http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/07/17/feature-01
| Diplomatiya

Termizda ochilajak konsulxona Afg‘oniston-O‘zbekiston hamkorligining muhim markaziga aylanadi

Maksim Yeniseyev

O‘zbekistondan Afg‘onistonga gumanitar yordam olib ketayotgan yuk mashinasi Hayraton ko‘prigidan o‘tmoqda, 5-iyun. (O‘zbekiston milliy axborot agentligi)

TOSHKENT – O‘zbekiston va Afg‘oniston Termizda konsulxona va biznes-kengash ochish orqali o‘zaro aloqalarni kuchaytirmoqda.

8-iyul kuni Kobulda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdullaziz Komilov rahbarligidagi o‘zbek delegatsiyasining Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvi davomida shu haqdagi kelishuvga erishildi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tomoni Termizda Afg‘oniston konsulligini ochish niyatini bildirdi, deb xabar beradi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi.

O‘zbek talabalari Termizdagi ta’lim markazida afg‘onistonlik talabalarga kitob ulashmoqda, 5-may. (O‘zbekiston milliy axborot agentligi)

Bunga javoban G‘ani O‘zbekiston hukumatiga Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa‘y-harakatlari, jumladan, mart oyida bo‘lib o‘tgan Toshkent anjumani uchun minnatdorchilik izhor etgan.

“Termiz juda muhim shahar hamda Afg‘oniston orqali Qirg‘iziston va Rossiyaga meva-sabzavot eksport qilish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, bu shaharda Afg‘oniston mahsulotlarni saqlash uchun sovutkichli omborxonalar mavjud”, deb aytgan G‘ani TOLOnews xabariga ko‘ra.

Rasmiylar va ishbilarmonlarning ta’kidlashicha, konsullik hamkorlikka imkoniyat yaratadi, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va investitsiyalar jalb etishga ko‘maklashadi.

Shu bilan birga, Termizdagi biznes kengash ikki mamlakat kompaniyalariga tijoriy faoliyatni rivojlantirish uchun aloqalar o‘rnatishga yordam beradi.

Transport va ta’limga ko‘maklashish

O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida joylashgan Termiz shahri ikki mamlakat o‘rtasida turli yuklar, jumladan, gumanitar yordamni olib o‘tishda muhim nuqta hisoblanadi.

Masalan, 5-iyun kuni O‘zbekiston Hayraton ko‘prigi orqali Afg‘onistondagi qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan hududlarga 3000 tonna bug‘doy yubordi, deb xabar beradi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.

Konsullikning ochilishi o‘zbekistonlik tadbirkorlar va yuk mashinasi haydovchilariga Afg‘onistonga tez va oson kirishga yordam beradi. Yanvar oyida tomonlar Kobul va Toshkent orasida yuk tashuvchi mashinalar uchun to‘lovlarni 50 foizga kamaytirishga kelishib olgan edilar.

“Avvallari afg‘on vizasini olish uchun Toshkentga borishga majbur edik”, deydi termizlik haydovchi Abdujabbor Norboyev Telegram ilovasi orqali Karvonsaroyga.

“Tasavvur qiling, Afg‘oniston Amudaryoning narigi qirg‘og‘ida, 500 metr masofada”, dedi u. “Ammo men Afg‘onistonga borish uchun minglab kilometr yo‘l bosib, Toshkentga borib qaytishim kerak. Konsullik ishga tushadigan bo‘lsa, Mozori-Sharifga bundan ham ko‘p haydovchilar boradi va ko‘pchilik ish topadi.”

Shuningdek, konsullik joriy yil boshida Termizda ochilgan Afg‘oniston fuqarolari uchun mo‘ljallangan ta’lim markaziga keladigan afg‘onistonlik talabalar bilan ham ishlaydi.

4-may kuni 35 kishidan iborat navbatdagi talabalar guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurdi, shu tariqa markazdagi jami talabalar soni 96 taga yetdi. O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, talabalar uchun 300 o‘rinli yotoqxona barpo etilmoqda.

Talabalar 17 yo‘nalishda oliy va 16 yo‘nalishda o‘rta maxsus, shu jumladan, o‘zbek va ingliz tillari, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha ta’lim oladilar.

Qo‘shma investitsiyalar va savdo aloqalarini kengaytirish

O‘zbekiston keyinchalik ham Afg‘oniston infratuzilmasiga, jumladan, sement ishlab chiqarishga investitsiya kiritishga tayyor, dedi O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jaev 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida.

“Termizda davlat va xusisiy investitsiyalar uchun imkoniyatlar yaratish va afg‘onlarga viza berish masalasini hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom etmoqda,” degan u TOLOnews xabariga ko‘ra.

“Afg‘oniston chegarasi yaqinida erkin savdo hududi uchun 3000 gektar yer ajratilgan va Mozori-Sharif va Hirot o‘rtasida temiryo‘l barpo etish qarori qabul qilingan. Bu ishlar uchun qariyb 500 million AQSH dollari (3 trillion so‘m) talab etiladi”, dedi u.

Shu bilan birga, 20-iyun kuni Termizda hukumat tashkilotlari ishtirokida Afg‘oniston va O‘zbekiston tadbirkorlarining ilk muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Biznes doiralar vakillari uchun kooperatsion birja, o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasi, shuningdek, “Termiz Cargo” logistika markazi va Amudaryodagi portlarga safarlar uyushtirildi.

“O‘zbek mahsulotlari ishonchli bozorga muhtoj”, deydi o‘zbekistonlik tadbirkor Farhod Muzaffarov Karvonsaroy nashriga.

“Bizning mahsulotlarimiz rivojlangan mamlakatlarda barcha sohalar egallab bo‘lingan bozorlarga qiyinchilik bilan kirib bormoqda”, dedi u. “Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida biz Xitoy va Hindiston tovarlari uchun jiddiy raqobat yaratishimiz mumkin, chunki ularni quruqlik orqali yetkazib berish osonroq va arzonroq bo‘ladi.”

YI muhim rol o‘ynaydi

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining (YI) O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Edvard Stiprays ham ishtirok etdi.

U tadbirning o‘ziga xosligini ta’kidlar ekan, YI O‘zbekiston hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi savdoni rivojlantirishda yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi, deb xabar beradi O‘zbekiston tashqi savdo vazirligi.

YI O‘zbekistonning faol ishtirokida “Afg‘onistondagi savdoni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga tayyor, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?
4
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha