Karvonsaroy
Ayollar huquqlari

Markaziy Osiyoda ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar faollarni xavotirga solmoqda

Kseniya Bondal

May oyida Olmaota markazida o‘tirgan yosh ayollar. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Qozog‘istonda har yili oiladagi zo‘ravonliklar oqibatida 400 ga yaqin ayol nobud bo‘ladi. (Vladimir Tretyakov)

May oyida Olmaota markazida o‘tirgan yosh ayollar. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Qozog‘istonda har yili oiladagi zo‘ravonliklar oqibatida 400 ga yaqin ayol nobud bo‘ladi. (Vladimir Tretyakov)

OLMAOTA – Inson huquqlari va fuqarolik jamiyati faollari Markaziy Osiyoda xotin-qizlar huquqlarining buzilishi borasida o‘z xavotirlarini bildirmoqdalar, bu eskicha odatlar va samarasiz qonunlar bilan bog‘liq.

Oiladagi zo‘ravonlik, majburiy va kelishilgan nikohlar, kelin o‘g‘irlash kabi muammolar shular jumlasidandir.

Qozoqcha stereotiplar qurbonlari

Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonliklar tufayli har yili taxminan 400 nafar ayol hayotdan ko‘z yumadi, dedi Qozog‘istonning “Soros” jamg‘armasining inson huquqlari dasturi koordinatori Aijan Oshakbayeva Karvonsaroy nashriga.

2017-yilda Qozog‘istonda ayollarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar 91631 tani tashkil etgan, dedi u.

Olmaota markazida o‘z farzandlari bilan o‘ynayotgan onalar, 27-iyun kuni olingan surat. Qozog‘iston-Soros jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda mamlakatda ayollarga nisbatan 91631 ta jinoyat sodir etilgan. (Kseniya Bondal)

Olmaota markazida o‘z farzandlari bilan o‘ynayotgan onalar, 27-iyun kuni olingan surat. Qozog‘iston-Soros jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda mamlakatda ayollarga nisbatan 91631 ta jinoyat sodir etilgan. (Kseniya Bondal)

9-iyun kuni Bishkekdagi mitingda ishtirok etgan o‘quvchi qizlar Burulay Turdaali qizi suratlarini ko‘tarib olishgan. 27-may kuni talaba qizning uni o‘g‘irlagan shaxs tomonidan o‘ldirilishi Qirg‘izistonda kelin o‘g‘irlash muammosi naqadar jiddiy ekanligini ko‘rsatdi. (Asker Sultanov)

9-iyun kuni Bishkekdagi mitingda ishtirok etgan o‘quvchi qizlar Burulay Turdaali qizi suratlarini ko‘tarib olishgan. 27-may kuni talaba qizning uni o‘g‘irlagan shaxs tomonidan o‘ldirilishi Qirg‘izistonda kelin o‘g‘irlash muammosi naqadar jiddiy ekanligini ko‘rsatdi. (Asker Sultanov)

“Ayollarga nisbatan uydagi zo‘ravonlik bir qator sabablarga ko‘ra davom etmoqda”, dedi Olmaotadagi “Ayollarning ijodiy tashabbus kengashi” raisi va Qozog‘istonning ayollar, oila va demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiyasi a’zosi Asiya Xayrullina.

“Eng avvalo, er xotinini itoatsizligi sabab urishga majbur bo‘ladi, degan stereotip bugungi kungacha saqlanib qolgan”, deydi u Karvonsaroyga.

“Ikkinchidan, ayollar zolim erlar ustidan shikoyat qilishmaydi, chunki oila ular uchun adolatdan qadrliroq”, dedi u. “Uchinchidan, huquq-tartibot idoralari (oiladagi zo‘ravonlikka oid) bunday shikoyatlarga beparvo qaraydilar”.

Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi “kelin o‘g‘irlash” muammosi

Ayollarga nisbatan huquqbuzarlik holatlari, asosan, kelin o‘g‘irlash va majburiy turmush qurish bilan bog‘liq, deydi Xayrulina.

Odam o‘g‘irlashning har qanday ko‘rinishi Qozog‘iston qonunchiligida taqiqlangan bo‘lsa-da, ayollarni nikohga majburlash maqsadida o‘g‘irlash hollari butun mamlakat bo‘ylab jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Qozog‘istonda uylanish maqsadida odam o‘g‘irlash bo‘yicha rasmiy statistika mavjud emas, sababi mamlakat qonunchiligida bunday holatlar alohida ko‘rib chiqilmaydi, dedi u. Ayollarning jamoatchilik tanqidiga duchor bo‘lishdan qo‘rqib, huquq-tartibot idoralariga ko‘rsatma berishdan bosh tortishi esa qonunbuzarlarni ta’qib qilishni yanada qiyinlashtiradi.

Qirg‘izistonda kelin o‘g‘irlash qonunan taqiqlangan bo‘lsa-da, bunday holatlar tez-tez sodir bo‘lib turadi.

Chuy viloyatida 20 yoshli talaba Burulay Turdaali qizining o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq voqea uning o‘limi bilan yakun topgach, Bishkekda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Statistik ma’lumotlar

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012-yildagi tadqiqotiga ko‘ra, Qirg‘izistonda turmush qurish bilan bog‘liq har 5 holatdan biri kelin o‘g‘irlanishi bilan yuz bergan, deydi Qirg‘izistondagi BMT Taraqqiyot dasturining gender masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi, bishkeklik Umutay Davletova.

Turmushga majburlash maqsadida odam o‘g‘irlaganlik uchun besh yildan yetti yilgacha qamoq jazosi belgilangan, deydi u. Ammo ko‘p hollarda ayollar sukut saqlashi sabab, bunday jinoyatlar jazosiz qoladi.

“O‘tgan uch yil ichida 80 ta ayol huquq himoyachilariga turmush qurishga majburlanayotgani haqida shikoyat qilishgan”, dedi Davletova Karvonsaroy nashriga.

“Amalda bu sud ishlarining 70 tasi arizalarni o‘rganish bosqichidayoq to‘xtaydi. Sudgacha yetib borgan ishlarning uchdan biri tomolarning o‘zaro kelishuvi sababli bekor qilinadi”, dedi u.

Davletovaga ko‘ra, qirg‘izistonlik ayollarning 14 foizi erlaridan ruhiy va 15-49 yoshlar orasidagi ayollarning har to‘rttasidan biri jismoniy zo‘ravonlikka uchrashini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat mamlakat bo‘ylab ayollar ahvolini bilish uchun yangi tibbiy-demografik tadqiqot o‘tkazish ustida ishlamoqda.

Tojikistonda kelishilgan nikohlar muammosi

Tojikistonda kelin o‘g‘irlanishi nisbatan kam bo‘lsa-da, qizlarni zo‘rlab turmushga berishadi.

Tojikistonda hali-hamon kelishilgan to‘ylar o‘tkazib turiladi, dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Tojikistonda tadbirkor ayollar” ijtimoiy dastur rahbari Feruza Nosirova.

“Qishloqlarda mazkur odat bugungi kungacha saqlanib qolgan”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Ikkita oila yoshlarni uylantirishga kelishib olishadi, hech kim qizning fikri bilan qiziqmaydi.”

Tojikistonda oiladagi zo‘ravonlik “birinchi raqamli muammo”, dedi Sharq ayollari nodavlat tashkiloti rahbari, panjakentlik Fotima Sharipova Karvonsaroy nashriga.

U Tojikistondagi “Nota Bene” nomli inson huquqlari bo‘yicha tahlil markazi o‘tkazgan so‘nggi tadqiqot natijalarini tasdiqladi.

2013-yilda “Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish” to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan, ammo 50 foiz tojikistonlik ayollar o‘z uylarida doimiy ravishda jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan aziyat chekib kelmoqda, deb xabar bergan edi tahlil markazi o‘tgan yil dekabr oyida.

O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik

O‘zbekistonda ayollar huquqlari buzilishining eng ko‘p tarqalgan turi oiladagi zoravonlik hisoblanadi, deydi “Istiqbolli avlod” inson huquqlarini himoya qilish nodavlat tashkiloti rahbari Nazifa Kamalova.

“Mustaqil kuzatuvlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollarga nisbatan eng ko‘p qo‘llaniladigan zo‘ravonlik turi bu – oiladagi zo‘ravonlik”, degan edi Kamalova 28-mart kuni anhor.uz nashriga.

“Oiladagi zo‘ravonlikni aniqlash ayniqsa qiyin, chunki u inson huquqlari muammosi sifatida tan olinishi qiyin bo‘lgan yashirin holatlarni o‘z ichiga oladi”, dedi u. “Sabab esa an’anaviy milliy muhitda eskirgan qarashlar va tushunchalarning mavjudligi.”

O‘zbekistonda kelinlar o‘girlanmaydi, “ammo mamlakatimizda ayollar huquqlarining cheklanishi bilan bog‘liq muammolar bor”, dedi ikki farzandning onasi, toshkentlik Nigora Orifjonova Karvonsaroy nashriga.

“Kelin qaynona, eri va uning qarindoshlari tomonidan ekspluatatsiya qilinadi. Bu an’ana hisoblanadi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Istiqbolli avlod” oʻzbek inson huquqlari nodavlat tashkiloti qayerda joylashgan?

Javob berish