Karvonsaroy
Xavfsizlik

Yil oxirigacha Qozog‘istonda barcha uyali telefonlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi

Aydar Ashimov

Qozog‘iston Axborot va aloqa vazirligi fuqarolardan 31-dekabrga qadar o‘z telefonlarini va shaxsiy ma’lumotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlarini so‘radi. (File)

Qozog‘iston Axborot va aloqa vazirligi fuqarolardan 31-dekabrga qadar o‘z telefonlarini va shaxsiy ma’lumotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlarini so‘radi. (File)

OSTONA – Qozog‘iston Axborot va aloqa vazirligi mamlakat fuqarolarini yil oxiriga qadar mobil qurilmarni ro‘yxatdan o‘tkazishga chaqirmoqda.

31-dekabr so‘nggi muddat etib belgilangan. Hukumat bu muddatga qadar ro‘yxatdan o‘tmaganlar uchun qanday jarima belgilanishi haqida ma’lumot bermagan.

“Ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan identifikatsion kodga ega va Qozog‘iston hududidagi uyali aloqa tarmoqlariga ulangan barcha mobil qurilmalar ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak”, deyiladi vazirlik bayonotida. Bu haqida 18-aprel kuni Tengrinews nashri xabar bergan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, har bir xalqaro mobil qurilma identifikatori (IMEI) kodi alohida foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotiga bog‘lanadi. Bu ma’lumot Davlat radiochastotalar xizmatining umumiy ma’lumotlar bazasida saqlanadi.

22-aprel kuni Qozog‘istondagi mobil aloqa foydalanuvchilari IMEI raqamlari haqida ma’lumot berishlari kerakligi haqida xabar olganlar. (Aydar Ashimov)

22-aprel kuni Qozog‘istondagi mobil aloqa foydalanuvchilari IMEI raqamlari haqida ma’lumot berishlari kerakligi haqida xabar olganlar. (Aydar Ashimov)

“Qozog‘sitonda terrorizmga qarshi kurash maqsadida mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti ikki yil oldin joriy etilgan edi”, dedi tarazlik siyosatshunos va “Beybit Aspan” (Tinch Osmon) nodavlat tashkiloti rahbari Ruslan Seksenbayev Karvonsaroy nashriga.

Shunga qaramay, qurilma kodining yakka o‘zi foydalanuvchi haqida ma’lumot bermaydi, dedi u.

“Shu sababli, qurilmaning IMEI kodi, foydalanuvchining telefon raqami va uning shaxsiy ma’lumotlari barchasi birgalikda saqlanadi”, dedi u.

To‘plangan ma’lumotlar huquq-tartibot organlariga yo‘qotilgan va o‘g‘irlangan telefonlarni IMEI kodlar orqali topishga yordam beradi, dedi Seksenbayev.

Bu ma’lumotlar hukumatga terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash va bartaraf qilishda ko‘maklashadi, dedi u. “Ayrim hollarda mobil qurilmalar bombalarni portlatishda qo‘llanishi mumkin”, deb qo‘shimcha qildi u.

Foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish

“Har bir mobil telefonda seriya raqami va IMEI kodi bor”, dedi ostonalik IT mutaxassisi Bolat Iskakov Karvonsaroy nashriga. “Bu kod xalqaro formatda bo‘ladi va har bir telefon uchun noyob bo‘lib, ishlab chiqaruvchi tomonidan unga “o‘yib yozilgan” kabidir – uni o‘zgartirib bo‘lmaydi.”

Qozog‘istondagi barcha mobil qurilmalar va ularning egalari yagona ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi, dedi u.

“IMEI kodini aniqlash juda oson – telefoningizda *#06# kombinatsiyasini terasiz va u ekranda paydo bo‘ladi”, dedi Iskakov.

Agar telefon ikkita SIM karta uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, uning ikkita IMEI kodi bo‘ladi, dedi u.

“Foydalanuvchilar o‘z ma’lumotlarini turli yo‘llar bilan taqdim etishlari mumkin, bular: SMS yuborish, operatorga qo‘ng‘iroq qilish, xizmat markaziga borish, veb-sayt va mobil ilova orqali”, dedi Beeline kompaniyasi vakili Aleksey Bendz Karvonsaroy nashriga.

“Bu qarorga dastlab salbiy munosabat bildirildi”, deydi ostonalik Alina Berdanova.

Uyali telefon foydalanuvchilariga bu shaxsiy ma’lumotlar to‘planishi uchun yana bir bahona, hukumat tomonidan fuqarolarni kuzatishning navbatdagi usuli va yana vaqt yo‘qotishdek bo‘lib ko‘rindi, dedi u.

“Ammo, hukumat ro‘yxatga olish jarayoni bir necha daqiqadan ko‘p vaqt olmaydi deb va’da beryapti”, deydi Berdanova. “Xavfsizlik uchun bu ishni qila olamiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500