Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rahmon va Votel uchrashuvida Tojikistonning Markaziy Osiyodagi alohida roli qayd etildi

Negmatullo Mirsaidov

AQSH qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni, general Jozef Votel Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘ngda) bilan qo‘l siqishmoqda, 11-may, Dushanbe. (File)

AQSH qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni, general Jozef Votel Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘ngda) bilan qo‘l siqishmoqda, 11-may, Dushanbe. (File)

DUSHANBE – Tojikiston va Qo‘shma Shtatlar o‘zaro aloqalarni yanada kuchaytirish va zamonaviy xavfsizlik tahdidlari va muammolariga birgalikda yechim topishga intilmoqdalar.

AQSH qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni, general Jozef Votel Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, mudofaa vaziri Sherali Mirzo va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashish maqsadida 11-may kuni Dushanbega tashrif buyurdi.

Rahmon va Votel “Tojikiston va Afg‘oniston chegarasi mudofaasini yanada kuchaytirish, tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha kejalakdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish va zamonaviy muammolar, ayniqsa terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlik” kabi masalalarni muhokama qildilar, deyiladi Rahmon matbuot xizmati xabarida.

AQSH va Tojikiston: manfaatlar mushtarakligi

Votel Qo‘shma Shtatlar va Tojikistonning umumiy manfaatlariga e’tibor qaratdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizligini mustahkamlash, ularning suverenitetini himoya qilish, yangi tahdidlarga qarshi kurashish va Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash shunday manfaatlar sirasiga kiradi, dedi Votel jurnalistlarga Dushanbeda o‘tgan matbuot anjumanida.

“Bu yil biz Tojikistonga umumiy qiymati 18 million AQSH dollariga (161 million tojik somoniysi) teng muhandislik, mashinalar, uskunalar va qurilish materiallarini yetkazib beramiz, bu chegaralarni mustahkamlashga bevosita hissa qo‘shadi”, dedi u. 1992-yildan beri AQSH Tojikistonga 1,8 milliard AQSH dollariga teng dasturlar va gumanitar yordamni taqdim etgan, deb qo‘shimcha qildi u.

Votel tojik hukumatining Markaziy Osiyo rivojida muhim bo‘lgan chegara xavfsizligi va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi, deyiladi Dushanbedagi AQSH elchixonasi bayonotida.

Shu bilan birga, Votel “Tojikiston hukumatiga 4-may kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan terrorga qarshi kurash va radikalizmning oldini olish hamda dunyodagi va Afg‘onistondagi terror o‘choqlarini bartaraf etishda AQSHning sa’y-harakatlariga bag‘ishlangan anjumanga mezbonlik qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi”, deyiladi bayonotda.

Tahlilchilar: Tojikiston Afg‘onistondagi tinchlikka muhtoj

AQSHning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga va ko‘plab afg‘on qabilalari bilan umumiy etnik aloqalarga ega bo‘lgan Tojikiston bu mamlakatda tinchlik o‘rnatishda muhim rol o‘ynashi mumkin, deydi Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Sayfullo Safarov.

“Afg‘onistondagi tinchlik mamlakatimiz ishtirok etayotgan bir qator loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratishi mumkin”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Afg‘oniston boshqa davlatlarga elektr quvvati va xomashyo kabi yuklarni olib o‘tish uchun kerak. U iqtisodiy aloqalarimizni sezilarli darajada kengaytira oladigan dengiz portlari tomon yo‘l hamdir.”

“Shuning uchun qo‘shnilarimiz tinchlik va barqarorlikka erishishi uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500