http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/05/25/feature-01
| Texnologiya

Rossiya va Eronda taqiqlangan Telegram Markaziy Osiyoda ommalashib bormoqda

Maksim Yeniseyev

Telegram xabarlari jonli tarzda Facebook sahifasiga joylanishi (ikki platformaning o‘zaro bog‘lanishi) haqidagi e’lon, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy Telegram kanalidan olingan skrinshot.

TOSHKENT – Mashhur xabar almashish ilovasi – Telegramdan Markaziy Osiyoda tobora ommalashib borayotgan bir paytda, Rossiya va Eron o‘z fuqarolarining undan foydalanishini cheklash yo‘llarini izlamoqda.

“Telegram shunchaki xabar almashish dasturigina emas, u postsovet hududda raqamli erkinlik timsoliga aylandi” deydi toshkentlik 36 yoshli veb-dasturchi Alisher Xudoynazarov Karvonsaroy bilan suhbatda.

30-aprel kuni minglab moskvaliklar Rossiya fuqarosi tomonidan ishlab chiqilqan ilovaning taqiqlash haqidagi sud qaroriga norozilik bildirib ko‘chalarga chiqdilar. Moskvada namoyish o‘tkazilgan kuniyoq Eronning madaniyat va OAV sudi ham ilovani taqiqlashga qaror qilgan.

Suratda logotipi ko‘rsatilgan Telegram xabar almashish ilovasi Rossiya va Erondagi taqiqqa qarshi kurashmoqda. (Telegram)

Foydalanuvchilar repressiv hukumat davrida bo‘lganidek, virtual maxfiy tarmoqlar (VPN) orqali ilovadan foydalanayotgan bo‘lsa-da, inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlovchilarga ayon bo‘lgani – Rossiya va Eron o‘z fuqarolarining shaxsiy hayotini nazorat qilib, ularni so‘z erkinligidan mahrum etmoqchi.

Telegram “Rossiya federal xavfsizlik xizmatiga (FSB) shifrlash kalitlarini berishdan bosh tortgan yagona xabar almashish ilovasi”, deydi Xudoynazarov. “Odamlar o‘z sirlarini unga ishonmoqdalar.”

Shaxsiy hayot daxlsizligi va erkinlik uchun kurash

Kreml tomonidan foydalanuvchilarning xavf ostiga qo‘yilishi bosimi ostida, Telegram internetdagi maxfiylik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qildi.

Telegram o‘zining rasmiy saytida “sizning shaxsiy suhbatlaringiz uchinchi tarafning kuzatuvidan himoya qilinadi” va “shaxsiy ma’lumotlaringiz uchinchi tarafdan himoya qilinadi” deb ma’lum qilarkan, ushbu masalani ustuvor vazifa deb bilishini aytgan.

Bunday qadriyatlar Telegramni turli diktatorlar va korrupsiyalashgan davlatlarga qarshi qilib qo‘ysa-da, erkinlik va maxfiylikning himoya qilinishi uning foydalanuvchilari sonini oshirdi.

Telegramdan bir oyda 200 million odam foydalanadi, deb xabar bergan edi kompaniya 22-mart kuni.

Eron sudi qaroridan avval, Eron va O‘zbekiston Telegramning Android ilovasi foydalanuvchilari soni bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lib turgan edi, deb xabar beradi AQSHning App Annie tahlil kompaniyasi. Mazkur reyting Google Play statistikasiga asoslangan.

Bu reytingda Qirg‘iziston, Rossiya va Qozg‘iston mos ravishda 6, 12 va 14-o‘rinlarni egallagan.

Markaziy Osiyo hukumatlarining bag‘rikengligi

Rossiya va Erondan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyo hukumatlari Telegram kabi bunday ishonchli va qulay ilovani taqiqlashga hojat ko‘rmayapti.

O‘zbekistonda ilovadan butun mamlakat bo‘ylab keng foydalaniladi va hukumat uni taqiqlash niyatida emas.

“Butun mamlakat u orqali muloqot qiladi”, deydi toshkentlik 22 yashar Oleg Selivanov Karvonsaroy nashriga. “Prezident ham, hatto deyarli barcha vazirliklar ham unda o‘z kanallariga ega.Yo‘l harakati boshqarmasi ham Telegram orqali qoidabuzarlik holatlarini qabul qilmoqda. U orqali pitsaga buyurtma berishingiz yoki taksi chaqirishingiz mumkin.”

“Rossiyada Telegramning taqiqlangani haqida xabarlar tarqalgach”, deb eslaydi toshkentlik 25 yashar Mansur Po‘latov. – “ijtimoiy tarmoqlarda vahima paydo bo‘ldi. Bu bizga ham yetib kelishini kutgandik. Ammo hech nima ro‘y bermadi.”

“Bu yerga kelinglar deb, hatto rossiyaliklar bilan hazillasha boshladik”, dedi u.

“Bloklash o‘ta keskin chora”, degan edi Qozog‘iston Axborot va kommunikatsiya vaziri Dauren Abayev 4-aprel kuni Kazinform nashriga.

Telegramga nisbatan bunday keskin choralar ko‘rilmasligi kerak edi, chunki uning rahbariyati Qozog‘iston rasmiylari e’tiroz bildirgan alohida sahifalarni o‘chirib kelgan, dedi u.

Qirg‘iziston ham bu ilovaga nisbatan xuddi shunday munosabatda.

“Har qanday ekstremistik axborot tarqatgan onlayn manbalar bloklanadi”, deb xabar bergan Qirg‘iziston Axborot texnologiyalari va aloqa qo‘mitasidagi manba 24.kg nashrida 13-aprel kuni chop etilgan maqolada. “Qirg‘izistonda bu faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi.”

O‘tgan yil dekabr oyida Tojikiston hukumati Viber, Telegram va WhatsApp kabi ilovalarni taqiqlashga imkoniyati yo‘qligi haqida xabar bergan.

“Raqamli qarshilik timsoli”

Rossiya politsiyasi taxminlariga ko‘ra, aprel oyida Telegramning taqiqlanishiga qarshi o‘tkazilgan namoyishlarda 7500 ga yaqin odam ishtirok etgan. Ammo Oq Hisoblagich (Belyi Schetchik) nodavlat tashkiloti xabariga ko‘ra, u yerda 12 mingga yaqin odam bo‘lgan.

Telegram asoschisi Pavel Durov bu namoyishchilarning jasoratini olqishladi.

“Ba’zilar namoyishlar hech nimani o‘zgartirmaydi deyishi mumkin. Ammo bu holatda emas”, deb yozgan u 29-aprel kuni o‘zining VKontakte sahifasida. “Agar hech narsa qilinmasa, Rossiya Telegram va boshqa mashhur xizmatlarni qo‘ldan boy beradi. Sizning faol ishtirokingiz tarixni o‘zgartirishi mumkin.”

Ilovani taqiqlashga buyruq berish va bunga amalda erishish ikki xil narsa ekanligini Rossiya hukumati tushunib yetmoqda.

Hukumat o‘rnatgan filtrlarni cheklab o‘tadigan VPNlarni taqdim etuvchi TorGuard kompaniyasi aprel oyidan beri rossiyalik abonentlar soni 1000 foizga oshganini qayd etgan. Bu haqda kompaniya rahbari Rossiyaning Kommersant nashrida 21-may kuni chop etilgan maqolada ma’lum qildi.

“Pavel Durov ustomonlik bilan turli choralarni ishlab chiqmoqda va natijada xizmat hamon ishlayapti”, deydi kaliningradlik 46 yashar Maksim Frolin Karvonsaroy nashriga. “Ko‘pchilik VPNlardan foydalanyapti. Avval Telegram shunchaki ilova edi. Endi u raqamli qarshilik timsoli.”

Eron hukumati Rossiyaga o‘xshashga urinmoqda

Xuddi rossiyalik hamkasblari kabi, Eron rasmiylarining ham hafsalasi pir bo‘lganga o‘xshaydi.

Deutsche Welle radiosiga ko‘ra, Eron Telegramga nisbatan go‘yoki “hukumatga qarshi tashviqot, terrorchilik faoliyati, jamoatchilik fikriga ta’sir qilish niyatida yolg‘on xabar tarqatish, hukumatga qarshi namoyishlar va pornografiya” kabi ayblovlarni qo‘ygan, deb xabar berdi Eron davlat telekanali 30-aprel kuni.

Eron Telekommunikatsiya vaziri Muhammad Javad Azariy Jahromiyning 8-aprel kungi bayonotiga ko‘ra, Eronning deyarli yarmi – 40 million odam Telegram ilovasidan foydalanadi, deb xabar berdi Fars axborot agentligi.

28-may kuni Jahromiy o‘zining Instagram sahifasida sud qaroridan keyin Erondagi Telegram foydalanuvchilari kamaygani haqida xabar bergan bo‘lsa-da, Erondagi Inson huquqlari markazi nodavlat tashkilotiga ko‘ra, 13-17-may kuniga kelib ularning soni yana o‘sha boshlagan.

Sizga maqola yoqdimi?
4
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha