotgan ko‘rinadi.

Investitsiyalar va taraqqiyot vazirligining 9-yanvar kungi bayonotida aytilishicha, “2018-yil davomida ikki mamlakatning yirik shaharlari orasida muntazam avtobus qatnovlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi”.

5-yanvar kuni Qozog‘istonning Chimkent va O‘zbekistonning Toshkent shaharlarini bog‘lovchi 145 kilometrlik marshrut ishga tushirildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning KazNetworkBus va O‘zbekistonning Manzara Tourism kompaniyalari ushbu yo‘nalish tashuvchilari hisoblanadi.

Avtobuslar ertalab soat 6 dan kechki 8 gacha har soatda qatnaydi.

“Har kuni 15 ta qatnov amalga oshiriladi” - dedi Karvonsaroyga Janubiy Qozog‘iston viloyatining yo‘lovchi transporti departamenti rahbari Nurlan Baygut. “Yo‘lovchilar tezlashtirilgan tartibda chegara nazoratidan o‘tadilar.”

Yangi qatnovlar oilaviy aloqalarni mustahkamlashga imkon bermoqda

“Safar 3 soat davom etadi” - deydi ilk yo‘lovchildardan biri, toshkentlik Rustam Saidov Karvonsaroy bilan suhbatda.

U endilikda bordi-keldi osonlashgach, chegaradagi rasmiyatchiliklar va sirpanchiq yo‘llarga qaramay, qarindoshlari bilan tez-tez ko‘rishib tura olishiga umid bildirdi.

“Avvallari oilaviy bordi-keldilarni qiyinlashtiradigan muammolar ko‘p edi – biz bir transportdan boshqasiga o‘tirib, turli xizmatlar uchun haq to‘lashga majbur edik”, dedi u.

“Endi qarindoshlarni ziyorat qilish ancha osonlashdi” dedi u.

Ushbu yo‘nalishning boshqa bir yo‘lovchisi, Toshkent viloyatidan bo‘lgan Farhod Berdiyev yo‘lovchilar uchun chegara rasmiyatchiliklari ancha qisqargani, taxminan 15-20 minut vaqt olganini aytdi.

Berdiyev asli o‘zbekistonlik bo‘lib, Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi korxonada ishlaydi va tabiiyki, o‘z oilasini ko‘rish uchun chegarani kesib o‘tishi kerak.

Qozog‘istonning Taraz shahridan bo‘lgan Saule Bayangaliyeva esa Toshkentdagi do‘stlarini ko‘rib kelish uchun Chimkentdan qatnovchi avtobuslardan biriga o‘tirgan.

“Chipta narxi 3 ming tenge (9,12 dollar)” dedi u Karvonsaroyga. “O‘ylaymanki, bu narx hamyonbop. Talab katta, yo‘lovchilar ko‘p. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov yo‘lga qo‘yilganidan minnatdormiz”.

U O‘zbekistonga qatnovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobuslar kelajakda Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi Taraz shahrida ham paydo bo‘lishiga umid qilmoqda.

Yirik shaharlarni bog‘lovchi yangi yo‘nalishlar

Investitsiyalar va taraqqiyot vazirining so‘zlariga qaraganda, Bayangaliyevaning umidlari shu yili amalga oshadigan ko‘rinadi.

Vazirlikka ko‘ra, shu yilning o‘zida Qozog‘iston va O‘zbekiston shaharlarini bog‘lovchi boshqa avtobus yo‘nalishlari ochilishi kutilmoqda.

Ikki mamlakatning o‘zaro iqtisodiy aloqalarini inobatga olganda, bunday yo‘nalishlar – muhim, deydi iqtisodchilar.

“Qozog‘istonda 800 ga yaqin o‘zbek kompaniyalari faoliyat yuritadi, O‘zbekistonda esa 200 ta qozoq kompaniyasi bor”, dedi Karvonsaroy bilan suhbatda “Shimkent-Invest” konsalting kompaniyasi iqtisodchisi Vladislav Morozov. “Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi oshib bormoqda va yiliga 2 milliard dollarni tashkil etmoqda, biroq iqtisodiy aloqalar salohiyati bundan ancha yuqori.”

Bundan tashqari, chegaralar ortida O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolarining do‘stlari, oilalari bor, deydi u.

“Umid qilamizki, tez orada O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro shaharlarini bilan, shuningdek Qozog‘istonning Chimkent, Taraz va Olmaota shaharlari bilan bog‘lovchi avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi” - dedi Morozov.

Sohadagi rivojlanish boshqa transport turlarida ham o‘z aksini topmoqda.

Morozovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Olmaota va Toshkent hamda Ostona va Samarqand o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yo‘lovchi poyezdi qatnovlari ancha ommalashgan.

Bu orada, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, Olmaota va Toshkent o‘rtasida uzluksiz aviareyslarni yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500