http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/08/13/feature-02
| Jamiyat

Qirg‘iziston Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorlanmoqda

Kanat Altynbayev

Ikkinchi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari davomida ko‘pkari bellashuviga chiqqan Qozog‘iston (ko‘k) va AQSH (qizil) jamoalari, Issiqko‘l, Qirg‘iziston, 2016-yil, sentabr. (Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining rasmiy sayti)

BISHKEK – Qirg‘iziston hukumati 2-8-sentabr kunlari Issiqko‘l bo‘yidagi Kirchin darasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchinchi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda.

Qirg‘iziston hukumati tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur tadbirda Markaziy Osiyo ko‘chmanchilarining o‘yinlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ularda istagan mamlakat ishtirok etishi mumkin.

Bundan avvalgi o‘yinlar 2016-yil sentabr oyida xuddi shu yerda o‘tgan, unda dunyoning 62 mamlakatidan vakillar ishtirok etgan.

Ikkinchi ko‘chmanchilar o‘yinlari davomida barpo etilgan etnik shaharcha, Issiqko‘l, Qirg‘iziston, 2016-yil, sentabr. (Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining rasmiy veb-sahifasi)

Masalan, 2016-yildagi o‘yinlarda Qozog‘iston va Qo‘shma Shtatlar jamoalari chavandozlik sporti bo‘lgan ko‘pkarida o‘zaro raqobatlashgan edilar. Bu o‘yinda ikki jamoa ochko yig‘ish uchun to‘p o‘rnida echki tanasidan foydalanadilar. So‘nggi yillarda ba’zi jamoalar hayvon jasadi o‘rniga haykal yoki qolipdan foydalanganlar.

Bu yilgi o‘yinlarda 80 davlatdan sportchilar va 15 mamlakatdan kelgan ko‘ngillilar ishtirok etishi kutilmoqda, dedi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining koordinatorlaridan biri Soyuzbek Nadirbekov Karvonsaroy nashriga.

Ilk o‘yinlar 2014-yilda bo‘lib o‘tgan edi.

Kengayish

24.kg nashri xabariga ko‘ra, o‘yin tashkilotchilari avvalgi o‘yinlarni o‘rganib chiqdiar va bu safargi musobaqalarda hudud va hajmni sezilarli darajada oshirishga qaror qildilar dedi bishkeklik kinorejissyor Altinbek Maksutov.

O‘yinlar uchun barpo etilgan o‘tovlar soni rejalashtirilganidek 400 ta emas, 1000 ta bo‘ladi. Uning aytishicha, har kuni 100 ga yaqin tadbirlar va musobaqalar bo‘lib o‘tadi.

Chet ellik delegatsiyalarga “etnik uy” xizmat ko‘rsatadi, alohida bozorda qo‘l mehnati bilan yaratilgan mahalliy mahsulotlar sotiladi. 40 gektar maydonda avtomashinalar uchun turarjoy tashkil etiladi, bu o‘tgan yilgi hududdan ancha keng, dedi Maksutov.

Uchinchi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari ishtirokchilarni 8-9 asrlarga, Qirg‘iz hoqonligi davriga olib o‘tadi.

Tashkilotchilar hoqonlik davridagi muhitni aniq ifodalab berish uchun ishtirokchilar uchun kiyimlarni puxtalik bilan tayyorladilar.

“9-asrda Qirg‘iz hoqonligi o‘zining taraqqiyot cho‘qqisiga erishgan edi”, degan Maksutov 24.kg nashriga ko‘ra. “Bu ko‘chmanchilarning oltin davri hisoblangan. Kirchin etnik shahrining ochilishida biz Qirg‘iziston tarixini ko‘rsatamiz.”

O‘yinlarda 1200 ta ishtirokchi qatnashadi, dedi u.

E’tiborlisi, nufuzli mehmonlarning stendi qurilayotgan vaqtda arxeologlar miloddan avvalgi 4-5-asrlarda yashagan jangchi qoldiqlarini topganlar, deb xabar bergan 24.kg nashri. Ishtirokchi davlatlarning prezidentlari o‘yinlarni aynan shu yerdan tomosha qilishadi.

Mehmonlarni jalb qilish

Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari Qirg‘iziston uchun daromadli loyiha, dedi iqtisodchi va Bishkekdagi “Global Technology Solutions” korxonasi rahbari Iskender Sharsheyev Karvonsaroy nashriga.

“Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yilda o‘tkazilgan avvalgi o‘yinlar 45 mingga yaqin odamni jalb etib, mamlakatga bilvosita 157 million AQSH dollariga (10,8 milliard qirg‘iz so‘mi) teng foyda keltirgan. Bu yil mehmonlar soni 60 ming kishi va bilvosita foyda miqdori 200 million AQSH dollari (13,8 milliard qirg‘iz so‘mi) bo‘lishi kutilmoqda”, dedi Sharsheyev.

Tadbir Qirg‘izistonning xorijdagi nufuzini mustahkamlaydi, dedi u. 2016-yilda o‘tkazilgan o‘yinlardan so‘ng Yaqin Sharq mamlakatlari Qirg‘iziston haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldilar va bu hududlardan keladigan sayyohlarning soni ortdi.

“Arablar lochinlar bilan ov qilishni va ot choptirish musobaqalarini yoqtiradilar”, dedi u. “Mehmonlarning soni ortishidan Ko‘chmanchilar o‘yinlari iqtisodimiz va davlatimizning madaniy rivojlanishi uchun muhim ekanligi anglashiladi”, dedi u.

Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari ko‘chmanchilik madaniyatiga ega davlatlar uchun Olimpiyada o‘yinlarining muqobiliga aylanishi va turkiyzabon davlatlar sivilizatsiyasini birlashtiruvchi asos bo‘lib xizmat qilishi kerak, deb qo‘shimcha qildi u.

“Bu 37 ta ko‘chmanchi sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarni ko‘rish uchun juda yaxshi imkoniyatdir”, dedi qozog‘istonlik ko‘ngilli Rusan Akmatov Karvonsaroy nashriga. “Bu yilgi o‘yinlar ko‘lami avvalgilaridan kattaroq bo‘lishiga ishonaman, raqamlar buni tasdiqlab turibdi. Tadbir hissiyotlar va taassurotlarga boy bo‘ladi.”

Sizga maqola yoqdimi?
3
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha