Karvonsaroy
Biznes

YTTB va YI Markaziy Osiyoda kichik biznes rivojini qo‘llab-quvvatlaydi

Karvonsaroy

O‘zbekistonlik tikuvchi ayollar matoni ko‘zdan kechirmoqda, sanasiz fotosurat. [O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi]

O‘zbekistonlik tikuvchi ayollar matoni ko‘zdan kechirmoqda, sanasiz fotosurat. [O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi]

LONDON – Londonda joylashgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va Yevropa Ittifoqi (YI) seshanba, 30-yanvar kuni Markaziy Osiyo mamlakatlarida kichik va o‘rta biznes xususiy korxonalarini moliyalashtirishga yordam berish maqsadida yangi mintaqaviy dasturni ishga tushirdi.

YTTB boshqaruvidagi mazkur dasturga muvofiq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi moliya institutlariga kichik biznesni rivojlantirish uchun yangi raqamli biznes vositalari taqdim etiladi, deyiladi YTTB bayonotida.

Dasturni amaliyotga tatbiq etish bilan Germaniyaning IPC konsalting kompaniyasi (Internationale Projekt Consult GmbH) shug‘ullanadi. Dasturda mikro, kichik va o‘rta biznes korxonalarining moliya sohasiga oid eng so‘nggi yutuqlaridan boxabar etish ko‘zda tutilgan.

Kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy dastur Markaziy Osiyoda mikro, kichik va o‘rta biznes korxonalarini moliyalashtirish sohasidagi hamkorlar uchun bilim almashish platformasini yaratishga qaratilgan. YTTB mahalliy moliyaviy vositachilarga bankning ushbu sohadagi tajribasini o‘rganish uchun imkoniyat yaratib bermoqchi.

Dastur Markaziy Osiyodagi hamkor banklar xodimlariga muntazam ravishda ta’lim berib borishni ko‘zda tutadi.

Mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bo‘yicha o‘quv dasturlari Markaziy Osiyodagi moliya institutlari orasida ancha ommalashgan, deydi YTTBning Qozog‘istondagi rahbari Agris Preymanis. Kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy dastur nafaqat zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi, balki Markaziy Osiyoning turli hududlarida keng auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘ladi, bu uning kichik va o‘rta biznes sohasi moliyachilari uchun yaxshiroq va yanada samaraliroq dastur bo‘lishini ta’minlaydi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500