Axborot byulletenimizga obuna bo‘ling
Twitter
Facebook
Youtube
Rss
M.logo uz latn

2018-06-19 | Ayollar huquqlari

Qulupnay loyihasi tojik ayollariga moliyaviy mustaqillikka erishishga yordam beradi


Jayhun tumanida yashovchi fermer Muyassara Yo‘ldosheva USAID loyihasi doirasida yetishtirgan qulupnaylarini namoyish etmoqda, 28-mart. (Husniddin Qo‘ziboyev)

Jayhun tumanida yashovchi fermer Muyassara Yo‘ldosheva USAID loyihasi doirasida yetishtirgan qulupnaylarini namoyish etmoqda, 28-mart. (Husniddin Qo‘ziboyev)

Negmatullo Mirsaidov

XATLON VILOYATI, Tojikiston – AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilgan loyiha tojikistonlik ayollarga Kaliforniyadan keltirilgan urug‘lardan qulupnay yetishtirishga ko‘maklashib, ularning moliyaviy mustaqil bo‘lishi va hayotiy ehtiyojlarini qondirishiga imkon yaratmoqda.

USAIDning “Kelajakda ayollar uchun tadbirkorlikni kuchaytirish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad – Xatlon viloyatidagi ayollarga o‘z bizneslarini rivojlantirish imkoniyatini yaratish, deydi loyiha koordinatorlari.

Qulupnay yetishtirish loyihasi Tojikistondagi tadbirkor ayollar milliy uyushmasi (NABWT) bilan hamkorlikda 2016-yilda boshlangan edi.


USAID loyihasiga tegishli Bobojon G‘ofurov tumani, Ovchi Qalachadagi ko‘rgazma maydoni, o‘tgan yilning dekabr oyi. (Muyassara Pulatova)

USAID loyihasiga tegishli Bobojon G‘ofurov tumani, Ovchi Qalachadagi ko‘rgazma maydoni, o‘tgan yilning dekabr oyi. (Muyassara Pulatova)


Latofat Murodova o‘zi yetishtirgan qulupnaylar bilan, 24-aprel, Lenin qishlog‘i. U USAID loyihasi o‘tkazgan bir qator treninglarda qatnashdi. (USAID)

Latofat Murodova o‘zi yetishtirgan qulupnaylar bilan, 24-aprel, Lenin qishlog‘i. U USAID loyihasi o‘tkazgan bir qator treninglarda qatnashdi. (USAID)

Uyushma xabariga ko‘ra, 2016-2017-yillarda Xatlon viloyatining to‘rt tumanida biznes bo‘yicha mahorat saboqlarini olgan 34 nafar ayol Kaliforniya qulupnaylarining bir necha navlarini muvaffaqiyatli yetishtirmoqdalar.

“USAID ko‘magida Chikodan (Kaliforniya) keltirilgan 5 ming tup ko‘chatni sotib olib, Qumsangir (hozirgi Jayhun) va Vaxsh tumanlarida sinov maydonlarini tashkillashtirdik” deydi loyiha menejeri Husniddin Qo‘ziboyev Karvonsaroy nashriga.

Muvaffaqiyatli hosil

Jayhunlik Muyassara Yo‘ldosheva ikki yil avval loyihaga birinchi bo‘lib qo‘shilganlar qatorida edi. U o‘zining 1200 kvadrat metr yerini namoyish dalasi sifatida foydalanish uchun taqdim etgan.

Loyiha doirasida Yo‘ldoshevaga 3000 ta ko‘chat va organik o‘g‘it berilib, qulupnayni optimal ravishda ekish uchun yangi texnologiyalar qo‘llanildi, tuproqni mulchalash va tomchilab sug‘orish uchun trubalar o‘rnatish o‘rgatildi.

Ushbu jarayon to‘laligicha Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa mamlakatlarda zamonaviy qishloq xo‘jaligini o‘rgangan tajribali agronomlar tomonidan boshqarildi.

Yo‘ldosheva ekinlarni sovuq havo va zararli o‘simliklardan asrash maqsadida ularni plyonka bilan yopdi. Loyiha barcha chiqimlarni qopladi.

Uning maydonida qo‘llanilgan texnologiyani boshqa fermerlar ham o‘rgandilar. Ular olimlarning tavsiyalariga ko‘ra ekinlarni sug‘orishdi va o‘g‘itlab turishdi.

Natija kutilganidan ortiq bo‘ldi – Yo‘ldoshevaning dalasidan 400 kg qulupnay hosili olindi.

“Men minimal mehnat va xarajat bilan ota-bobolardan qolgan eski usulni qo‘llovchi fermerlarga nisbatan ikki-uch baravar ko‘proq hosil oldim”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Mening qulupnaylarim yaxshiroq va shirinroq, shu sabab ularni sotishda qiynalmadim.”

Mustaqillik kuchaymoqda

Vaxsh tumanidan bo‘lgan Latofat Murodova 2016-yilda USAID loyihasiga 1000 kvadrat metr yer bilan qo‘shilgan, bu yer uning ota-onasiga tegishli. U bir necha yil oldin turmushidan ajragan va hozirda 8 yashar qizi hamda ota-onasi bilan birga yashaydi.

2016-yilning noyabr oyida oila 2000 ta ko‘chat ekdi va 2017-yilning bahorida ilk hosilni yig‘ib oldi.

Murodova qulupnaylarning bir kilogramini 25-30 somoniydan sotdi. Bu eski texnologiyalarni qo‘llovchi mahalliy fermerlar yetishtirgan qulupnaylardan 10-15 somoniy qimmatroq degani. U jami 4000 somoniy (439 AQSH dollari) ishlab topdi.

O‘tgan yil avgust oyida Murodova qulupnayning kechpishar turini ekib, noyabr oyida hosil oldi. Qish oylarida qulupnaylarning bir kilogrami 50 somoniydan (5,49 AQSH dollari) sotildi, dedi u.

“Hosilni terib olganim zahoti, mijozlar uyimga kelib qulupnaylarning bir kilogramini 35 somoniydan (3,84 AQSH dollari) sotib olishdi va men oilamning yashash tarzini o‘zgartira olish imkonim borligini tushundim”, dedi u Karvonsaroy nashriga telefon orqali.

Murodova ekish mavsumini uzaytiradigan texnologiyalar yordamida o‘z daromadini birinchi yildagiga nisbatan ikki barobar oshirish niyatida.

U biznesdagi ilk qadamlaridan ilhomlanib, kelajakda qulupnay dalalarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

“NABWT va USAID tufayli men yolg‘iz ona sifatida o‘zimni mustaqil his qildim”, dedi u. “Men endi ota-onamga qaram emasman, aksincha, ularga yordam beryapman.”

“Qizalog‘im yaqinda ikkinchi sinfga boradi”, deb qo‘shimcha qildi u. “Men endi uning nima kiyishi yoki o‘quv qurollarini qanday sotib olish haqida qayg‘urmayman.”

Geografik qamrovni kengaytirish

NABWT mutaxassislari Jayhun va Vaxsh tumanlaridagi tajribadan olingan bilimlarini Xatlon viloyatining Yovon va Boxtar tumanlarida o‘rgatmoqdalar. Ular o‘zlari bilan Kaliforniya qulupnaylarini ham olib borishgan.

Shu davrning o‘zida So‘g‘d viloyatining Xo‘jand shahrida joylashgan “IMON” mikrokredit jamg‘armasi Xatlon viloyati fermerlarining tajribalarini mamlakatning shimoliy qismiga yoyishga yordam bermoqda.

Bobojon G‘ofurov tumanida yashovchi fermer Lutfullo Akramov o‘z yerining bir qismini namoyish dalasi uchun taqdim etdi. May oyining boshida u 30 kg hosil yig‘ib oldi va har kilogramini 25 somoniydan (2,75 AQSH dollari) pulladi.

Mahalliy ayollarning ko‘pchiligi kelajakda yangi texnologiyalar asosida qulupnay yetishtirishni niyat qilganlar.

Eng so‘nggi texnologiyalarni ommalashtirish va ayollarni qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etayotgan “IMON” jamg‘armasi xarajatlarning yarmini qoplaydi.

“Bizning maqsadimiz qishloqlarda, aksariyati uy bekalari bo‘lgan ayollarga tadbirkorlikni o‘rgatish”, dedi jamg‘arma raisi Muyassara Pulatova Karvonsaroy nashriga. “Biz ularga qanday qilib biznes yaratishnigina emas, balki bozor talablariga javob beradigan texnologiya va standartlarni ham o‘rgatamiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 1

Fikrlar 0

Captcha