Karvonsaroy
Biznes

O‘zbekiston o‘z tashabbuslarini innovatsiyalar va xorijiy investitsiyani rag‘batlantirishga qaratmoqda

Maksim Yeniseyev

Thundermark Capital kompaniyasining venchur hamkori Zafar Mirzaliev 10-yanvar kuni Toshkentda Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi (MUIC) a’zolari uchun o‘tkazgan taqdimoti chog‘ida.

Thundermark Capital kompaniyasining venchur hamkori Zafar Mirzaliev 10-yanvar kuni Toshkentda Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi (MUIC) a’zolari uchun o‘tkazgan taqdimoti chog‘ida.

TOSHKENT – O‘zbekiston tadbirkorlikni rivojlantirish va chet el sarmoyalarini jalb etishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Parlament tomonidan 20-fevralgacha qabul qilinishi kerak bo‘lgan “Innovatsiya faoliyati to‘g‘risidagi” qonun loyihasi “2018-yil faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” hukumat dasturi bilan bog‘liq. Dasturning jamoatchilik muhokamasi 5-15-yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi va harakatlar rejasining yakuniy loyihasi 20-yanvar kuni e’lon qilindi.

Axborot texnologiyalari va boshqa innovatsion yoki tadbirkorlik sohalaridagi manfaatdor tomonlar hukumatning sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar.

“Intellektual mulk rivojlanayotgan davlatlarning gullab-yashnashi uchun imkoniyatdir. O‘zbekistonning yangi hukumati bu imkoniyatdan foydalanmoqchi”, deydi Toshkentda joylashgan “IWT Soft” dasturiy ta’minot kompaniyasining menejeri Nurilla Alimov Karvonsaroy nashriga.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda vatandoshlar va amerikalik o‘zbeklar bilan uchrashuvi chog‘ida. (O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda vatandoshlar va amerikalik o‘zbeklar bilan uchrashuvi chog‘ida. (O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati)

Hukumat sobiq fuqarolarni vatanga qaytishga chaqirdi

Hukumat chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar hamda O‘zbekistonda tug‘ilgan emigrantlar ushbu dasturni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi, deb umid qilmoqda.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (ATKRV) 9-noyabr kuni xorijda istiqomat qilayotgan va ishlayotgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytib, mamlakatning AKT sohasini rivojlantirishga chaqirdi. Ularni rag‘batlantiruvchi omillar qatorida yuqori ish haqi, tadqiqotlarini moliyalashtirish, ipoteka dasturlari hamda boshqa imtiyozlar bor.

“Hozirgi kunda O‘zbekistonda AKT sohasidagi mutaxassislar va kompyuter muhandislari juda kam”, dedi Alimov. “Yuqori darajadagi tajribali menejerlarga ham talab katta.”

O‘tgan yil sentabr oyida AQSHga tashrifi chog‘ida, prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda u yerdagi o‘zbekistonliklar va o‘zbek diasporasi a’zolari bilan uchrashdi hamda ularni o‘z vatanlariga qaytishga va uning ravnaqiga hissa qo‘shishga chaqirdi.

“Men vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishni istagan chet eldagi vatandoshlarimizni O‘zbekistonga taklif qilaman”, dedi u 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida. “Men ularni qo‘llab-quvvatlashga va bunday hamkorlikni har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman.”

AQSHda ishlayotgan o‘zbek mutaxassislarini izlab

O‘tgan yili Toshkentda tashkil etilgan Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

10-yanvar kuni markaz Amerikaning “Thundermark Capital” venchur kapital jamg‘armasi hamkori, toshkentlik Zafar Mirzaliev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu fond Nyu-York va San Fransisko shaharlarda joylashgan bo‘lib, sun’iy idrok, robototexnika va kompyuterni o‘rganish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Uchrashuv ishtirokchilari biznes tashabbuslarni rivojlantirish va ilgari surishga oid masalalarni muhokama qildilar. Ba’zilar o‘zlari ishlab chiqqan g‘oyalarni taqdim etdilar.

“Boshqa tomondan, biz Markaziy Osiyo mintaqasi bozorini va mahalliy startaplarni o‘rganmoqdamiz va jamg‘armamiz faoliyatiga mos sohalarda istiqbolli hodisalarni izlayapmiz”, dedi Mirzaliyev MUIC matbuot xizmati xabariga asosan.

“Boshqa tomondan”, – davom etdi u, – “Men O‘zbekiston fuqarosi sifatida axborot-kommunikatsiya sohasi rivoji uchun o‘z hissamni qo‘shmoqchiman va muvaffaqiyatli deb ko‘rilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash niyatidaman”.

IT-startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi va o‘zining 147 a’zosiga soliq imtiyozlarini taqdim etuvchi Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi (MUIC) mart oyida markazda Thundermark Capital delegatsiyasi va rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistondagi biznes-muhitni yaxshilash

Xorijiy mutaxassislar O‘zbekistonda investitsiya bozorini rivojlantirishga ko‘mak berishi mumkin.

10-yanvar kuni Jahon banki missiyasi bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston hukumati vakillari Jahon bankidan venchur kapitali ekotizimini yaratishda hamkorlik qilishni so‘radi. Tomonlar ushbu masalada fikr almashinuvini davom ettirishga kelishib oldi.

“Xorijiy investorlar, jumladan, AKT sohasidagi kompaniyalar ham O‘zbekistonga kelishdan cho‘chir edilar, bunga mamlakatning imiji asosiy sabab edi”, dedi Karvonsaroyga toshkentlik iqtisodchi Shukurullo Mavlonov.

“Foydani investorning mamlakatiga olib chiqish asosiy muammo edi. Avvallari valyutaning erkin konvertatsiyasi yo‘qligi sabab bu imkonsiz edi”, – dedi u.

O‘tgan yili O‘zbekiston hukumati erkin konvertatsiyani ochganidan so‘ng, ko‘pchilik mamlakatimizga e’tibor qaratdi, biroq ular islohotlarga to‘la ishona olmayaptilar” dedi u. “Imijimizni yaxshilash uzoq vaqt talab qiladigan jarayondir”.

O‘zbekiston korxonalarini xorij bozorlariga olib chiqish

O‘zbekistonlik tadbirkorlar xorij bozorlariga chiqishga intilmoqda va Amerika kompaniyalari ularga yordam berishi mumkin, deydi rasmiylar.

O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi vakillari 13-yanvar kuni Amerikaning Amazon kompaniyasida ishlovchi O‘zbekiston fuqarosi Shohrux Jo‘rayev bilan uchrashdi.

Jo‘rayev o‘zbekistonlik ayollarning Amazon orqali qay tarzda savdo qilishlari mumkinligi haqida so‘zlab berdi.

MUIC vakillari ham qatnashgan Toshkentdagi uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston qonunchiligida samarali hamkorlikka to‘siq bo‘layotgan kamchiliklar, jumladan, PayPal bilan ishlash imkoni yo‘qligini muhokama qildilar.

O‘zbekistonda UzCard milliy to‘lov tizimini xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Mazkur texnologiya hali butun mamlakat bo‘ylab joriy etilmagan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning 30-iyun kuni UzCard tizimida ilk bor MasterCard tranzaksiyasi amalga oshirilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500