Karvonsaroy
Din

Qozog‘iston “buzg‘unchi diniy oqimlar”ga qarshi qonunni ishlab chiqmoqchi

Arman Kaliyev

Qozog‘iston parlamenti diniy radikalizm va ekstremizmning oldini olishga qaratilgan yangi qonunlarni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Suratda: 2011-yilda Ostonada parlament majlisida ishtirok etayotgan deputatlar. (MUXTAR XOLDORBEKOV / AFP)

Qozog‘iston parlamenti diniy radikalizm va ekstremizmning oldini olishga qaratilgan yangi qonunlarni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Suratda: 2011-yilda Ostonada parlament majlisida ishtirok etayotgan deputatlar. (MUXTAR XOLDORBEKOV / AFP)

OSTONA – Qozog‘iston parlamenti diniy radikalizm va ekstremizmning oldini olishga qaratilgan yangi qonunlarni qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Avvallari rasmiylar diniy guruhlarni nazorat qilish yoki jazolash huquqiga ega emas edilar. Bunga sabab – qonunda ekstremist tushunchasiga aniqlik kiritilmagan edi.

Din va fuqarolik jamiyati ishlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonunga kiritilajak o‘zgartishlar mazkur qonunchilikdagi kamchiliklarni bartaraf etadi. Qonun loyihasi yanvar oyi oxirida parlamentga ilk bor taqdim etildi. Qonun loyihalari tasdiqlanishidan avval parlamentda uch marotaba ko‘rib chiqiladi.

Tuzatishlar “buzg‘unchi diniy oqimlar” va “diniy radikallashuv” tushunchalarini qonunga kiritadi. Ushbu chora “buzg‘unchilik xatti-harakatlarini aniqlash va ularni qonunan bartaraf etishga imkon beradi”.

Niqob kiygan qozoq ayoli Olmaotadagi eng katta bozor – Baraxolkadagi mashinalar turar joyida, sentyabr. Yangi qonun jamoat joylarida tashqi diniy belgilarni namoyish qilish, jumladan, salafiy erkaklarning soqol qo‘yishi va kalta ishton kiyishini, ayollarning niqob o‘rashini taqiqlaydi. (Arman Kaliyev)

Niqob kiygan qozoq ayoli Olmaotadagi eng katta bozor – Baraxolkadagi mashinalar turar joyida, sentyabr. Yangi qonun jamoat joylarida tashqi diniy belgilarni namoyish qilish, jumladan, salafiy erkaklarning soqol qo‘yishi va kalta ishton kiyishini, ayollarning niqob o‘rashini taqiqlaydi. (Arman Kaliyev)

O‘zgarishlar qachon qonunga kiritilishi hali aniq emas.

Soqol va niqoblarni taqiqlash

Taklif etilgan qonun loyihalaridan biri, ayniqsa, salafiylar, ya‘ni o‘ta konservativ musulmonlarga oid bo‘lgan “tashqi atributlar”ning taqiqlanishi bo‘lib, u ommaviy axborot vositalarida keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Salafiylar sunniy yo‘nalishdagi Islomga oid o‘ta konservativ harakat bo‘lib, Qozog‘istondagi eng yirik noan’anaviy guruhdir. Norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Qozog‘istonda 19 000 ga yaqin salafiylar bor.

Salafiylar mamlakatning din ishlari bo‘yicha tartibot organi bo‘lgan Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi (QMDI) nazorati ostida emas. Bu tashkilot Hanafiy mazhabi (fiqh maktabi) asosida ish yuritadi.

2016-yilda Oqto‘ba va Olmaota shaharlarida sodir etilgan halokatli terrorchilik hujumlaridan so‘ng, Qozog‘iston hukumati bu ishlarda salafiylarni aybladi va guruh faoliyatini nazorat qilishni kuchaytirdi.

Taqiq salafiylar odatlaridan bo‘lgan soqol qo‘yish, kalta shim kiyish va ayollarning niqob tutishiga qarshi joriy etiladi.

Qozog‘istonlik fuqaro tashqi atributlardan faqat bittasini qo‘llaydigan bo‘lsa, rasmiylar unga qarshi taqiq qo‘ymaydi, deydi Din va fuqarolik jamiyati ishlari vaziri Nurlan Yermekbayev 29-yanvar kuni Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosining qozoq xizmatiga bergan intervyusida.

Misol uchun, agar erkak kishi faqat soqol qo‘ysa hamda salafiy g‘oyalari va urflarini namoyish etmasa, rasmiylar e’tiborini jalb etmaydi.

Diniy ta’lim va marosimlarni nazorat qilish

Muhokama etilayotgan yana bir o‘zgartirish – qozog‘istonlik talabalar chet el universitetlarida dinni o‘rganishlaridan avval, Qozog‘istonda boshlang‘ich diniy ta’limni olishlari talab etiladi.

Bundan maqsad, Yaqin Sharq mamlakatlarida ta’lim olayotgan qozog‘istonlik yoshlarning mahalliy mafkuraga xilof g‘oyalar va qadriyatlarni olib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Qonunga kiritilajak yana bir o‘zgarish nikoh yoki ajrashish marosimlarini diniy muassasalar, jumladan, masjidlardan tashqarida o‘tkazishni taqiqlashi mumkin. Yot oqimlar a’zolari to‘y marosimlarini uyda o‘tkazadilar, ayniqsa kelin balog‘atga yetmagan bo‘lsa, deydi rasmiylar.

Jamiyat radikalizmga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlamoqda

Qozog‘istonliklarning aksari, ayniqsa Olmaota va Ostona aholisi ushbu qonunchilikni qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Salafiylarni potensial terrorchilar deb atay olmayman, lekin ular bizga begona bo‘lgan arab dunyosi qonun-qoidalari va qadriyatlarini targ‘ib qilishmoqda”, dedi Karvonsaroyga Olmaota bankini 28 yashar xodimasi Asel Kasenova. “Ular Qozog‘istonda ayollar ikkinchi darajali fuqarolar hisoblanadigan islomiy davlat barpo etilishini xohlaydilar. Bizga bunday jamiyat kerak emas”.

Ostonadagi Qozog‘iston aksilterror qo‘mitasi nodavlat tashkiloti rahbari, huquqshunos Amanjol Urazbayev taklif etilayotgan cheklovlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Soqol, to‘piqdan tepa shimlar va niqoblar Qozog‘istondagi an’anaviy e’tiqod va madaniyatga yot”, deydi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Biroq, dinga mansublikni zohiran namoyish etayotganlarning ko‘pchiligini haqiqat izlab o‘z yo‘lidan adashganlar tashkil qiladi. Ular qanday mafkura ortida ekanliklari haqida aniq tushunchaga ega emaslar. Tashqi belgilar ularning yanada qat‘iyroq bo‘lib ko‘rinishlariga va boshqalarni ham chalg‘itishga sabab bo‘lmoqda.”

Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, Qozog‘iston ushbu muammo hal etishda “yengilroq yondashuv”ni tanlagan, dedi Urazbayev.

“Din va fuqarolik jamiyati ishlari vazirligi (MRCSA) bosqichma-bosqich jarayonni taklif etmoqda: dastavval, qonunbuzarlar bir nech bor ogohlantirish oladilar, shunda ham qonunga rioya qilmasalar, ularga nisbatan ma’muriy chora qo‘llaniladi. Ular faqat eng so‘nggi chora sifatida jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin”, dedi u.

Davlat diniy masalalarda keskin va qat’iy choralar ko‘rmasligi kerak, deydi Ostonadagi dinlarni o‘rganish markazlari uyushmasi rahbari, Qozog‘istondagi diniy birlashmalar bilan aloqalar bo‘yicha kengash a’zosi Yuliya Denisenko.

Uning fikricha, hukumat o‘z fuqarolarining turmush darajasini ko‘tarishi lozim.

“Davlat o‘z fuqarolariga yaxshi hayot uchun kerakli barcha narsa - yuqori sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash, ish o‘rinlari, yaxshi maosh, munosib uy-joy va kelajakka ishonch bera olsa, radikallarning muqobil hayot tarziga oid g‘oyalarni tarqatishlari mushkul bo‘lib qoladi”, dedi u Karvonsaroyga.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Islom – butun dunyoda, ayniqsa, chinakam maʼnoda eʼtiqod erkinligi mavjud boʻgan AQSHda eng tez rivojlanayotgan din. Odamlar Islomni qabul qilishdan oldin uni yaxshilab oʻrganadilar va tushunadilar. Biz esa aksincha, musulmon boʻlib tugʻilgan boʻlsak ham, Qurʼon va Sunnatni oʻqish va tushunishimiz qiyin. Biz Islomni odatiy narsa sifatida qabul qildik va bu bizning eng katta xatoimizdir, barcha Islom mamlakatlarida shunday. Musulmon mamlakatlarda aholining aksar qismi Gʻarb taʼsirida boʻlgani sababli Islom ularning chorrahasida joylashgan. Musulmon hukmdorlarning oʻzi islomga amal qilmasligi esa vaziyatni yanada ogʻirlashtiradi. Buning yechimi Islomni Qurʼon va Sunnat orqali tushunish va uni hayotga tatbiq etishdir. Shu bois mutolaa – qimmatli narsa. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Tojikistondagi holatning eʼtiborli tomoni shundaki, islom buyurgan narsalardan toʻsish uchun davlat darajasidagi keraksiz cheklovlar mavjud va bu aholining noroziligiga sabab boʻlmoqda. Boshqa musulmon mamlakatlarda Islomga amal qilishda bunday cheklovlar yoʻq – bu har bir odamning shaxsiy ishi. Shu bois Turkiya, Pokiston, Dubay, Malayziya va boshqa islom diyorlarida soqol va hijob muammo emas, soqollilar va hijoblilar kam boʻlsa ham. Bu narsalar ushbu mamlakatlarda muammo emasligi sabab, aholi orasida norozilik ham, tajovuz ham yoʻq. Bularning barchasi har bir odamning oʻz ixtiyoridagi narsadir. Pokiston soqol va hijobga cheklov qoʻyadigan boʻlsa, koʻpchilik tarafidan tasav

Javob berish

Albatta. Turmush darajasini ko‘tarish kerak. Odamlar chorasizlikdan o‘sha yerlarga borib terrorchilarga qo‘shilmoqda, chunki hayotlarida suyanchiq bo‘ladigan munosib ish joyi, oylik maosh, boshpana va hokazolari yo‘q.

Javob berish

Esi pastlar, hanafiylik mazhabida soqol va kalta ishtonlar majburiyku )))

Javob berish

Yuliya Denisenkoning fikr-mulohazalari ma’qul bo‘ldi. Turmush darajasini hech bo‘lmaganda boshlang‘ich holatga ko‘tara olsangiz, agressiv islom haqida qayg‘urmasangiz ham bo‘ladi.

Javob berish

Agar islomiy radikalizm mavjud bo‘lsa, u ham balki mamlakatdagi fuqarolarning himoyalanmagan holatlari, ishsizlik va qashshoqlik sabablidir. Jamiyatning radikallashuvi, aynan islomiy bo‘lmasa-da, tabiiy resurslarga boy Qozog‘istoning o‘ylamay-netmay boshqarilgani sabablidir, shuning uchun ham odamlar o‘zlarini o‘tqa-cho‘qqa urib yotishibdi. Ijtimoiy tarmoqlarda umuman islomiylashmagan odamlar hukumatga qarshi chiqishni targ‘ib qilayotgani odamni qo‘rqityapti va mamlakat kelajagi haqida ishonchsizlikka sabab bo‘lmoqda...

Javob berish

XUDDI SHUNDAY! Muammoning yechimini boshqa joydan izlash kerak. Odamlarning hayotini yaxshilash ularga foyda keltirmaydi. Bu dunyoda hech nima o‘zgarmaydi - bo‘lib tashla va hukmronlik qil. Barchasi bundan 200 yil avval bo‘lganidek.

Javob berish

To‘nkalar! Oylikni 100 foizga oshirsin undan ko‘ra. Quruq safsata bilan band bular. Tentaklar

Javob berish