Karvonsaroy
Salomatlik

Qirg‘iz shifokorlari silga oid yangi darslik yordamida o‘z bilimini oshirmoqda

Asker Sultanov

8-fevral kuni Bishkekdagi Qirg‘iziston davlat tibbiy shifokorlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti talabalari ftiziatriya bo‘yicha yangi darsliklarni qabul qilib olishdi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu Qirg‘iziston va Markaziy Osiyoda sil kasalligiga qarshi kurash va uning tahliliga oid ma’lumotlarni jamlagan ilk darslikdir. (Asker Sultanov)

8-fevral kuni Bishkekdagi Qirg‘iziston davlat tibbiy shifokorlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti talabalari ftiziatriya bo‘yicha yangi darsliklarni qabul qilib olishdi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu Qirg‘iziston va Markaziy Osiyoda sil kasalligiga qarshi kurash va uning tahliliga oid ma’lumotlarni jamlagan ilk darslikdir. (Asker Sultanov)

BISHKEK – AQSH hukumati qirg‘iz shifokorlari va talabalariga sil kasalligini aniqlash, davolash va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha ta’lim berishga mo‘ljallangan yangi darslikni taqdim etdi.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) uch yil davomida mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda, kasallikka qarshi kurashda mamlakat va mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganadigan yangi darslikni ishlab chiqdi.

“Yangi darslik mamlakatdagi tibbiyot o‘quv muassasalari talabalari uchun bilimlar bazasini takomillashtirishga ko‘maklashadi va tibbiyot xodimlariga ushbu mamlakatda silni aniqlash va davolash uchun zamonaviy axborot va ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi”, deydi Bishkekdagi AQSH elchixonasining OAV bo‘yicha yordamchisi Turat Makenbaev Karvonsaroy nashriga.

USAIDning “Defeat TB” loyihasi doirasida rus tilidagi darslikni ishlab chiqish va chop etish uchun 60000 AQSH dollari (4,1 million qirg‘iz so‘mi) sarflandi.

USAIDning Bishkekdagi sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha “Defeat TB” loyihasi mutaxassisi Roxat Jolurova 21-fevral kuni yangi ftiziatriya darsligi haqida so‘zlamoqda. “Bu darslikning afzalligi uning illyustratsiyalaridir”, dedi u Karvonsaroy nashriga. (Asker Sultanov)

USAIDning Bishkekdagi sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha “Defeat TB” loyihasi mutaxassisi Roxat Jolurova 21-fevral kuni yangi ftiziatriya darsligi haqida so‘zlamoqda. “Bu darslikning afzalligi uning illyustratsiyalaridir”, dedi u Karvonsaroy nashriga. (Asker Sultanov)

Darslikni yaratishga sil kasalligi bo‘yicha mutaxassislar o‘z hissalarini qo‘shdilar

Darslikni ishlab chiqish jarayoni Qirg‘izistonda uch yil avval boshlangan edi, deydi Bishkekdagi “Defeat TB” loyihasi mutaxassisi Rohat Jolurova Karvonsaroy nashriga.

Darslik mahalliy ftiziatriya (sil kasalligini davolash) mutaxassislari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shifokor va mutaxassislari muallifligida tayyorlangan.

8-fevral kuni USAID Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ta’lim va fan vazirliklariga yangi darslikning 2200 ta nusxasini topshirdi.

“Tibbiyot sohasidagi talabalarimiz vaqt bilan hamnafas bo‘lishlari va dunyoda nimalar ixtiro qilinayotganini bilishlari kerak”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy yordam ko‘rsatish va dori siyosatini tashkillashtirish idorasi bosh mutaxassisi Aelita Ibrayeva Karvonsaroy nashriga.

Yangi darslik nusxalari Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasi, Qirg‘iziston-Rossiya slavyan universiteti, O‘sh davlat universiteti, Qirg‘iziston Davlat shifokorlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tibbiyot instituti va Sog‘liqni saqlash vazirligining ilmiy-tibbiyot kutubxonasigacha yetib bordi, deydi Jolurova.

Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasi 16-fevral kuni darsliklarni qabul qilib oldi, deydi akademiyaning ftiziatriya bo‘limi mudirasi Gulnura Turdumambetova.

“U allaqachon kutubxonada”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Talabalarimizni yangi darslik kelganidan xabardor qilganmiz.”

Sil kasalligi tarqalishini cheklash

So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda sil kasalligi bilan kasallanish va o‘lim hollari kamaygan bo‘lsa-da, mamlakatda har yili 5,5 mingga yaqin yangi holatlar qayd etiladi, deydi Jolurova. Bir yilda sil kasalligi bilan og‘riganlarning 400 nafari hayotdan ko‘z yumadi.

Kasallikka qarshi kurashishda eng asosiy profilaktik chora – sil kasalligi bilan og‘riganlarni tezkorlik bilan aniqlash. Bunga sil kasalligiga qarshi yangi preparatlar va strategiyalar orqali imkon yaratildi, deydi u.

“USAID tashkiloti Qirg‘iziston hukumati bilan laboratoriyalarni modernizatsiya qilish, yangi davolash modellarini joriy etish, bemorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga oid islohotlarni amalga oshirish yo‘li bilan kasallikning tarqalishini cheklash bo‘yicha ish olib bormoqda”, deydi Makenbaev.

Bilim darajasini oshirish

Biroq, asosiy muammo Qirg‘izistonda tahsil olgan shifokorlarning yetarli bilim va ko‘nikmaga ega emasligida edi, dedi Jolurova.

“Mutaxassislar 1990-yillarda chop etilgan darsliklar asosida ta’lim olishardi, bu esa zamonaviy standartlarga javob bermaydi”, dedi u. “Qirg‘izistondagi tibbiy o‘quv yurtlari bitiruvchilari silga oid zamonaviy holatlarni bilmaydilar va shu sabab uni samarali davolay olmaydilar.”

“Ftiziatriyaga oid darsliklar eskirgan”, deydi Ibrayeva. “So‘nggi bir necha yil ichida, sil kasalligini aniqlashda katta o‘zgarishlar yuz berdi, yangi standartlar joriy etildi hamda shu standartlarga asoslangan yangi davolash va diagnostika usullari aniqlandi.”

“Shu sababli, Qirg‘izistonda talabalarga o‘qitilayotgan darsliklarni qayta ko‘rib chiqish va xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv jarayonini joriy etish muhim ahamiyatga ega bo‘ldi”, dedi u.

“O‘quv qo‘llanmasi ajoyib”

“Kafedradagi 20 yillik faoliyatim davomida Qirg‘izistonda ftiziatriya xizmatining rivojlanish tarixi keltirilgan darslikni ilk bor ko‘rishim”, dedi Turdumambetova.

“Darslik “suratlarga boy hamda sil kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va xalqaro dasturlarga oid juda ko‘p ma’lumotni o‘z ichiga olgan”, dedi u.

“Darslikning afzalligi uning suratlaridir”, dedi Jolurova.

“Har bir mavzu suratlar bilan yoritilgan, har bir bo‘lim va rasmlar aniq-tiniq ko‘rsatilgan”, deydi u. “Darslikdagi suratlarda jonli misollar keltirilgan bo‘lib, ular muallif amaliyotlaridan olingan”, deb qo‘shimcha qiladi u.

Kitobda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini qo‘llagan holda, silning barqaror turiga chalingan bemorlarni davolash usuli yoritilgan, dedi Jolurova.

“Ftiziatriya bo‘yicha yangi darslikdan ilk bor Qirg‘iziston va Markaziy Osiyoda silga qarshi kurash muammolari tahlili va ma’lumotlar o‘rin olgan”, dedi u. “Darslik ilg‘or xalqaro tajribaga mos keladi va sil haqida eng yangi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan.”

“Darslikka zamonaviy epidemiologiya ham kiritilgan”, deydi Turdimambetova. “Bir so‘z bilan aytgandi, u ajoyib.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Juda zo‘r Juda zo‘r

Javob berish