Karvonsaroy
Atrof muhit

BMT Markaziy Osiyoda tabiiy resurslarni boshqarishga oid loyihani ishga tushirdi

Kseniya Bondal

Ufa va Qustanay oralig‘idagi yaylovlarda ot minib yurgan erkak, Qozog‘iston, 2017-yil, 10-iyul. (Frank Fife/AFP)

Ufa va Qustanay oralig‘idagi yaylovlarda ot minib yurgan erkak, Qozog‘iston, 2017-yil, 10-iyul. (Frank Fife/AFP)

OLMAOTA – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Markaziy Osiyo mamlakatlari va Turkiyaga o‘z tabiiy resurslarini boshqarish va ekologik inqirozning oldini olishga ko‘maklashuvchi besh yillik loyihani amalga oshirishni boshladi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi yerlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” deb nomlangan loyiha may oyida BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Global ekologik fond (GEF) tomonidan ishga tushirildi.

“Tuproq degradatsiyasi, sho‘rlanish va sahrolanish – ushbu mintaqa uchun katta muammo” dedi FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Viorel Gutsu 28-may kuni Olmaotada o‘tgan anjumanda. “Hamkorlikdagi loyihamiz ushbu muammoga aloqador ko‘plab savollarga ilmiy yondashgan holda javob izlash va mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashishga imkon beradi.”

Loyihani amalga oshirish doirasida FAO Olmaotada mintaqaviy ofisini ochgan.

Olmaota viloyatida o‘tlab yurgan qo‘ylar, 2017-yil, aprel. (Vladimir Tretyakov)

Olmaota viloyatida o‘tlab yurgan qo‘ylar, 2017-yil, aprel. (Vladimir Tretyakov)

Loyihaning umumiy qiymati 76 mln. AQSH dollariga teng bo‘lib, shundan 11 mln. dollar Global ekologik fond (GEF), 12 mln. dollar FAO, 43 mln. dollar Markaziy Osiyoning besh mamlakati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston hamda 10 mln. AQSH dollari Turkiya tomonidan ajratiladi.

Ishlab chiqarishni oshirish va ocharchilikka barham berish

Gutsuning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida 815 mln. odam yoki dunyo aholisining 11 foizi ocharchilikdan aziyat chekmoqda.

FAOning maqsadi – 2030 yilgacha ocharchilikni tugatish, dedi u.

“2050-yilga kelib, sayyoramiz aholisi 9 milliardga yetadi va qishloq xo‘jaligida hozirgiga nisbatan 60 foizga ko‘proq mahsulot ishlab chiqarilishi kerak”, deydi u. “Bu iqtisodiyotlarimiz uchun nimani anglatadi? Bu, avvalo qishloq xo‘jaligi sohasiga kiritilajak jiddiy investitsiyalar, shu bilan birga, tabiiy resurslarning degradatsiyasi hamdir. Shu bois bugun biz ushbu tabiiy resurslarni kelajak avlod uchun saqlab qolish yo‘llarini muhokama qilmoqdamiz.”

“Ishtirokchi mamlakatlar ofis uchun Olmaotani tanlaganlaridan mamnunmiz”, dedi Karvonsaroy bilan suhbatda FAOning Qozog‘iston bo‘yicha mas’ul vakili Qayrat Najmiddinov.

FAO dasturi doirasida Qozog‘istonda sinov loyihasi amalga oshirilib, tajriba uchun ajratilgan maydonlarda suv, tuproq va o‘simliklardan foydalanishga oid barqaror usullar sinovdan o‘tkaziladi.

Sinov dasturi uchun Qozog‘istonga loyihaga ajratilgan umumiy mablag‘dan 2 mln. dollar taqdim etiladi, dedi Gutsu. U loyihada Qozog‘istondagi ayni sohaga ixtisoslashgan barcha tadqiqot institutlari ishtirok etishini qo‘shimcha qildi.

Yaylovlar saqlab qolinishi lozim

Najmiddinovning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy resurslar, ayniqsa yaylovlar degradatsiyasi Qozog‘iston uchun dolzarb muammolardan biri.

Mamlakatda deyarli 180 mln. gektar yaylovlar bo‘lib, ulardan 20 millioni degradatsiyaga uchragan, dedi u.

“Qozog‘istonda chorvadorlar ko‘p, ular qishloq yaqinidagi yerlardan foydalanishadi, mollar yerlarni toptab tashaydi, natijada yer buziladi va sahroga aylanadi”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

“Bizdagi bunday katta yaylovlar uchun ulkan sarmoya kerakligini tushunamiz”, dedi u. “Loyiha vazifalaridan biri yaylovlardan maksimal foydalanish imkonini beruvchi uslub va texnologiyalarni topish va taqdim etishdir.”

Ammo, Qozog‘iston atrof-muhitga salbiy ta’sir qilmasdan yaylovlardan foydalanishga intilishi kerak, dedi u.

Shu sababli FAO loyihasi bir vaqtning o‘zida ikkita masalaga yo‘naltiriladi – bir tomondan, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ikkinchi tomondan esa atrof-muhitni yaxshilash, dedi Najmiddinov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500