2018-02-12 | Xavfsizlik

O‘zbekiston va Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining ilk ramziy majlisi bo‘lib o‘tdi

Karvonsaroy

Ikki mamlakatning huquqni muhofaza qilish organlari va xavfsizlik kuchlari ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

Afg‘oniston va O‘zbekiston vakillari 10-fevral, shanba kuni Toshkentda qo‘shma komissiyaning xavfsizlik masalalari bo‘yicha birinchi davra uchrashuvini o‘tkazdilar. (O‘zA)

TOSHKENT – O‘zbekiston va Afg‘oniston 10-fevral, shanba kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan o‘zbek-afg‘on qo‘shma komissiyasining xavfsizlik masalalari bo‘yicha ilk majlisi orqali hamkorlikni kuchaytirish tomon yana bir qadam tashladi.

Ikki mamlakat vakillari ekstremizmga qarshi kurashish, giyohvand moddalar savdosi, qurollar kontrabandasi va boshqa transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda O‘zbekiston va Afg‘oniston huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik organlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) xabariga ko‘ra, “O‘zbekiston-Afg‘oniston xavfsizligi masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiyaning birinchi sessiyasida erishilgan natijalar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, xavfsizlikni ta’minlashga va strategik loyihalarni ishlab chiqishga yordam beradi”, deydi Afg‘onistonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmar.

Ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni kuchaytirish

Qo‘shma sa’y-harakatlar bojxona huquqbuzarliklarining oldini olish va mamlakat chegaralarining xavfsizligini ta’minlashda muhim hisoblanadi, deb qayd etdi tomonlar uchrashuv chog‘ida.

Komissiya a’zolari mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash va qo‘shma madaniy, iqtisodiy, energetika va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonini qo‘llab-quvvatlash, jumladan Mozori Sharif – Hirot temir yo‘li va Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasi barpo etilishi muhimligini ta’kidladilar.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar chuqurlashib borayotganini qayd etarkan, O‘zbekiston va Afg‘oniston rasmiylari ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bunda o‘tgan yil dekabr oyida Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan siyosiy, savdo-sotiq, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi shartnomalarni o‘z vaqtida bajarishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

O‘tgan yil dekabr oyida G‘ani va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishiga yordam berdi, dedi Atmar sessiya chog‘ida.

Ikki davlat rahbarlarining Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar yuzasidan fikr almashish jarayonida komissiya a’zolari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning muhimligini ta’kidladilar, deydi Narkotik moddalarni nazorat qilish bo‘yicha milliy axborot-tahlil markazi rahbari Ahmad Mansurov O‘zAga.

O‘zbekiston diplomatik rolini kuchaytirish niyatida

Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida barcha sohalarda yaqin hamkorlik Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi va mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni kafolatlaydi, deydi komissiya a’zolari va mutaxassislar.

“Ushbu komissiya faoliyati O‘zbekistonning yangi tashqi siyosatining yaqqol yutug‘idir”, deydi toshkentlik sobiq diplomat Farrux Nazimov Karvonsaroy nashriga. “O‘zbekiston Markaziy Osiyoda “yumshoq diplomatiya”, ya’ni gumanitar va infratuzilma loyihalarini rivojlantirish orqali yetakchi rol o‘ynamoqchi.”

“Agar Toshkentda mart oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Afg‘onistondagi tinchlik bo‘yicha konferensiya jiddiy yutuqlarga erishsa, Mirziyoyev bir necha o‘n yillardan buyon davom etayotgan mojaroni hal qilgan inson sifatida tarixda qoladi”, deydi toshkentlik siyosiy tahlilchi Valeriy Xon Karvonsaroy nashriga.

“O‘zbekiston murosaga keltiruvchi tomon sifatida, barcha tomonlar uchun qiziqarli va manfaatli” dedi u. “U tashqi siyosatiga putur yetmagan, neytral va do‘stona davlat.”

(Maqolaga Toshkentdan Maksim Yeniseyev o‘z hissasini qo‘shdi.)

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 0

Fikrlar

* Majburiy
Captcha