Karvonsaroy
Transport

O‘zbekiston va Qirg‘iziston poytaxtlari o‘rtasidagi avtobus qatnovi tiklandi

Arman Kaliyev

7-maydan boshlab Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari bir poytaxtdan ikkinchisiga bitta avtobusning o‘zida yetib olishlari mumkin. O‘tgan yil olingan ushbu suratda Bishkekdagi avtobus bekati aks etgan. (Dong Li)

7-maydan boshlab Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari bir poytaxtdan ikkinchisiga bitta avtobusning o‘zida yetib olishlari mumkin. O‘tgan yil olingan ushbu suratda Bishkekdagi avtobus bekati aks etgan. (Dong Li)

BISHKEK – Uzoq yillar davom etgan chegaralardagi noqulayliklardan so‘ng O‘zbekistonning Toshkent shahridan Qirg‘izistonning Bishkek shahrigacha yagona avtobus qatnovi tiklandi.

Ikki shahar o‘rtasidagi muntazam avtobus qatnovi dushanba, 7-maydan e’tiboran Toshkent avtovokzalidan yo‘lga qo‘yildi, deb xabar beradi O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi (O‘zavtotrans).

12 soatdan ortiqroq davom etadigan reys davomida avtobus bir necha bor to‘xtab, jami 601 kilometr masofani bosib o‘tadi.

Qatnov “Mironshox Grand Trans” (O‘zbekiston) va “Trans Soyuz-Asia” (Qirg‘iziston) xususiy operatorlari tomonidan amalga oshiriladi. Bir tomonga chipta narxi 120 ming o‘zbek so‘mi yoki 1030 qirg‘iz so‘miga teng (15 AQSH dollari atrofida).

Yangi xizmatga talab katta, reys boshlanguniga qadar deyarli hamma chiptalar sotib bo‘linadi, deydi Bishkekdagi avtobus bekati dispetcheri Marina Yusupova.

“Asosan noqulayroq bo‘lgan orqa qatordagi joylar bo‘sh qoladi”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Avtobuslarning o‘zi esa juda qulay. Yo‘lovchilar mamnun.”

Yo‘lovchilarning yarmi o‘zbek, yarmi qirg‘izlarlar, deb qo‘shimcha qildi u.

Avtobus qatnovining tiklanishi ikki xalqni yanada yaqinlashtiradi, dedi bishkeklik 52 yashar Ravshan Abdullayev.

“Men Qirg‘izistonda yashaydigan asli o‘zbekman”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Toshkentda qarindoshlarim ko‘p... To‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobus qatnovi yo‘qligida bir-birimizni ko‘rish uchun borishga qiynalar edik.”

Yangi qatnov o‘zaro aloqalarni kuchaytiradi

Sovet Ittifoqi davrida Markaziy Osiyo aholisi bir respublikadan boshqasiga muntazam ravishda va osonlik bilan qatnar edi, sababi bu davlatlarda yagona chegara rejimi mavjud edi.

Ammo, Sovet Ittifoqi inqirozidan keyin yopiq siyosat olib borgan Islom Karimov davrida O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan aloqalarni minimallashtirishga harakat qildi.

Toshkent va Bishkek oralig‘ida 1990-yillar o‘rtalarida ishga tushgan avtobus xizmati faqat chegaraga qadar bo‘lib, unda yo‘lovchilar bir davlat chegarasiga kelib, passport nazorati ba bojxona xizmatlaridan o‘tgach, qo‘shni mamlakat avtobusiga o‘tirishga majbur edilar.

2016-yilda Karimov o‘rniga davlat boshqaruviga kelgan Shavkat Mirziyoyev o‘z mamlakatini qo‘shnilari bilan qayta integratsiya qilishga kirishdi.

Mirziyoyev “ochiq siyosat yuritmoqda... bu orqali xalqlarimiz bir-biri bilan do‘stlashishidan umidvormiz”, dedi bishkeklik Abdullayev.

Amaldagi va rejadagi boshqa yo‘nalishlar

Ayni paytda amalda bo‘lgan yoki rejalashtirilayotgan boshqa yo‘nalishlar ham O‘zbekistonga qo‘shnilari bilan aloqasini tiklashga yordam bermoqda .

Shu yilning yanvar oyida “Uzavtotrans” Qirg‘izistonning O‘sh va O‘zbekistonning Farg‘ona hamda Andijon shaharlari o‘rtasida muntazam avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganini e’lon qilgandi. Bu rejalar hali amalga oshganicha yo‘q.

Shu yilning yanvar oyidan boshlab Toshkent va Chimkent o‘rtasida ham avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Aprel oyidan Toshkent va Olmaota oralig‘ida ham qatnov boshlangan.

Bu orada, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Dushanbega tashrifi chog‘ida Tojikiston va O‘zbekiston o‘zaro avtobus qatnovlarini ochish va chegaraga oid boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olgandi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Avtobus qatnovi hali ham davom etmoqdami

Javob berish