Karvonsaroy
Jamiyat

Afg‘onistonlik etnik qirg‘izlar “dunyo tomida” tutqunlikda qolib ketmoqda

Gohar Abbas/AFP

O‘tgan yil 7-oktabrda olingan bu suratda etnik ko‘chmanchi qirg‘izlar Afg‘onistonning Voxan koridori bo‘ylab qo‘toslarda sayr qilmoqdalar. Asrlar davomida ko‘chmanchi qirg‘izlar chorva mollari bilan Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘ylab erkin harakatlanib, daryolar va qorli tog‘larni kesib o‘tishgan. Bugungi kunda ularning 1100 nafari Afg‘onistonning uzoq va tog‘li Vaxan koridoridagi “dunyo tomida” qolib ketgan. (Gohar Abbas/AFP)

O‘tgan yil 7-oktabrda olingan bu suratda etnik ko‘chmanchi qirg‘izlar Afg‘onistonning Voxan koridori bo‘ylab qo‘toslarda sayr qilmoqdalar. Asrlar davomida ko‘chmanchi qirg‘izlar chorva mollari bilan Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘ylab erkin harakatlanib, daryolar va qorli tog‘larni kesib o‘tishgan. Bugungi kunda ularning 1100 nafari Afg‘onistonning uzoq va tog‘li Vaxan koridoridagi “dunyo tomida” qolib ketgan. (Gohar Abbas/AFP)

VOXAN KORIDORI, Afg‘oniston – Tarixning burilishu so‘qmoqlarida asirlikda qolgan etnik qirg‘izlar mashaqqatli shimoli-sharqiy Afg‘onistonda og‘ir sharoitda yashamoqdalar.

Asrlar davomida ko‘chmanchi qirg‘izlar chorva mollari bilan Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘ylab erkin sayohat qilib, daryolar va qorli tog‘larni oshib o‘tganlar. Bugungi kunda ularning bir qanchasi Afg‘onistonning uzoq va tog‘li Voxan koridoridagi “dunyo tomida” bamisoli tuzoqda qolib, bu yerlardan chiqib ketishga ishonchlari so‘nayozgan.

Mintaqadagi siyosiy bo‘hron va zo‘ravonliklar ularni asta-sekin o‘z qurshoviga oldi. Yo‘llar yo‘qolib, yaqin-atrofdagi chegaralar birin-ketin yopildi va qirg‘izlarni og‘ir hayotda yashashga mahkum etdi.

“Biz tasodifiy afg‘onlarmiz”, deydi qovoqlari osilgan, nimjongina qirg‘iz peshvosi Jo Boy g‘amgin ovozda.

O‘tgan yil 10-oktabrda olingan bu suratda qirg‘iz bolasi milliy o‘tovga kirib ketayotgani aks etgan. Afg‘oniston, Voxan koridori. (Gohar Abbas/AFP)

O‘tgan yil 10-oktabrda olingan bu suratda qirg‘iz bolasi milliy o‘tovga kirib ketayotgani aks etgan. Afg‘oniston, Voxan koridori. (Gohar Abbas/AFP)

O‘tgan yil 7-oktabrda olingan ushbu suratda etnik qirg‘izlardan bo‘lgan ko‘chmanchi oila qo‘toslarda sayr qilayotgani tasvirlangan. Afg‘oniston, Voxan koridori. (Gohar Abbas/AFP)

O‘tgan yil 7-oktabrda olingan ushbu suratda etnik qirg‘izlardan bo‘lgan ko‘chmanchi oila qo‘toslarda sayr qilayotgani tasvirlangan. Afg‘oniston, Voxan koridori. (Gohar Abbas/AFP)

“Biz bu yerlarni tanlamadik, ammo boshqa borar yerimiz yo‘q”, dedi u qabilasi haqida so‘zlarkan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni 1100 kishini tashkil etadi.

Havo harorati muzlash nuqtasidan deyarli ko‘tarilmaydigan bu sovuq yerlarda ekin o‘smaydi, umr ko‘rish davomiyligi esa qisqa.

Har uch ayoldan biri tug‘ish asoratlari sababli hayotdan ko‘z yumadi, 53 foiz bolalar esa besh yoshgacha yashamaydi, dedi Bishkekda joylashgan Crosslink Development International nodavlat tashkiloti rahbari Jeff Uolkes.

“Ular hayot-mamot kurashi va bu kabi olis yerlarda yashash voqeligi bilan murosa qilish orasidagi jarlikda qolganlar”, dedi u AFP nashriga.

“Ular yuzlab yillar davomida bo‘lgani kabi, kun ko‘rishda davom etmoqdalar”, deb qo‘shimcha qildi u.

Shifokorlar va shifoxonalar yo‘qligi sabab, bu yerlarda oddiy kasallik ham hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

“O‘lim tug‘ilishga nisbatan ko‘p”, dedi mahalliy cho‘pon Tilo, uning qo‘llari shu darajada qurib ketganki, terisi yorilib qonagan. Bu holat bu yerda yashovchilarning ko‘pchiligiga xos.

“Dunyo tomi”

Voxan koridori qurg‘oqchil vodiylar va tog‘ tizmalaridan iborat. U 19-asrdagi Buyuk O‘yin natijasida vujudga kelgan, o‘sha vaqtda Britaniya va Rossiya imperiyalari Markaziy Osiyoni egallash uchun urushgan edilar. Uzun, tor hudud kengayib borayotgan qudratli davlatlar o‘rtasida qalqon zonasiga aylangan edi.

Bu yerlarning aholisi bo‘lgan qirg‘izlar va koridorning boshqa qismida yashovchi, ulardan kattaroq Vaxi qabilasi o‘z yerlarini Bam-i-Dunya “Dunyo tomi” deb atashadi, bunga sabab uning Osiyodagi eng baland tog‘ tizmalari – Hindu Kush, Qoraqoram va Pomir tog‘lari birlashib, Pomir tugunini hosil qilgan yerda joylashganidir.

Eng yaqin shahar Ishkashimga otda yoki qo‘tosda uch kunda yetib olish mumkin. U yerga yo‘l birgina noto‘g‘ri qadam o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan tog‘li cho‘qqilar va tor vodiylar orqali o‘tadi.

Avvallari qirg‘izlar Voxanda faqat yoz oylarida to‘xtaganlar, dedi Afg‘onistondagi tahlilchilar tarmog‘i vakili Keyt Klark. Ko‘chmanchilar qahraton qishdan qochib Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoyning Shinjon hududiga ko‘chib o‘tishgan.

“1917-yilda ruslar va 1949-yildagi kommunistlar inqiloblaridan keyin, ularning ko‘pchiligi kommunistlarning kollektivlashtirishidan qahraton sovuqni afzal ko‘rib, Voxanga qochib o‘tishgan”, dedi u AFP nashriga.

1947-yilda Hindistonning Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lishi va Pokistonning tashkil etilishi janubda yana bir chegarani vujudga keltirdi hamda 20-asrning o‘rtalariga kelib, guruh koridorning shimoliy qismidan uzilib qoldi.

“Biz yosh vafot etamiz”

1978-yilda Qobuldagi kommunistik inqilob ularni o‘z rahnamolari Hoji Rahmon Qul bilan birga 16300 futlik Irshad dovonidan oshib, Pokistonga qochishga majbur qildi.

Ammo bir necha yuz kishi suv orqali tarqaladigan kasallik tufaylu vafot etganidan keyin, guruhning katta qismi Voxanga qaytdi.

Keyinchalik qirg‘izlarning kichik guruhi Turkiyadan panoh topgan bo‘lsa-da, qolganlari Voxanda hayot uchun kurashishda davom etyapti.

“Biz shu yerda qolib ketdik”, deydi Tilo.

Kobul qirg‘izlarni afg‘on fuqarolari deb hisoblaydi, ammo guruh Afg‘onistonni begona yurtdek ko‘radi va 1991-yilda SSSR tugatilganidan beri Qirg‘izistonga ko‘chishni istaydi.

Ularning ko‘chirilishi Qirg‘izistonda o‘tkir muammo sifatida ko‘rilmayapti. Bir necha bor o‘zgargan hukumat yillar davomida xorijdagi 22000 etnik qirg‘izlar, jumladan Voxan koridoridagi guruhni ham vatanga qaytarish va ularga fuqarolik berish masalasini tilga oldi, ammo bu borada qat‘iy qarorlar deyarli qabul qilinmagan.

"Nihoyat, Qirg‘iziston hukumati ularni vataniga qaytarishni boshladi va ba’zi oilalar shu yilning o‘zidayoq ko‘chib o‘tdilar” deydi Jo Boy.

Biroq, Kobuldagi Qirg‘iziston elchixonasi guruhni vatanga qaytarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni inkor etib, Qirg‘izistonga yuborilgan kichik guruh faqat ta’lim maqsadlarida u yerga borganini takidladi.

“Etnik qirg‘izlar Afg‘oniston fuqarolari”, dedi Afg‘onistondagi Qirg‘iziston elchixonasi vakili Uchkun Eraliev AFP nashriga. Hukumat har yili ularni gumanitar yordam, jumladan, oziq-ovqat, issiq kiyim-kechak va dori-darmon bilan ta’minlaydi, deb qo‘shimcha qildi.

Ammo, Tilo uchun kelajakda Qirg‘izistonda yashash – xalqining omon qolishi yo‘lidagi eng katta umid.

“Kim ham bu yerda yashashni istaydi deysiz. Ammo bundan boshqa choramiz yo‘q ... Biz hech qarimaymiz, sababi yosh o‘lib ketamiz”, deydi u achchiq tabassum bilan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Menimcha, Afg‘oniston hukumati 1100 ta odam ko‘chirilishiga qarshi bo‘lmasa kerak. Hukumatimiz ularga yordam berishni xohlamaydi, xolos. Biz ular yashayotgan sharoitni ko‘rdik. Farzandlari chet ellarda dam olib, o‘qishlari uchun qancha pullarni o‘marib yotishibdi. O‘z cho‘ntaklaridan emas, davlat byudjetidan pul o‘tkazishni istamayaptilar. Albatta pullar sarf qilinadi, hukumat tomonidan rejalashtirilmagan xarajat bo‘lsa sizni hech kim ayblamaydi. Hurmatli Afg‘oniston elchisi, prezident, bosh vazir, ularning barchasini ta’lim olishga, davolanishga yuboring. Olib kelishga va shu yerda yashashga asosli sabab toping. Umid qilamanki, ularni deportatsiya qilishmaydi. Qirg‘iziston bizning umumiy uyimiz, bu yerda qancha millatlar, jumladan chet elliklar ham yashashadi, nahot chet davlatdagi o‘z yurtdoshlarimizga yordam bera olmaymiz? Ularga yilda bir marta gumanitar yordam yuborish yetarli emas. Agar ular vataniga qaytishi uchun davlat byudjetidan mablag‘ sarflashni istamas ekansiz, u holda hisob raqami ochib, bu haqda e’lon tarqating, ko‘pchilik qo‘lidan kelgancha pul yuborsa kerak, sababi ular haqidagi ko‘rsatuvlarni ko‘rish va maqolalarni o‘qishdan odamning yuragi ezilib ketadi. Eshitishimcha, ularning hujjatlari yo‘q ekan, u yerdagi elchi nima qilyapti? Qancha vaqt o‘tib ketdi, axir? Agar xohlaganlarida edi, allaqachon hujjatlarni tayyorlagan bo‘lardilar. Umuman olganda, elchilikka millat uchun qayg‘uradigan inson tayinlanishi kerak. Hozirgi elchi esa qayg‘urmaydi, sababi, shuncha

Javob berish

Faqat Rossiyada chetdagi ruslarga nisbatan yomon muomala qilishadi deb oʻylar edim. Qirgʻizistonda ham xuddi shunday ekan. Hayronman, yana qayerda shunday qilishar ekan?

Javob berish

O‘z rahbarlari Xoji Rahmonqul boshchiligida… Rahmonqul - shaxs nomi va qo‘shib yoziladi. Axir “Qirolicha Eliza Bet” demaymizku.

Javob berish