Karvonsaroy
Diplomatiya

Tojikiston-O‘zbekiston aloqalarining qayta tiklanishi muvaffaqiyatli kechmoqda

Nig‘matullo Mirsaidov

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon (o‘ngda) 9-10-mart kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tgan bir qator uchrashuvlar davomida. (Tojikiston prezidenti matbuot xizmati)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon (o‘ngda) 9-10-mart kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tgan bir qator uchrashuvlar davomida. (Tojikiston prezidenti matbuot xizmati)

DUSHANBE – Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari ishonchsizlik va noroziliklarni o‘tmishda qoldirib, yangi “birodarlik” munosabatlariga poydevor qo‘ymoqda.

9-10-mart kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga ilk davlat tashrifi butun mamlakat bo‘ylab olqishlandi.

Ushbu uchrashuv “munosabatlarimiz tiklanishining debochasi bo‘ldi”, deydi Tojikiston parlamentining xalqaro aloqalar, jamoat tashkilotlari va axborot qo‘mitasi raisi Olim Salimzoda.

“So‘nggi vaqtlarda sodir bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlar bizlarga umid bag‘ishlamoqda”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

Spitamen tumanidagi Sarband chegara punkti o‘n yilga yaqin vaqt davomida yopiq bo‘lganidan so‘ng qayta ochildi. Fuqarolar Tojikiston tomonida hujjatlarni to‘ldirishmoqda, 27-fevral. (Negmatullo Mirsaidov)

Spitamen tumanidagi Sarband chegara punkti o‘n yilga yaqin vaqt davomida yopiq bo‘lganidan so‘ng qayta ochildi. Fuqarolar Tojikiston tomonida hujjatlarni to‘ldirishmoqda, 27-fevral. (Negmatullo Mirsaidov)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9-10-mart kunlari Dushanbega tashrifi harbiy tantana, konsert va Dushanbe ko‘chalarida o‘quvchilarning ikki davlat bayroqchalari bilan olqishlashi bilan kutib olindi, deb xabar beradi AFP. (Tojikiston prezidenti matbuot kotibi)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9-10-mart kunlari Dushanbega tashrifi harbiy tantana, konsert va Dushanbe ko‘chalarida o‘quvchilarning ikki davlat bayroqchalari bilan olqishlashi bilan kutib olindi, deb xabar beradi AFP. (Tojikiston prezidenti matbuot kotibi)

“20 yil ichida munosababtlar sovishi bilan ikki davlatda ko‘plab muammolar vujudga keldi va endilikda ishonch muhitini yaratish juda muhim”, deydi xo‘jandlik Dilshod Karimov. “Shundan so‘nggina, muammolarga munosib yechim topish mumkin bo‘ladi.”

Yigirma yil avval turli muammolar, jumladan, suv va chegaraga oid bahslar hamda O‘zbekistonning Tojikistondagi xavfsizlik borasidagi xavotirlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashishiga olib keldi.

Viza cheklovlari bekor qilindi

Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 9-mart, juma kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan iliq uchrashuvda 17 yil davomida amalda bo‘lgan visa rejimini bekor qilishga kelishib oldilar, deb xabar berdi AFP nashri.

Kelishuvga asosan, o‘zbekistonlik va tojikistonlik fuqarolar bir-birlarining davlatlarida 30 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin, ammo bu kelishuv qachon kuchga kirishi noma’lum.

Ikki davlatning “birodar xalqlari” viza rejimining bekor qilinishini, shu bilan birga, uzoq vaqt tang ahvolda bo‘lgan o‘zaro munosabatlarning qayta tiklanishini “ko‘p yillar davomida kutishgan”, deb aytgan Rahmon AFP nashriga ko‘ra.

Bunga javoban Mirziyoyev savdo va tranzit masalalarini o‘z ichiga olgan muzokaralardan so‘ng, ikki davlat munosabatlari o‘rtasida “hal qilinmagan muammolar qolmadi” dedi.

“Mashaqqatlarimiz tugadi deb umid qilaman”, deydi 2009-yilda tojikistonlik yigitga turmushga chiqqan O‘zbekiston fuqarosi Mag‘firat Onorboyeva Sanjarbek qizi.

Turmush qurganidan beri, Onorboyeva har yili bir yil muddatga berilgan vizasi tugashi bilan Tojikistonni qisqa muddatga tark etib, qayta kirishga majbur bo‘lardi.

Chegara punktlarining qayta ochilishi

Munosabatlarning iliqlashuvi natijasida Tojikiston va O‘zbekiston shu oy boshida bir nechta chegara o‘tkazish punktlarini qayta ochdilar va o‘tgan yilning aprel oyida yarim asrdan beri ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni ham tikladilar.

Ikki rahbar uchrashuvidan bir kun avval, O‘zbekiston va Tojikiston uzoq yillar davomida qarovsiz qolgan temir yo‘li va ikki mamlakat chegarasidagi to‘qqizta o‘tkazish punktlarining qayta ochilishini nishonladi.

Tojikiston chegara xizmati matbuot kotibi Muhammad Ulug‘xo‘jayev, AFP nashriga ba’zi chegara postlari deyarli o‘n yil oldin yopilganini, Sovet davridan qolgan temiryo‘llar esa ikki davlat munosabatlari sovishi natijasida 2011-yilda ishdan chiqqanini aytib o‘tdi.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, chorshanba, 14-mart kuni yangilangan liniya bo‘ylab ilk yo‘lovchi poyezdi harakatlana boshlaydi.

Yanvar va fevral oylarida uchta – Anarxon-Patar, Ravot-Beshariq va Sarband-Qo‘shtegirmon nazorat-o‘tkazish punktlar ochildi. Natijada, chegaradan o‘tish yanada osonlashdi.

Bungacha So‘g‘d viloyatida faqat bitta – Toshkent viloyati bilan chegaradagi “Fotihobod-Oybek” o‘tkazish punktigina ishlar edi. Uni kesib o‘tish uchun o‘zbek vizasi talab qilinardi.

Nazorat-o‘tkazish punktlari So‘g‘d viloyatini O‘zbekistonning uchta viloyati - Farg‘ona, Sirdaryo va Jizzax bilan bog‘laydi. Ular chegara hududlarida yashovchi aholi uchun eng qisqa yo‘nalish bo‘ylab qo‘shni mamlakatga o‘tish imkonini beradi.

Chegaraning ikki tarafidagi oilalar qayta birlashmoqda

Chegarani kesib o‘tayotganlar o‘zgarishlarni darrov sezishdi.

Ikkala tarafdagi chegarachilar ham muloyimlik bilan o‘z ishlarini bajarmoqdalar, avval bo‘lgani kabi, arzimagan narsa bilan muammo chiqarishga urinmayaptilar”, deydi O‘zbekistonning Yangiyeridan bo‘lgan Zohid Niyozov. “Ularga pasportimni ko‘rsatishim yetarli bo‘ldi”.

“10 yil davomida ko‘rmagan tojikistonlik qarindoshlarimni ziyorat qilib, O‘zbekistonga qaytyapman”, deydi Karvonsaroyga bekobodlik Dilorom Po‘latova “Sarband-Qo‘shtegirmon” nazorat o‘tkazish punktida. “O‘zgarishlar odamni quvontiradi”.

Tojikistonning Devashtich tumanidan bo‘lgan nafaqaxo‘r Kifoyat Ashurova O‘zbekistonning Bekobod va Yangiyerida qarindoshlari borligini aytadi.

“Spitamen va Zafarobod tumanlaridagi o‘tish punktlari yopilgach, yakkayu yagona ochiq punkt – Mastchoh tumanidagi “Fotihobod-Oybek” nazorat o‘tkazish punktiga yetib olishim uchun ortiqcha o‘nlab kilometr yo‘l bosishimga to‘g‘ri kelardi”, dedu u Karvonsaroyga. “Natijada ortiqcha xarajat bilan birga, ko‘p vaqt yo‘qotilar edi”.

Yangi iqtisodiy imkoniyatlar

Ikki mamlakat o‘rtasida viza va safarlarga oid cheklovlar nafaqat qo‘shnichilik aloqalarini, balki mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni ham tang ahvolda qoldirdi, deyishadi kuzatuvchilar.

“Odamlar va tovarlarning erkin harakatlanishi iqtisodiy hamkorlikning muhim shartlaridan biridir”, deydi So‘g‘d viloyatining savdoga ko‘maklashish markazi rahbari Abdurahmon Huseynov.

“O‘zbekistonning transport yo‘laklari mintaqaviy hamkorlik uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega”, dedi u Karvonsaroyga. “Ular Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, jumladan, Afg‘oniston bilan ham o‘zaro tijoriy aloqalarni kengaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratishi mumkin.”

Mirziyoyev bilan uchrashuvdan so‘ng, Rahmonov ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini yiliga 1 mlrd. AQSH dollarigacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishilganini aytdi, deb xabar beradi Asia-Plus.

Energiya taqsimotiga oid kelishuvlarning tiklanishi

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida transport, iqtisodiy hamkorlik va energetika sohasidagi munosabatlarning iliqlashuvi natijasida mintaqada sovet davrida mavjud bo‘lgan yagona energotizim tiklanishiga umid qilayotganlar ham yo‘q emas.

“Yagona energotizim bir mamlakatdagi energiya taqchilligini, boshqa birida esa uning keragidan ortiq ekanini hisobga olgan holda energiya oqimini boshqarishi mumkin”, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda So‘g‘d viloyatidagi “Barki tojik” davlat xoldingi vakili To‘ra Otamov.

Yoz mavsumida keragidan ortiq elektr energiyaga egalik qiluvchi Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shni Qozog‘iston va O‘zbekistonda sanoat ko’lamining kengayishi natijasida yuzaga kelgan taqchillikni hal etishi mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500