Karvonsaroy
Din

Qozog‘istonda ayollarni radikallashuvdan himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda

Kseniya Bondal

“Inobat” zamonaviy muslima ayollar klubi a’zolari Pavlodar shahrida, o‘tgan yilning 10-noyabr kuni uchrashdilar. Klubda o‘tkaziladigan tadbirlar ayollarni jamiyatga qo‘shilishi va radikallashuvga qarshi turishga yordam berishga qaratilgan. (Pavlodar viloyati Dinlararo munosabatlar tahlili va taraqqiyot markazi)

“Inobat” zamonaviy muslima ayollar klubi a’zolari Pavlodar shahrida, o‘tgan yilning 10-noyabr kuni uchrashdilar. Klubda o‘tkaziladigan tadbirlar ayollarni jamiyatga qo‘shilishi va radikallashuvga qarshi turishga yordam berishga qaratilgan. (Pavlodar viloyati Dinlararo munosabatlar tahlili va taraqqiyot markazi)

OLMAOTA – So‘nggi o‘n yil ichida Qozog‘istonda ekstremizmga qarshi kurash asosan erkaklarga qaratilgani natijasida ayollar ajralib, radikal qarashlarga moyil bo‘lib qolgan edi.

Ekstremistlarning qamoqqa olinishi, xavfsizlik operatsiyalari yoxud terrorchilik hujumlari natijasida o‘ldirilishidan so‘ng, ularning hamfikr ayollari hal etilmagan muammolar bilan yuzma-yuz qolib ketmoqdalar.

Bugungi kunda ayollar orasida radikallashuvini bartaraf etish va ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan ayollarni reabilitatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Misol uchun, 2013-yilda ishga tushgan Pavlodar viloyati Dinlararo munosabatlar tahlili va taraqqiyot markazi Pavlodar shahrida zamonaviy muslima ayollar uchun “Inobat” klubini tashkil etdi.

Pavlodarda joylashgan Dinlararo munosabatlar tahlili va taraqqiyot markaziga tashrif buyurgan niqobli ayol, surat iyul oyida olingan. (Gulnaz Razdikova olgan surat)

Pavlodarda joylashgan Dinlararo munosabatlar tahlili va taraqqiyot markaziga tashrif buyurgan niqobli ayol, surat iyul oyida olingan. (Gulnaz Razdikova olgan surat)

O‘tgan yilning oktabr oyidan beri 20 ga yaqin xotin-qiz har oy ikki marotaba klub yig‘ilishlariga qatnamoqda, deydi markaz rahbari Gulnaz Razdikova Karvonsaroy nashriga.

Uchrashuvlar davomida ayollar turli yo‘nalishlardagi mashg‘ulotlarda ishtirok etadilar, ular ayollar ijtimoiylashuvi va zamonaviy jamiyatga moslashuviga qaratilgan.

“Bundan tashqari, biz ularga hukumat tashkilotlari, homiylar, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalari ko‘magida kundalik muammolarini hal qilishga yordamlashamiz”, dedi u.

Reabilitatsiya ishlari

Ayol ekstremistlar bilan ishlash usullari erkaklar bilan ishlashdan farq qiladi, dedi Razdikova.

“Ayollarning idroki ta’sirchan. Kuchli xafagarchilik, og‘riq yoki tushkunlik kabi salbiy ruhiy ta’sirlar natijasida ularning dunyoqarashi torayib, “tunnel qarash” paydo bo‘ladi”, dedi Razdikova.

Bunday sharoitlarda ayollar tanqidiy fikrlashdan to‘xtaydilar va “qalb ovchilari” deb ataluvchi radikal da’vatchilar ta’siriga tushib qoladilar, deb tushuntirdi u.

Shu bilan birga, ayollar internetda ham faol bo‘lishadi, u yerda esa terrorchi guruhlar va ekstremistik tashkilotlar tomonidan boshqariladigan “tuzoq saytlar” va ijtimoiy tarmoqlar sahifalari mavjud, deydi Razdikova. Bu saytlarda ayollarga “olovli nuqtalarga” ketib, u yerda “mujohidlarning ayollariga” aylanish targ‘ib qilinadi, dedi u.

Bunday ayollar bilan ishlash ularning ixtiyoriy ishtiroki va o‘z-o‘ziga yordamiga asoslanadi, ya’ni majburiy reabilitatsiya yo‘q, dedi u.

“Hamma har xil, shu bois biz qo‘llaydigan usullar ham individuallashtirilgan”, dedi Razdikova. “Inson ongi bilan ishlashning yagona standarti mavjud emas. Ilm-fan yoxud amaliyotda tekshirib ko‘rilgan narsalarning bari faqat tavsiya sifatida qabul qilinishi mumkin”.

“Ishning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan mutaxassisning professional ko‘rsatkichlari, bilimi, mahorati, bardoshi va jur‘atiga bog‘liq”, dedi u.

Bundan tashqari, bu yo‘nalishdagi ishlar tizimli va davomli olib borilishi, shuningdek, reabilitatsiya jarayonining maxfiyligi ta’minlanishi kerak.

Oilalarda radikallashuvga qarshi kurash

“Erlar sodir etgan jinoyatlari uchun chinakam pushaymonlikni his qilganlaridan so‘ng, ular o‘z yo‘llari xato ekanligi haqidagi tushunchalarni rafiqalariga yetkazadilar va radikallashuvni yo‘qotishda multiplikativ effektni yuzaga keltiradilar”, deydi ekstremizm bo‘yicha ostonalik tahlilchi Alibek Kimanov.

“Erlar yo‘ldan adashganliklarini anglab yetganlaridan so‘ng, bizga ayollari bilan gaplashib qo‘yishni so‘rab murojaat qilardilar”, dedu u to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga yordamlashgan sobiq jangarilardan birini nazarda tutib.

“Turmush o‘rtoqlarining ruxsati bilan biz shunday ayollar bilan uchrashib, ular bilan suhbat o‘tkazadigan ayollar guruhini tashkil etardik”, dedi Kimanov.

Ayrim ayollar erlarini radikal qarashlardan himoya qilishga urinsa, ayrimlari qarshilik qilmaydi, dedi u.

“Reabilitatsiya yordamisiz radikal g‘oyalar yo‘qolmaydi, ya’ni er ozodlikka chiqqach, oila yana Suriyaga (jangarilar safiga) qaytishi ehtimoli yuqori”, deydi Olmaotadagi “Akniyet” informatsion tashviqot va reabilitatsiya markazi rahbari Alim Shaumetov.

Akniyet ayollarni ekstremistik faoliyatni davom ettirishdan to‘sish, turmush o‘rtoqlarining vafoti yoki qamalishidan so‘ng, ularga tasalli va maslahatlar berib, ish topishlariga ko‘maklashmoqda.

“Markazimizda ularga ozroq pul ishlash imkonini beruvchi kichik tikuvchilik korxonalari bor”, dedi u. “Biz ular bilan ishlashga tayyormiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500