Karvonsaroy
Diplomatiya

“Qozog‘iston va AQSH: muvaffaqiyat tarixi” hujjatli filmi taqdim etildi

Arman Kaliyev

“AQSH va Qozog‘iston: muvaffaqiyat tarixi” hujjatli filmidan olingan kadr. Filmda mintaqaviy xavfsizlik, Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy imiji va iqtisodiy taraqqiyotiga oid sohalarda Qozog‘iston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning muhimligi qayd etiladi.

“AQSH va Qozog‘iston: muvaffaqiyat tarixi” hujjatli filmidan olingan kadr. Filmda mintaqaviy xavfsizlik, Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy imiji va iqtisodiy taraqqiyotiga oid sohalarda Qozog‘iston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning muhimligi qayd etiladi.

OSTONA – Vashington va Ostona o‘rtasidagi rivojlanib borayotgan munosabatlar haqida hikoya qiluvchi hujjatli film qozog‘istonliklar tomonidan iliq qarshi olindi.

Qozog‘istonning “Xabar” telekanali 1-fevral kuni “AQSH va Qozog‘iston: muvaffaqiyat tarixi” hujjatli filmini efirga uzatdi. Filmda Qozog‘iston va AQSH o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik, Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy imiji va iqtisodiy taraqqiyotiga oid sohalardagi hamkorlikning muhimligi ta’kidlanadi.

Taxminan 40 daqiqalik filmda jurnalistlar Qozog‘iston prezidentining 16-18-yanvar kunlari Vashingtonga qilgan safari tafsilotlariga to‘xtalib o‘tganlar. Tashrif davomida Nazarboyev AQSH prezidenti Donald Tramp va Oy Uyning boshqa rasmiy shaxslari bilan uchrashgan.

Film yaratuvchilari tomoshabinlarga ushbu safar va uning aynan shu vaqtda amalga oshirilgani nega bu qadar muhim ekanligini tushuntirishga urinadi.

Qozog‘iston va AQSH prezidentlari Nursulton Nazarboyev va Donald Tramp 16-yanvar kuni Oq Uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘l siqishmoqda. (Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati)

Qozog‘iston va AQSH prezidentlari Nursulton Nazarboyev va Donald Tramp 16-yanvar kuni Oq Uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘l siqishmoqda. (Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati)

“Dunyoqarash” televizion loyihasi

Hujjatli film bundan 8 yil avval ish boshlagan “Dunyoqarash” loyihasining bir qismidir.

Filmda Qozog‘istonning turli delegatsiyalari tomonidan “parda ortida” o‘tkazilgan muzokaralar yoritilgan, dedi Qozog‘iston Respublikasi prezidenti teleradiokompaniyasining rahbari, jurnalist Yerlan Bekxojin.

Loyiha g‘oyasi Nazarboyevga tegishli bo‘lib, mazkur hujjatli fimlarda turli mamlakatlarning hayoti haqida qiziqarli tafsilotlar keltirilgan. Bu qozog‘istonliklarni hukumatning xorijiy hamkorlari bilan yaqindan tanishtirishga yordam beradi, dedi u Karvonsaroyga.

“Prezident filmlar yaratishni taklif qildi. Maqsad – boshlang‘ich bilimlar, geografiya va madaniyat nuqtai nazaridan xorijdagi hayot haqida so‘zlab berish” dedi u. “Shu tariqa televizion loyiha dunyoga keldi. U hatto bugungi kunda ham yuqori reytinglarga ega. Biz bir necha yil davomida 60 dan ortiq filmlar yaratdik.”

Ostona va Vashington – “tabiiy va doimiy” ittifoqchilar

“AQSH va Qozog‘iston: muvaffaqiyat tarixi” hujjatli filmidan ko‘zlangan maqsad, qozoq-amerika munosabatlari rivojini ko‘rsatib berishdir.

Bir guruh kinochilar prezident matbuot xizmati ko‘magida Nazarboyevning AQSHga tashrifiga qadar axborot yig‘ish bilan band bo‘ldi, dedi Bekxojin.

Hujjatli filmning bir qismi Nazarboyev hamda Vashingtondagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi va raisi S. Frederik Starr o‘rtasidagi uchrashuvga bag‘ishlangan.

Starr uch nafar AQSH prezidentiga Rossiya/Yevroosiyo masalalari bo‘yicha maslahat bergan. U Qozog‘iston haqida bilimga ega o‘qimishli tarixchi va “Yo‘qotilgan ma’rifat: Markaziy Osiyoning Arablar istilosidan Temurgacha bo‘lgan oltin asri” kitobi muallifi.

“Janob Starr bilan bo‘lgan uzun intervyuda, u mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi roli oshayotganini takidlagan”, dedi Bekxojin. “Qozog‘iston, dedi u, yangi mintaqaviy ogohlikni oshirishda faol rol o‘ynaydi. Bu juda muhim, chunki birlashgan Markaziy Osiyoni “parchala va hukmronlik qil” taktikasi orqali yengish qiyin.”

Ostona mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash va Afg‘onistondagi muammolarni hal qilish bo‘yicha Vashingtonning tabiiy va doimiy ittifoqdoshi hisoblanadi, deydi tahlilchilar.

“Qozog‘iston, shubhasiz, AQSH bilan ishonchli va mustahkam aloqalarga muhtoj”, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda olmaotalik siyosatshunos Talgat Ismagambetov.

Do‘stona aloqalarni qo‘llab-quvvatlash

Nazarboyevning AQSHga tashrifi nafaqat jurnalistlar va ekspertlar, balki oddiy qozog‘istonliklar orasida ham faol muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qozog‘istondagi faol yosh avlod mamlakatning Sovet merosidan butkul xalos bo‘lishi va dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi tarafdoridir.

Mamlakat yoshlari ingliz tilini qunt bilan o‘rganmoqda, startaplar yaratmoqda va G‘arbdagi oliy ta’lim dargohlarini tanlamoqda.

“Yoshlar AQSHda va Yevropada ishlashni orzu qiladilar”, deydi Ismagambetov.

“Ha, biz Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarga egamiz, biroq bu aloqalar bilangina cheklanib qolish yaramaydi”, dedi Karvonsaroyga ostonalik sanoatchi dizayner Sergey Kim. “Biz kengroq fikr yuritishimiz, mamkalat kelajagi haqida qayg‘urmog‘imiz lozim”.

“Qozog‘iston Amerikaga o‘xshagan rivojlangan davlatlar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishi kerak”, dedi Karvonsaroyga Olmaotadagi sayyohlik agentligi menejeri Asel Kadirbayeva. “Birinchidan, AQSH bizning neft-gaz sohamizga sarmoya kiritmoqda. Ikkinchidan, biz iqtisodiy nuqtai nazardan AQSHdan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar ko‘p.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500