Karvonsaroy
Terrorizm

Qozog‘iston terrorizmga qarshi 5 yillik davlat dasturini e’lon qildi

Aleksander Bogatik

O‘tgan yilning 24-sentabr kuni, Qarag‘anda viloyatida o‘tkazilgan terrorizmga qarshi mashg‘ulotlar chog‘ida qo‘mondon maxsus qo‘shinlarga ko‘rsatma bermoqda. (Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi)

O‘tgan yilning 24-sentabr kuni, Qarag‘anda viloyatida o‘tkazilgan terrorizmga qarshi mashg‘ulotlar chog‘ida qo‘mondon maxsus qo‘shinlarga ko‘rsatma bermoqda. (Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi)

OSTONA – Qozog‘iston 2018-2022-yillar uchun mamlakat miqyosida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqdi, deb xabar berdi 10-fevral kuni bosh vazir matbuot xizmati.

“Davlat dasturini amalga oshirish uchun ajratilgan umumiy harajatlar 286,6 milliard qozoq tengesini (866 AQSH dollari) tashkil etadi”, deyiladi Aloqa va axborotlashtirish vazirligining “Ochiq hukumat” veb-sahifasida e’lon qillingan bayonotda.

“Davlat dasturi to‘rt vazifani qamrab oladi: ekstremizmning oldini olish, radikallashuvni kamaytirish, rejalashtirilgan terrorchilik hujumlarini to‘xtatish va sodir etilgan terrorchilik hujumlariga qarshi amaliy choralar ko‘rish”, deydi tarazlik siyosatshunos Ruslan Seksenbayev Karvonsaroy nashriga.

Bosh vazir idorasi bergan xabarga ko‘ra, davlat dasturini ishlab chiqishda Norvegiya, Finlandiya, Kanada, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Birlashgan Arab Amirliklarida terrorizmga qarshi kurashishda qo‘l kelgan ijobiy tajribalar inobatga olingan.

Avtobusda terrorizmga qarshi poster, Ostona, 8-fevral. Butun Qozog‘iston bo‘ylab terrorizm haqida ogohlantiruvchi varaqalar avtobuslar, do‘konlar va ko‘chalarda joylashtirilgan. (Aleksandr Bogatik)

Avtobusda terrorizmga qarshi poster, Ostona, 8-fevral. Butun Qozog‘iston bo‘ylab terrorizm haqida ogohlantiruvchi varaqalar avtobuslar, do‘konlar va ko‘chalarda joylashtirilgan. (Aleksandr Bogatik)

Kuzatuvchilarga ko‘ra, dastur avvalgi terrorizmga qarshi davlat dasturining mantiqiy davomi bo‘lib, tobora o‘sib kelayotgan terrorizm va ekstremizmga to‘sqinlik qilishi kerak.

Ekstremizmning oldini olish

“Shubhali diniy maktablarda ta’lim olayotgan Qozog‘iston fuqarolari radikal g‘oyalar manbasiga aylanishda davom etmoqda”, deyiladi dastur hujjatida.

Shu sababdan Qozog‘istonda yoshlarning dinshunoslik fanini o‘rganishiga e’tibor qaratiladi.

Shu bilan birga, hukumat internetda terrorizm va ekstremizmni targ‘ib qiluvchi materiallarni aniqlash va ularni bloklash uchun zamonaviy texnik vositalarni o‘rganish va qo‘llashni rejalashtirmoqda.

“Bu yerda so‘z ekstremizm va terrorizm targ‘ibotini aniqlash uchun OAV, ijtimoiy tarmoqlar va veb sahifalarni monitoring qilish da muhim inson resurslari va yangi kompyuter dasturlaridan foydalanish haqida ketmoqda”, deydi Seksenbayev.

Hukumat sud qarorlari va vakolatli davlat organlarining buyruqlari asosida internetdan taqiqlangan materiallarni olib tashlaydi, dedi u.

Radikallashuvni kamaytirish

O‘tgan to‘rt yil mobaynida hukumat 440 nafar yollangan qozog‘istonlik ekstremistlarga chet eldagi ekstremistik amaliyotlar keng tarqalgan joylarga ketishga yo‘l bermadi, deyiladi davlat dasturida.

“Ko‘rilgan choralarga qaramay, qozog‘istonlik fuqarolarning xorijiy davlatlardagi terrorchilik amaliyotlarida ishtirok etishi katta muammo bo‘lib qolmoqda”, deyiladi dastur bayonotida.

Huquqni muhofaza qilish organlari Suriya va Iroqdan yengilib qaytgan jangarilarga alohida e’tibor qaratadilar, deydi Chimkentdagi “Altyn Karligash” nodavlat tashkiloti rahbari Leila Baymanova.

“Barcha bu tahdidni tushunadi”, deydi u Karvonsaroy nashriga. “Jangarilar Qozog‘istonga qaytib huquqni himoya qilish organlari nazaridan chetda qolishsa, vaqti soati yetgan bombaga aylanib qolishadi. Ertami-kechmi ular terrorizm yo‘liga qaytadilar.”

Yangi davlat dasturi “muayyan shaxsning radikallashuv darajasiga qarab” ta’sir choralarini belgilaydi, dedi u va ikkita turli misolni keltirdi.

Birinchi marta ekstremistik materiallarni o‘qishni boshlaganlar jinoiy javobgarlik haqida ogohlatiriladilar va qayerda yaxshi diniy ta’lim olish mumkinligi to‘g‘risida ma’lumot oladilar, deydi Baymanova.

Ammo “ekstremizm va terrorizmga nisbatan bir necha marotaba xayrixohlik bildirgan retsidvistga nisbatan ta’sir choralari ancha jiddiy bo‘ladi”, deydi u.

Terrorchilik harakatlarni aniqlash va to‘xtatish

Rejalashtirilgan terrorchilik harakatlarning oldini olishda potentsial terrorchilarni qidirish uchun profilaktika usullarini ishlab chiqish va qo‘llash davlat dasturida muhokama qilinmoqda.

Profillash tizimi Qozog‘istonda ilk bor o‘tgan yili “EXPO-2017” vaqtida qo‘llanildi.

O‘shanda ma’muriy politsiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Talgat Musakanov Karvonsaroy nashriga “profillash – shaxsning tashqi ko‘rinishi, nutqi, hatti-harakati va xulqiga asoslanib, uning harakatini bashorat qilish usuli” ekanligini aytgan edi.

Davlat dasturi politsiyaga terrorchilar rejalari haqida ma’lumot berganlarga imtiyozlar tizimini ham ko‘zda tutadi.

“Men bu chorani samarali deb bilaman. Faqatgina fuqarolik ma’suliyatiga ishonib qolish ham mumkin emas”, deydi Uralskda joylashgan siyosatshunos Yevgeniy Kryuchkov Karvonsaroy nashriga.

Naqd pul mukofoti va politsiyaga terrorchilar rejalarini fosh etishda yordam berganlarni himoya qilish terrorchilik hujumlarni oldini olishda eng yaxshi chora, deydi u.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etadigan politsiya xodimlari soni ham oshadi, ammo hozircha rasmiylar politsiya zobitlarining aniq raqamlarini aytmaganlar.

Terrorizmga qarshi kurash choralarini modellashtirish

Davlat dasturidagi to‘rtinchi vazifani bajarish – terrorchilik hujumiga aniq belgilangan javob qaytarish uchun – barcha bosqichdagi maktablarda o‘quvchi va yo‘riqchilar bilan nazariy va amaliy mashqlar olib boriladi.

“Bunday mashg‘ulotlar maktab va universitetlarda olib borilmoqda”, deydi Jambulda joylashgan “Soglasiye” nodavlat tashkiloti raisi Oleg Dorunov. Bu mashqlar “majburiy bo‘ladi va muntazam ravishda o‘tkaziladi”, deb qo‘shimcha qildi u.

Davlat dasturida terrorizmga qarshi darslarni viloyatlar va davlat miqyosida o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda, dedi u.

“Mashqlar davomida falon shaharda terrorchilik hujumi sodir etildi degan soxta buyruq beriladi va u yerga politsiyadan to qutqarishgacha bo‘lgan mas’ul davlat tashkilotlari vakillari yetib boradilar”, dedi Dorunov. “Bu mashg‘ulotlar iloji boricha haqiqiy voqealarga yaqin bo‘ladi va tegishli organlarning terrorizmga qarshi kurash boshqarmalari tomonidan muvofiqlantiriladi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500