Axborot byulletenimizga obuna bo‘ling
Twitter
Facebook
Youtube
Rss
M.logo uz latn

2018-08-08 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston elektron vizasi AQSH va butun dunyodan sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda


Sayyoh Registonni suratga olmoqda, iyun. (O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taqdim etgan surat)

Sayyoh Registonni suratga olmoqda, iyun. (O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taqdim etgan surat)

Maksim Yeniseyev

SAMARQAND – Joriy etilgan yangi elektron tizim butun dunyodan O‘zbekistonga keladigan sayyohlar uchun viza olishni osonlashtirdi va arzonlashtirdi.

Elektron tizim 15-iyul kuni ishga tushirilgan. Sayyohlar 20 AQSH dollari (156 ming so‘m) to‘lab, vizaga onlayn tarzda ariza berishlari va avvalgidek elchixonaga borib o‘tirmasdan, ikki kun ichida O‘zbekiston vizasini olishlari mumkin.

Yangi tizim orqali hozircha faqat turistik vizalar olish mumkin. Elektron viza 30 kun muddatga beriladi va berilgan kundan boshlab 90 kun davomida haqiqiy bo‘ladi. Vizani pasportga yopishtirish shart emas, chegara nazoratidan o‘tishda uni telefon ekranidan yoki qog‘ozga chiqarib olingan nusxasini ko‘rsatish kifoya.


Osh tortilishini kutayotgan sayyoh, Samarqand, iyun oyi. (O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taqdim etgan surat)

Osh tortilishini kutayotgan sayyoh, Samarqand, iyun oyi. (O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taqdim etgan surat)


Naqshinkor devorni tasvirga olayotgan sayyoh, Samarqand, iyul oyi. (O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taqdim etgan surat)

Naqshinkor devorni tasvirga olayotgan sayyoh, Samarqand, iyul oyi. (O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taqdim etgan surat)

Viza berishning yangi tizimi AQSH fuqarolari orasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Tizim ishga tushgandan keyin dastlabki ikki kun ichida boshqa mamlakatlardan ko‘ra, ko‘proq AQSH fuqarolaridan onlayn arizalar olingan.

“Tizimdan jami 37 mamlakat, asosan, Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolari foydalandilar”, dedi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidagi manba Karvonsaroy bilan suhbatda. “23-iyul holatiga ko‘ra, viza olish uchun berilgan arizalardan birortasi ham rad etilmagan”.

Ushbu sanaga qadar, amerikaliklarga 88 ta viza taqdim etilgan. Ular 102 ta viza olgan xitoyliklardan keyin ikkinchi o‘rinni egalladilar, dedi manba.

O‘tgan yili O‘zbekistonga 200 mingga yaqin sayyoh tashrif buyurdi. Bu haqda 1-may kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovga asoslanib, Spot.uz nashri xabar bergan.

Bu kamtarona raqam yillar davomida O‘zbekiston yillik sayyohlar sonini 2,5 mln. deb ko‘rsatib kelganidan so‘ng yangramoqda – Abduhakimov qo‘shni mamlakatlardan kelgan ekskursantlarni hisobga olish natijasida hosil bo‘lgan statistik ma’lumotni oshkor etgan.

Talablar yumshab, narxlar pasaymoqda

“O‘zbekistonda viza olishning byurokratik jarayoni turizm rivoji yo‘lidagi eng asosiy to‘siqlardan biri edi”, deydi Toshkentdagi turistik kompaniyalardan birining operatori Kamilla Abdullayeva.

“Masalan, avvallari AQSH fuqarolari viza olish uchun 120 dollar to‘lashga va 10-15 kun kutishga majbur edilar”, dedi u.

“Eng asosiysi, viza olish uchun konsullik yoki elchixonaga shaxsan borish talab etilardi. Buning uchun esa Nyu-York yoki Vashingtonga borish kerak edi. AQSHning g‘arbiy sohilida yashovchi fuqaro uchun esa bu mushkul masala edi”, dedi Abdullayeva.

O‘zbekiston, shuningdek, barcha xorijiy mehmonlarning majburiy ravishda mehmonxonalarda yashashini ko‘zda tutuvchi qonunni ham bekor qilgan. Ushbu qonunga ko‘ra, mehmonxonalar tashrifchilarni mahalliy ichki ishlar boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart edi.

“Bu kabi eskilik sarqiti butun turizm sohasini rivojlanishdan to‘sib turgan edi”, deydi Abdullayeva. “Endilikda sayyohlar o‘zlari istagan joyda – mehmonxonalarda yoki tanishlarining uyida yashashlari, qolaversa, Airbnb va CouchSurfing kabi xizmatlardan foydalanishlari mumkin”.

Yangi qoidaga ko‘ra, mehmon yoki mezbon E-mehmon sayti yoki smartfon ilovasi orqali tashrif buyuruvchining ma’lumotlarini kiritishi va kundalik sayyoh bojini to‘lashi mumkin. Boj miqdori – 0,50 AQSH dollari (3900 so‘m).

Shu bilan birga, O‘zbekiston mamlakatda tranzit bo‘yicha harakatlanayotganlar uchun ham talablarni osonlashtirgan.

15-iyundan boshlab, O‘zbekistonga to‘xtash bilan tashrif buyurgan sayyohlar mamlakatda besh kungacha vizasiz qolishlari mumkin. 101 mamlakat, shu jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari buning uchun tranzit chiptalarini ko‘rsatishlari kifoya.

O‘zbek diasporasi tashriflarini rag‘batlantirish

Viza bilan bog‘liq muammolar nafaqat sayyohlarga, balki asli o‘zbekistonlik bo‘lgan AQSH fuqarolariga ham qiyinchilik tug‘dirib kelgan.

Bugungi kunda, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan 50 ming kishi AQSHda istiqomat qiladi, deydi diaspora haqida ma’lumot to‘plab, “Amerikalik o‘zbeklar” kitobini chiqargan yozuvchi Mavlon Shukrzoda.

Avvallari amerikalik o‘zbeklar o‘z vatanlariga kelgan paytlarida xuddi boshqa sayyohlar kabi turistik viza olishga va mehmonxonada tunashga majbur edilar.

Ammo, oktyabr oyida hukumat asli o‘zbekistonlik bo‘lgan boshqa mamlakat fuqarolari va ularning oilalari uchun maxsus “Vatandosh” vizasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bunday vizalar besh yil mobaynida amal qiladi.

“Avvallari turistik viza olgan paytimizda mehmonxonada qolishga majbur bo‘lardik”, deydi Karvonsaroy bilan telefon orqali suhbatida Nyu-Yorkda istiqomat qiladigan Uber haydovchisi Bobur Muhammad mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tish majburiyati haqida so‘zlar ekan.

“Tashrifchilarni faqat mehmonxonalar (mahalliy ichki ishlar idoralarida) ro‘yxatga qo‘yish huquqiga ega edi”, dedi u.

Endilikda bu mehmonlar o‘z qarindoshlarinikida qolishlari mumkin. Diaspora a’zolari bu yangiliklardan mamnun, dedi u. “Endi tarixiy vatanimizga tez-tez kelib turamiz”.

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 1

Fikrlar 0

Captcha