Karvonsaroy
Texnologiya

Qozog‘istonning Rossiya bilan imzolagan kiberxavfsizlik shartnomasi ma’nisiz deya baholanmoqda

Arman Kaliyev

Tahlilchilarning fikricha, Rossiyaning suveren davlatlarga qarshi kiberurush olib borganiga oid ko‘plab misollar ushbu mamlakat bilan kiberxavfsizlik va maxfiy ma’lumotlar almashinuvi sohasida “hamkorlik” qilish o‘ta xavfli ekanidan dalolat beradi. (Pexels)

Tahlilchilarning fikricha, Rossiyaning suveren davlatlarga qarshi kiberurush olib borganiga oid ko‘plab misollar ushbu mamlakat bilan kiberxavfsizlik va maxfiy ma’lumotlar almashinuvi sohasida “hamkorlik” qilish o‘ta xavfli ekanidan dalolat beradi. (Pexels)

OSTONA – Qozog‘istonning yaqinda kibertahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha Rossiya bilan kelishuv imzolashi buni yanglish qaror sifatida ko‘rayotgan ko‘plab qozoq tahlilchilarini ajablantirmoqda.

Vlast.kz saytining 8-iyun kungi xabariga ko‘ra, Qozog‘iston milliy banki va Rossiya Markaziy banki raislari Sankt-Peterburgdagi xalqaro konferensiya chog‘ida kiber-tahdidlarga qarshi birgalikda kurash va muntazam ravishda moliyaviy axborot almashib turishga oid kelishuvni imzolaganlar.

Ushbu hujjatni imzolash bilan, Qozog‘iston bamisoli tovuqxonani qo‘riqlashni tulkiga topshirgandek bo‘lmoqda, deydi tahlilchilar.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kiber-tahdidlarga qarshi kurashdan ko‘ra, ko‘proq ularni yuzaga keltirish bilan shug‘ullanadi.

Qozog‘istonning elektron hukumat portalidan olingan skrinshot. Ushbu portalda mamlakat fuqarolari uchun ko‘plab elektron xizmatlar ko‘rsatiladi.

Qozog‘istonning elektron hukumat portalidan olingan skrinshot. Ushbu portalda mamlakat fuqarolari uchun ko‘plab elektron xizmatlar ko‘rsatiladi.

G‘arb mamlakatlari va sobiq sovet respublikalari Rossiyani uzoq yillar davomida davlat darajasidagi xakerlik harakatlarida ayblab keladi. 2016-yilda AQSHdagi prezident saylovlariga aralashuv, 2017-yilda NotPetya zararli dasturi orqali Ukrainaga qilingan hujum, 2007-yilda Estoniyadagi kiberhujumlar haftaligi va boshqa ko‘plab misollardan shuni xulosa qilish mumkin: ushbu xakerlik hujumlari texnik tarafdan shu darajada murakkabki, ular faqat hukumat tomonidan amalga oshirilgan yoki moliyalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidlariga qaramay, Rossiyaning kiberhujumlari to‘xtagani yo‘q. Germaniyaning Marshall jamg‘armasi tadqiqotiga ko'ra, Kreml 2004-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davrda 27 davlatning ichki ishlariga aralashgan.

Rossiyaning “imzosi”

Rossiya yillar mobaynida Yevropa mamlakatlariga qarshi amalga oshirilgan turli xakerlik hujumlari ortida turganiga shubha yo‘q, deydi axborot texnologiyalari bo‘yicha ostonalik mutaxassis Odil Umarov.

2007, 2008 va 2017-yillarda mos ravishda Estoniya, Gruziya va Ukrainada qayd etilgan hujumlar jismoniy shaxslarning bank hisobraqamlarini o‘marish yoki shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq bo‘lgan oddiy holat emas edi, dedi u Karvonsaroyga.

“Bu ishni ancha jiddiy professionallar amalga oshirgan”, dedi u. “Katta ehtimol bilan, ular yuqoridan kelgan topshiriqni bajarganlar”.

Umarovning so‘zlariga ko‘ra, xakerlikning bunday turi davlat muassalariga qaratilgan bo‘lib, ularda saqlanuvchi hujjatlarni o‘g‘irlashni maqsad qiladi. Tabiiyki, xorijiy davlatlarning ichki sir-asrorlaridan boxabar bo‘lish Rossiyaga har qanday qarama-qarshilikda yaqqol ustunlik beradi.

Rossiyaning Yevropa va AQSHga qarshi kibernetik urushdagi tajribasi tobora ortib bormoqda. To‘plangan bilimlar esa Rossiyani yanada xavfliroq qiladi, dedi u.

Tahlilchilaring fikricha, Rossiyaning suveren davlatlarga qarshi kiberurush olib borganiga oid ko‘plab misollar ushbu mamlakat bilan kiberxavfsizlik va maxfiy ma’lumotlar almashinuvi sohasida “hamkorlik” qilish o‘ta xavfli ekanini isbotlaydi.

Tbilisida joylashgan Gruziya strategik tahlil markazining asoschisi Nodar Xarshiladzening fikricha, kiberurush va axborot urushi Rossiyaning asosiy taktikasidir.

Rossiya kimdir yoki nimadir uning manfaatlariga rahna soladi deb hisoblashi bilan muntazam ravishda kiberhujumlar uyushtirib turadi, dedi u Karvonsaroyga.

Qozog‘istondagi kiberxavfsizlik: aralash manzara

Kuzatuvchilarning fikricha, Qozog‘istondagi kiberxavfsizlikka oid ayrim manzaralar boshqalariga nisbatan yorqinroq.

2014-yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi ehtimoliy “gibrid urushi”ni olib borgani qozoq hukumatining tegishli xulosalar chiqarib, javob choralarini ko‘rib qo‘yishiga olib keldi, deydi olmaotalik siyosatshunos Ruslan Jangazi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili kuzda Qozog‘iston qabul qilgan yangi harbiy doktrinada “gibrid urush usullari” va “kiberhujumlar” kabi xavf turlari tilga olingan. “Bu (xavflar) Rossiya tahdidiga ishora qiladi”.

“Xususiy sektor davlat sektoridan ko‘ra himoyasizroq. Ko‘pgina qozog‘istonlik firmalar qaroqchilik dasturlari, jumladan, eski versiyadagi “Windows” operatsion tizimlarining zaif va himoyasiz nusxalaridan foydalanadilar”, dedi Umarov.

“Alfabank”ning axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassisi, olmaotalik Yevgeniy Novikovning so‘zlariga ko'ra, hukumat idoralarining himoyasi mukammalroq.

“Masalan, Qozog‘iston fuqarolarining shaxsiy ma‘lumotlari saqlanadigan egov.kz elektron hukumat sayti yaxshi himoyalangan”, dedi u Karvonsarayga. “U yerda favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan harakat qiladigan mutaxassislar bor”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa hukumat idoralari kiberhujumdan keyin emas, balki u sodir etilishidan avval tizimdagi zaifliklarni muntazam ravishda aniqlab borishlari kerak.

“Bugungi kunda texnologiyalar shiddat bilan o‘zgarmoqda”, deydi u. “E‘tiborsizlik bu sohada juda qimmatga tushishi mumkin”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500