http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/01/22/feature-02
| Din

O‘zbekiston kelajakda Islom madaniyati markaziga aylanishi mumkin

Maksim Yeniseyev

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov 8-yanvar kuni, Toshkentda Qur’on musobaqasi ishtirokchilarini qutlamoqda. (O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi)

TOSHKENT – O‘zbekiston yoshlar orasida ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlar doirasida Islom madaniyati va ta’limi markazi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashga intilmoqda.

O‘tgan oyda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar orasida radikallashuvning oldini olish maqsadida oqsoqollar, mahallalar, militsiya inspektorlari, imom-xatiblar va diniy ta’lim maslahatchilarini “hamkorlikda ishlashga” chaqirdi.

1news.uz nashrining xabar berishicha, “Biz mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni har qanday yo‘l bilan mustahkamlashimiz va xavfsizlikka bo‘lgan turli tahdidlarga qarshi kurashishimiz zarur”, dedi prezident 23-dekabr kuni parlamentga murojaatnomasida.

Talabalar 25-dekabr kuni buyuk Islom olimi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga hujjatlarni topshirmoqdalar. (O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi)

Islom madaniyati va ta’limini targ‘ib qilish

Hukumatning radikallashuvga qarshi kurashish choralaridan biri, O‘zbekistonni Islom madaniyati va ta’limi markazi sifatida targ‘ib qilishdir.

Bu harakatlar tobora jadallashib bormoqda.

Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi davom etmoqda, Buxoro esa 2020-yilda Osiyo mintaqasida dunyo Islom madaniyati poytaxti nomini qozonish uchun tayyorlanmoqda.

Har yili Marokashning Rabot shahridagi islomiy, ilmiy va madaniy tashkilot tomonidan beriluvchi ushbu nomga 2007-yilda Toshkent shahri musharraf bo‘lgan edi. Har yili bu tashkilot 3 ta Dunyo islom markazi poytaxtini tanlaydi.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi matbuot xizmatining 6-yanvardagi xabariga ko‘ra, “Buxoroning Islom madaniyati poytaxti nomiga sazovor bo‘lishi – shahar va uning olimu-ulamolari Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissalarini tasdiqlaydi”, deydi Toshkent Islom universiteti o‘qituvchisi Azamjon Abdurahmonov.

O‘zbekistonning Islom madaniyati markazi sifatidagi mavqeini oshirish uchun qilingan harakatlardan yana biri – mamlakat bo‘ylab qorilar musobaqasining o‘tkazilishidir.

Regnum.ru xabariga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi tashkil etgan ushbu musobaqa uchun ro‘yxatdan o‘tish 15-yanvar kuni yakunlangan va mamlakat bo‘ylab 5000 nafar ishtirokchi ro‘yxatga olingan.

O‘MDI rahbari Usmonxon Alimov musobaqani yuqori saviyada o‘tkazishga chaqirdi va bu voqea kelajakda O‘zbekistonning xalqaro Qur’on musobaqalariga mezbonlik qilishi uchun zamin yaratishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Musobaqa tumanlar, viloyatlar va mamlakat miqyosida bosqichma-bosqich o‘tkaziladi, uning yakuniy final bosqichi esa shu yilning aprel oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Kino sanoati, masjidlar ekstremizmga qarshi kurashda birlashmoqdalar

Kinofilmlar ham ekstremizmga qarshi kurashda yordam beradi, jumladan IX asrda, Buxoroda yashab o‘tgan buyuk islom olimi Imom al-Buxoriy haqida kino yaratilmoqda, deydi Mirziyoyev.

12-yanvar kuni, anhor.uz nashrining xabar berishicha, o‘zbekistonlik rejissyor Rustam Sa’diyev Imom al-Buxoriy haqida ikki qismdan iborat filmni suratga olish ishlarini boshlab yuborgan. Kinolentani suratga olishni hukumat moliyalashtiradi. Prodyuserlar filmni dunyo bo‘ylab namoyish etishni rejalashtirganlar.

“Kerak bo‘lsa, eng zamonaviy texnikani Hollivuddan sotib olamiz”, dedi Sa’diyev anhor.uz nashriga. “Unda suratga tushish uchun xalqaro kino yulduzlarini ham taklif etamiz.”

O‘MDI matbuot xizmatining xabar berishicha, Islom ulamolari haqidagi filmlar masjidlarda ko‘rsatilishi va ta’lim vositasi sifatida xizmat qilishi mumkin, deydi prezident.

“Bugungi kunda, xalqning, ayniqsa yoshlarning fikri va dunyoqarashini egallash uchun g‘oyalar va mafkuralar o‘rtasidagi kurash butun dunyoda kuchayib borayotgan bir paytda, eng asosiy san’at turining ulkan salohiyatidan samarali foydalanishimiz zarur”, degan edi Mirziyoyev 29-dekabr kuni kino sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida.

“Imom al-Buxoriy eng taniqli Islom ulamosi va muhaddisdir”, deydi Toshkentdagi Minor masjidining doimiy tashrifchilaridan biri Otabek Mamarasulov Karvonsaroy nashriga.

“Agar O‘zbekiston uning merosini yoyishda davom etsa, bu yerga juda ko‘p ziyoratchilar kela boshlaydi, va juda ko‘p musulmonlar mamlakatimizning asl qiyofasini kashf qiladilar hamda bu o‘zaro tushunishga ko‘maklashadi”, deydi u.

“O‘MDI turli mamlakatlardagi musulmonlar uchun Buxoro va Imom al-Buxoriy bilan bog‘liq bo‘lgan joylarda kichik ziyorat tashkil qilishni rejalashtirmoqda”, deydi u.

Sobiq ekstremistlarning reabilitatsiyasi davom etmoqda

O‘zbekiston, shuningdek, qamoq jazosini o‘tab bo‘lgan ekstremistlarni reabilitatsiya qilish borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirmoqda.

“Biz ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularga normal, sog‘lom hayotga qaytishda yordam berish ishlarini davom ettiramiz”, dedi Mirziyoyev 23-dekabr kuni.

O‘tgan yilning oktabr oyida Karvonsaroy nashri O‘zbekistonda 16 000 nafar sobiq ekstremistlar qora ro‘yxatdan chiqarilgani haqida xabar bergan edi.

Ular orasida O‘zbekiston Islom Harakati asoschisi Tohir Yo‘ldoshevning ukasi Zohid Yo‘ldoshev kabi bir nechta taniqli shaxslar ham bor edi. U 23 yil qamoq jazosini o‘taganidan so‘ng, o‘tgan yilning oktabrida ozod qilingan edi. Bu haqda 10-yanvar kuni ommaga xabar berilgan.

“O‘zbekiston sobiq ekstremistlarni reabilitatsiya qilish tizimini rivojlantirmoqda”, deydi Toshkent shahrining Yangi Hayot mahallasida ishlovchi Amir Fayzullayev Karvonsaroy nashriga.

“U prezident farmoniga asoslangan bo‘lib, bunday odamlar bilan ishlashning barcha o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradi”, dedi u. “Mahalla oqsoqollari, Yoshlar ittifoqi yoki Xotin-qizlar qo‘mitasi sobiq ekstremistlarni reabilitatsiya qilishga mas’ul bo‘ladilar. Tizimli ishlar olib boriladi.”

Farmon tafsilotlari iyun oyiga qadar tayyor bo‘lishi kutilyapti, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?
4
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha
Умар | 2018-01-23

Yaxshi fikr

Javob berish