Karvonsaroy
Energiya

Jahon Banki O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish loyihasini ma’qulladi

Jahon banki

Choyxonada bir piyola choy ushlab turgan o‘zbek, Toshkent, 2007-yil, dekabr. Jahon bankining xabar berishicha, O‘zbekiston tez-tez sovuq va qahraton qishni boshdan o‘tkazadi, shu sababli fuqarolar uchun barqaror issiqlik ta’minoti juda zarur. (Maxim Marmur/AFP)

Choyxonada bir piyola choy ushlab turgan o‘zbek, Toshkent, 2007-yil, dekabr. Jahon bankining xabar berishicha, O‘zbekiston tez-tez sovuq va qahraton qishni boshdan o‘tkazadi, shu sababli fuqarolar uchun barqaror issiqlik ta’minoti juda zarur. (Maxim Marmur/AFP)

VASHINGTON/TOSHKENT – Jahon bankining ijrochi direktorlari kengashi 25-yanvar kuni O‘zbekistonda markazlashgan issiqlik ta’minoti samaradorligini oshirish loyihasini ma’qulladi, buning uchun Jahon banki o‘zining Xalqaro taraqqiyot uyushmasidan 140 million AQSH dollari (1,1 trillion o‘zbek so‘mi) ajratadi.

“Jahon banki markazlashgan issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnun”, dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Hideki Mori. “Bu chora-tadbirlar O‘zbekiston bo‘ylab yuz minglab insonlarning turmush sharoitlarini yaxshilashga yordam beradi.”

Loyiha, asosan, Andijon, Buxoro, Chirchiq, Samarqand va Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun foydali bo‘ladi. Bu yerdagi ko‘p qavatli binolar markaziy isitish tizimiga ulangan yoki ulanishi rejalashtirilgan.

Ma’muriy va jamoatchilik binolari, jumladan, bog‘chalar, maktablar, shifoxonalar hamda shahar idoralarida ham isitish sifati oshiriladi.

Sog‘liqqa zararli va xavfli muqobil isitish manbalari

O‘zbekistonda tez-tez qahraton qish hukmronlik qilib turadi. Isitish tizimining barqarorligi fuqarolarning salomatligi va atrof-muhit, xavfsizlik, sog‘liqqa oid xavfli vaziyatlarning oldini olishda juda muhimdir.

Biroq, davlatning markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi beparvolik sababli yillar davomida yomonlashgan, ba’zi shaharlarda esa umuman yo‘qolib ketgan.

Natijada ko‘plab oilalar sog‘liq uchun zararli, ishonchsiz, xavfli yoki qimmat issiqlik manbalari, masalan, ko‘mirli pechlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Mamlakatning ba’zi shahrlarida joylashgan ko‘plab bog‘chalar va maktablar bolalar uchun to‘g‘ri kelmaydigan sovuq sharoitlarda qolgan.

Sovet davridan qolgan markazlashgan isitish tizimi korxonalari, bugungi kunga kelib, bir necha sabablarga ko‘ra ish yuritishga qodir bo‘lmay qolgan. Isitish narxining sarflangan xarajatlarni qoplay olmasligi, to‘lovlarning yetarlicha yig‘ilmasligi, tarmoqda katta miqdorda issiqlik va suv yoqotilishi, boshqaruvning yomonligi va tashkilotlarning asosiy aktivlarini tiklash uchun sarmoya yetishmasligi shular jumlasidandir.

Isitish infratuzilmasini takomillashtirish

Markazlashgan issiqlik ta’minoti samaradorligini oshirish va modernizatsiya qilish loyihasi O‘zbekistonda birinchi bor zamonaviy markaziy isitish modelini taklif etish orqali ushbu sohadagi barcha muammolarni hal qilishga qaratilgan.

Shuningdek, loyiha markaziy issiqlik infratuzilmasiga sarmoya kiritadi, bu bilan uning salohiyatini oshiradi, tanlangan markaziy isitish tashkilotlari faoliyatini yaroqli, samarali va barqaror qilish yo‘lida ularning me’yoriy bazasini takomillashtiradi.

Energiya ta’minotchisi bo‘lgan O‘zbekenergo davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimida ortiqcha yuklamalar kamayadi. Natijada, bu loyihada qatnashuvchi beshta shaharda texnik yoqotishlar, buzilishlar, elektr energiyasi uzilishlari soni kamayishi kutilmoqda.

Loyiha natijasida shaharlarda tabiiy gaz va elektr quvvati iste’molini, shuningdek karbonat angidrid ajralib chiqishini kamaytirish rejalashtirilgan.

Jahon banki O‘zbekistonda umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollariga (16,3 trillion o‘zbek so‘mi) teng 16 ta loyihani qo‘llab-quvvatlab, keng ko‘lamli rivojlanish maqsadlariga erishishda ko‘maklashmoqda. Mazkur loyihalar qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti va sanitariya sohalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

(Jahon banki guruhi http://www.worldbank.org/terms veb-sahifasida ko‘rsatilgan shartlar asosida ushbu meterialdan foydalanishga ijozat bergan.)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Borib turgan axmoqgarchilik, axir u yer quyoshli mamlakatku. Xudo toshbaqaga sudralib yurishni oʻrgatdi, biz ham shoshilmaymiz. Mamlakatni xarob boʻlishiga yoʻl qoʻymaymiz, oʻzimiz ham aynimaymiz, aynib qolsak ham oʻz sutimizni ichamiz, birovnikini emas.

Javob berish