Karvonsaroy
Biznes

“Taraz” uyushmasi qozoq va qirg‘iz tadbirkorlariga muvaffaqiyat sirlarini o‘rgatadi

Aleksandr Bogatik

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis va blogger Alisher Yelikbayev 12-fevral kuni “Taraz biznes uyushmasi” tomonidan tashkillashtirilgan “LEVEL UP” forumida biznes boshlash qanday qilib mamnunlik hissi va kattagina daromad keltirishi mumkinligi haqida so‘zlamoqda. (Aleksandr Bogatik)

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis va blogger Alisher Yelikbayev 12-fevral kuni “Taraz biznes uyushmasi” tomonidan tashkillashtirilgan “LEVEL UP” forumida biznes boshlash qanday qilib mamnunlik hissi va kattagina daromad keltirishi mumkinligi haqida so‘zlamoqda. (Aleksandr Bogatik)

TARAZ, Qozog‘iston – “Taraz biznes uyushmasi” biznes egalari va yosh tadbirkorlarga muvaffaqiyatli biznes yuritishga ko‘maklashish uchun forumlar orqali ularga saboq berishni rejalashtirmoqda.

12-fevral kuni uyushma “LEVEL UP Taraz 2018” biznes-forumini o‘tkazdi. Muvaffaqiyatga erishgan qozog‘istonlik biznes egalarining ma’ruzalarini tinglash uchun Tarazga Qirg‘iziston va Qozog‘istondan 900 ga yaqin ishtirokchi tashrif buyurdi.

Forum endigina ish boshlagan ishbilarmon erkak va ayollarga o‘z bilimlarini oshirish, kompaniyalarini rivojlantirish va o‘z mamlakatlarining iqtisodiy barqarorligiga hissa qo‘shishlariga ko‘maklashishni maqsad qilgan.

Ishtirokchilar qozog‘istonlik tadbirkorlar, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislar va bloggerlarning so‘zlarini tingladilar.

Olmaotalik tadbirkor Quanish Shonbay kitob sotish ortidan qanday qilib katta daromadga erishganini so‘zlab berdi. Hozir u Qozog‘iston bo‘ylab bir nechta restoranlarga egalik qiladi.

So‘zga chiqqanlarning ba’zilari biznesda ayol kishilarning rolini alohida urg‘u bergan bo‘lsa, boshqalar korrupsiyaga qarshi kurash, investitsiya va tadbirkorlik yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash muhimligini ta’kidladilar.

Hozirda Qozog‘istonda juda katta salohiyat va muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun ko‘plab sohalar mavjud”, dedi forumda so‘zga chiqqan jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis va blogger Alisher Yelikbayev. “Biz korrupsiyani yengsak, tadbirkorlik uchun hech qanday to‘siq bo‘lmaydi.”

Zamonaviy biznesni rivojlantirish

Forumda yoritilgan asosiy mavzulardan biri – biznesni rivojlantirish uchun internet va ijtimoiy media kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘ldi.

So‘zga chiqqan yana bir ma’ruzachi, Ostona Xalqaro moliya markazi bosh direktori va Ijtimoiy siyosat instituti direktori Sayasat Nurbek zamonaviy texnologiyalar va sun’iy ong roliga alohida e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy texnologiya yutuqlaridan foydalanmay, muvaffaqiyatli biznes tashkil etib bo‘lmaydi.

“Eng yaxshi tajribalarni tatbiq qilish va yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali madaniyat bilan biznes yuritishni o‘rganishimiz juda muhim”, dedi “Taraz biznes uyushmasi” ijrochi raisi O‘ljas Quandikov Karvonsaroy nashriga.

“Forumga ko‘pchilik tashrif buyurdi, demak, biznes yuritish va uni rivojlantirishga qiziqish katta”, dedi u.

“OAV imkoniyatlari va ijtimoiy tarmoqlar kuchidan foydalanib, o‘z biznesini tashkil qilgan notiqlarni maroq bilan tingladik”, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda Jambil viloyati yosh tadbirkorlar kengashi raisi va Jambildagi “Eng yaxshi sarmoya” o‘quv markazi direktori Aynur Zaurbekova.

“Butun dunyo biznes uchun ochiq”

Biz Yevropa taraqqiyoti taklif qila oladigan eng yaxshi narsalarni o‘zlashtiramiz, xususan demokratiya va biznes yuritish usullarini”, deydi LEVEL UP forumi ishtirokchisi, Tarazdagi reklama agentligi egasi Viktor Repenko.

“Bundan tashqari, qozog‘istonliklarning o‘z milliy an’analari bor”, deydi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Bu ayrim radikal diniy oqimlar bizni majburlab kiritmoqchi bo‘layotgan jaholat yo‘lidan afzaldir”.

Repenko forumda bir necha yangi g‘oyalarni o‘rgangani va ularni o‘zining kichik shaxsiy biznesini yuritishda qo‘llamoqchi ekanini aytdi.

“Biz uchun butun dunyo ochiq”, deydi u. Internet va ingliz tili ko‘plab imkoniyatlarga yo‘l ochadi."

Tahsil olish imkoniyatlari

“Taraz” biznes uyushmasi forumlar tashkil qilish bilan cheklanib qolmay, endigina tadbirkorlikni boshlayotganlar uchun o‘quv kurslarni tashkil qilmoqchi.

Jumladan, yaqin orada uyushma o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lganlar uchun ikki oylik tadbirkorlik kurslarini ochishni rejalashtirmoqda, dedi Karvonsaroyga uyushma matbuot kotibi Diana Abdigappar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kurs har biri 2 soatlik 8 ta darsdan iborat bo‘ladi.

“Talabalar marketing, menejment va o‘z biznesini tashkil etish va yuritishga oid boshqa sohalar bo‘yicha bilim oladilar”, dedi u va kurs bahosi 80 ming tenge (250 AQSH dollari) ekanligini qo‘shimcha qildi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500