http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/05/23/feature-02
| Transport

Qozog‘istonda xavfsizlik qoidalarini buzgan Rossiya va Eron kemalari ushlandi

Arman Kaliyev

image

Qozog‘istonning Oqtov portidagi kemalar, sanasiz surat. (Oqtov porti)

OSTONA – Qozoq rasmiylari Oqtov va Bautino portida xavfsizlikka oid bir nechta qoidalarni buzgani sabab, 3 ta Eron va 1 ta Rossiya kemasini ushlab turibdi.

21-may, dushanba kuni Interfaks-Qozog‘iston agentligining Investitsiyalar va taraqqiyot vazirligiga tayanib xabar berishicha, jami 53 ta kema tekshiruvdan o‘tkazilgan va ularning to‘rttasi ushlab qolingan.

Ularda yong‘in xavfsizligi me’yorlarining buzilgani, korpusning germetik qatlamidagi muammolar va kema yukxonasi eshiklarining suv kirishidan yetarlicha himoyalanmagani aniqlangan, deyiladi vazirlik xabarida.

Kemalarning chidamliligi talab darajasida bo‘lmagan, buning ustiga, ularning korpusi va uskunalari korroziyaga uchragan.

“Bundan tashqari, kemalar jurnallari xalqaro konvensiyalar talablariga javob bermasligi, shuningdek, ekipaj a’zolarining diplom va sertifikatlari ular egallagan lavozimga nomuvofiq ekanligi ma’lum bo‘ldi”, deb xabar bergan vazirlik matbuot xizmati.

“Erondan kelgan besh kema portdan chiqish oldidan bartaraf etilishi kerak bo‘lgan muammolar haqida ogohlantirilgan. Ular quyi darajadagi ekipaj a’zolarining malakasi bilan bog‘liq.”

Oqtau va Bautino portlari ma’muriyati Rossiya va Eronning port rasmiylariga xalqaro standartlarga javob bermaydigan kemalarga okeanda suzishga ruxsat bermaslikni so‘rab maktub yuboradi, deyiladi vazirlik xabarida.

Qoidabuzarliklar tarixi

Qozog‘iston hukumati avval ham Rossiya kemalarining yuk tashish qoidalarni buzishi, shu jumladan, Kaspiy dengizi ekologiyasiga zarar yetkazishi bog‘liq holatlarga duch kelgan.

2016-yil noyabr oyida Rossiyaning Araks kemasi Qozog‘iston yaqinidagi qumli sohilda sayozlikka o‘tirib qolishi ortidan ekologik halokat yuz berishi bilan bog‘liq xavotirlar kuchaygan edi.

Tankerda Kaspiyning biologik atrof-muhitiga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan 550 tonna neft mahsuloti, qayta ishlangan neft, ostki suvlar va neftli tuproq bo‘lgan.

Kema ekipaji suzib keta olmaganidan so‘ng, qutqarish operatsiyasini boshlash uchun zarur bo‘lgan falokat signalini jo‘natmay, qochishga uringan, ammo qozoq rasmiylari tomonidan qo‘lga olingandi.

Kema egasi – “Transkaspiy” nomli Rossiya kompaniyasi tankerni qumlik qirg‘oqdan olib chiqish haqidagi bildirishnomalarni e’tiborsiz qoldirgan, dedi Oqtov va Bautino portlari dengiz boshqarmasi rahbari Nurbol Yermanov.

Qonunbuzarlarni jazolash vaqti

Kaspiy dengizini allaqachon tartibga keltirish kerak edi, deydi olmaotalik siyosatshunos Talgat Ismagambetov.

“Bu yerda Rossiya kemalari ham suzib yuradi, ular barcha xavfsizlik qoidalarini buzib, atrof-muhitga jiddiy tahdid tug‘diradi”, dedi Ismagambetov.

Qozog‘iston o‘z suvlari va portlarida qat‘iy nazoratni amalga oshiradi va bu masalada ittifoqdosh qo‘shni davlatga ham yon bermoqchi emas, dedi u.

“Bugungi kunda Qozog‘iston Rossiyadan masofalanishga harakat qilmoqda. Afg‘onistondagi xavfsizlikni ta’minlashda AQSH bilan hamkorlik, Kaspiy dengizidagi Oqtov va Kurik portlaridan AQSHning foydanalanishiga ruxsat berilishi, lotin alifbosiga o‘tish, shuningdek, Qozog‘istonning yaqinda BMT xavfsizlik kengashida Suriya masalasi bo‘yicha neytral pozitsiyani egallagani shundan dalolat bermoqda”, dedi Ismagambetov Ostonaning Rossiya foydasiga ovoz bermay, betaraf qolganini nazarda tutib.

Sizga maqola yoqdimi?
8
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha