Karvonsaroy
Yoshlar

Terrorga qarshi kurashda yoshlarning roli muhokama qilindi

Maksim Yeniseyev

“Zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm va radikallashuvning oldini olish va ularga qarshi kurashda yoshlarning o‘rni” anjumaniga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan yoshlar ma’ruza tinglamoqdalar, Toshkent, 11-iyun. (Xalqaro press-klub)

“Zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm va radikallashuvning oldini olish va ularga qarshi kurashda yoshlarning o‘rni” anjumaniga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan yoshlar ma’ruza tinglamoqdalar, Toshkent, 11-iyun. (Xalqaro press-klub)

TOSHKENT – Joriy haftada O‘zbekistonda bir qator xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida o‘tgan konferensiyada zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm, radikallashuv va terrorizmning oldini olishga yoshlarni jalb qilish masalalari muhokama etildi.

“Zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm va radikallashuvning oldini olish va ularga qarshi kurashda yoshlarning o‘rni” deb nomlangan tadbir 11-12-iyun kunlari Toshkent va Samarqandda o‘tkazildi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va O‘zbekiston parlamenti tomonidan tashkil etilgan anjuman xalqaro tashkilotlar vakillari hamda Markaziy Osiyo va yevropalik tahlilchilar ishtirokida o‘tdi.

Anjumanda YXHT bosh kotibi Tomas Greminger, BMT aksilterror boshqarmasi rahbari Jehangir Xan, BMT bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha elchisi Jayatma Vikramanayake va YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian ham qatnashdi.

11-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm va radikallashuvning oldini olish va ularga qarshi kurashda yoshlarning o‘rni” mavzuidagi anjumanda bir guruh tahlilchilar ham qatnashdilar. (Xalqaro press-klub)

11-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm va radikallashuvning oldini olish va ularga qarshi kurashda yoshlarning o‘rni” mavzuidagi anjumanda bir guruh tahlilchilar ham qatnashdilar. (Xalqaro press-klub)

Terrorga qarshi kurashda yoshlar ishtirokini rag‘batlantirish

Anjumandan ko‘zlangan maqsad – terrorizmga olib boruvchi zo‘ravonlik ekstremizmi va radikallashuvning oldini olishga yoshlarni jalb etish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish bo‘ldi.

Yoshlarni terrorga qarshi kurashga ta’lim, OAV, san’at va sport orqali jalb qilish taklifi bildirildi.

Uchta ishchi guruh tomonidan mintaqa mamlakatlari uchun ularning muayyan talablaridan kelib chiqqan holda siyosiy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Jumladan, anjumanda ishtirok etgan tahlilchilardan biri o‘zbek yoshlarining radikallashuvi mehnat migratsiyasi bilan chambarchas bog‘liq ekanini qayd etdi.

Yoshlar o‘zlari uchun begona muhit va yot madaniyat sababli ekstremistlar ta’siriga tushadilar, dedi Toshkentda 11-iyun kuni o‘tgan anjuman chog‘ida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev.

“Xorijdagi yoshlarimiz bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish bizning birlamchi vazifamizdir”, dedi u.

Internet orqali ekstremistik tashviqotga qarshi kurash

Anjumanda so‘zga chiqqanlar yoshlarning radikallashuvi, ularning internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali jangarilikka yollanishi bilan bog‘liq muammoni alohida tilga oldilar.

“Internet orqali tashviqotning yoshlarga ta’siri katta bo‘lmoqda”, deydi BMT aksilterror markazi maslahatchisi Kangin Ko. “Biz mazkur xavfga qarshi kurash dasturini ishlab chiqishimiz zarur.”

Anjuman davomida Mintaqaviy tahdidlarni o‘rganish markazi YXHT bilan hamkorlikda yangi vebsayt – stopterror.uz taqdimotini o‘tkazdi.

Loyiha mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, saytda o‘smirlarning ota-onalari va xorijdagi mehnat migrantlari uchun ekstremizmga oid ma’lumotlar jamlangan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500