Karvonsaroy
Terrorizm

Ekstremistik mafkuradan zaharlanish xavfi: bir tojik oilasi misolida

Negmatullo Mirsaidov

Ekstremistik tashkilotlarga qo‘shilishda ayblangan va qidiruvda bo‘lgan navgilemliklarning suratlari, 24-aprel. (Negmatullo Mirsaidov)

Ekstremistik tashkilotlarga qo‘shilishda ayblangan va qidiruvda bo‘lgan navgilemliklarning suratlari, 24-aprel. (Negmatullo Mirsaidov)

XO‘JAND, Tojikiston – Tojikistonlik oilaning “Islom davlatiga” qo‘shilishga urinishi jamoatchilikni larzaga keltirdi va mahalliy rasmiylarni xavotirga soldi.

2017-yilning mart oyida So‘g‘d viloyati, Isfara tumanining Navgilem qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nasriddinovlar oilasi a’zolari Suriyaga borib, ID safiga qo‘shilishga harakat qilganlar, deyiladi aprel oyida chiqarilgan sud qarorida.

Oilaning bir a’zosi – Zamiraxon Nasriddinova homilador bo‘lgani sababli bu ishni amalga oshira olmagan. Oilaning 28 a’zosi Qozog‘istonning Olmaota shahridan Turkiyaning Istambul shahriga uchib ketishgan. U yerdan esa ular Suriya bilan chegaradosh Turkiyaning Hatay viloyatiga yetib olganlar va uchta yo‘lovchi mashinada chegarani kesib o‘tishga uringanlar.

Turkiya huquq-tartibot idoralari mashinalardan birini to‘xtatib, undagi 9 kishini Tojikistonga qaytarib yuborishgan.

Sudya Firuza Ahmadzoda Nasriddinovlar oilasining to‘qqiz a’zosiga belgilangan jazo hukmini o‘qib eshittirmoqda, 18-aprel, Xo‘jand. (Masum Muhammadrajab)

Sudya Firuza Ahmadzoda Nasriddinovlar oilasining to‘qqiz a’zosiga belgilangan jazo hukmini o‘qib eshittirmoqda, 18-aprel, Xo‘jand. (Masum Muhammadrajab)

Zamiraxon Nasriddinovaning Navgilemdagi uyi, 24-aprel. U homilador bo‘lgani sababli 2017-yilning mart oyida Suriyaga keta olmagan yagona oila a’zosi. (Negmatullo Mirsaidov)

Zamiraxon Nasriddinovaning Navgilemdagi uyi, 24-aprel. U homilador bo‘lgani sababli 2017-yilning mart oyida Suriyaga keta olmagan yagona oila a’zosi. (Negmatullo Mirsaidov)

Ammo, Nasriddinovlar oilasining qolgan 19 a’zosi Suriyaning Idlib viloyatiga yetib olgan, deb xabar beradi ekstraditsiya qilinganlar ustidan mahkamani olib borgan Xo‘janddagi So‘g‘d viloyati sudi.

Shunchaki jazo

Aprel oyida sud ushbu guruhdan bo‘lgan 3 erkak va 4 nafar ayolni 12-17 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan edi.

Tojikiston Oliy sudi hukmni o‘z kuchida qoldirdi, deb xabar berdi ishni olib borgan sudya Firuza Ahmadzoda 10-aprel kuni jurnalistlarga.

Guruh tashkilotchisi va uning ma’naviy rahnamosi bo‘lgan 47 yashar Bahodur Nasriddinov 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning onasi Mavluda Nasriddinova va guruhning boshqa 3 nafar ayol a’zosi Farzona Nasriddinova hamda Mushohira va Shoxina Nurulloyevalarga 12 yillik qamoq jazosi berildi.

Haydarxon Nasriddinov va Nasrulloxon Abduvaliyevlarga esa 12 yilu 6 oylik qamoq muddati belgilangan.

Qo‘lga olinganlardan ikki nafar ayolga jazo tayinlanmagan. Balog‘atga yetmagan Ma’rifat Nasriddinova maktab o‘quvchisi bo‘lib, kelasi yil uni tugallashi kutilmoqda. Ayni damda u Navgilemda buvisi bilan yashaydi, Shoxida Nurulloyeva esa ruhiy betob ekanligi sababli jazodan ozod qilingan.

“Hukm og‘ir, ammo o‘ta adolatli. Jazo o‘rinli”, dedi Ahmadzoda Karvonsaroy nashriga.

Erkaklar Xo‘janddagi axloq tuzatish koloniyasiga yuborilganlar.

To‘rt nafar ayol “Nurekdagi ayollar koloniyasiga yuboriladi”, dedi Bahodur Nasriddinovning tog‘asi Safo Inomov Karvonsaroy nashriga.

ID “zaharlagan” odamlar

Inomov jiyanining qachon va qanday qilib ID mafkurasi bilan “zaharlanganidan” taajjubda ekanligini aytadi.

“U dunyoviy odam edi. “Rog‘unGESstroy” korxonalaridan birida bosh hisobchi bo‘lib ishlardi. Ajoyib farzandlari bor edi. Ularning ko‘pchiligi olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan”, deydi u.

“Ayblanuvchilarning birortasi ham tergov bilan hamkorlikka rozi bo‘lmadi va boshqa oila a’zolarini o‘z vataniga qaytarish yo‘lida huquq-tartibot idoralariga yordam bermadi”, dedi prokuror Raufxon Aliev.

“Bu ularning o‘zlari tanlagan yo‘ldan, ekstremistik mafkuradan voz kechish niyati yo‘qligini va o‘z ixtiyori bilan Suriyaga borib, ID safiga qo‘shilish niyatida bo‘lganliklarini anglatadi”, dedi u Karvonsaroyga.

Nasriddinovlar voqeasi butun tumanni, ayniqsa, 40 ming kishilik aholiga ega Navgilemni – Isfara tumanidagi aholi eng zich joylashgan qishloqni larzaga soldi.

Jamoat (mahalliy boshqaruv organi) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda qishloq aholisidan bo‘lgan jami 38 kishi qidiruvda bo‘lib, ular taqiqlangan diniy-ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlik yoki ularning faoliyatida ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda.

Ularning ayrimlari Suriyada ekani taxmin qilinmoqda. 38 gumondorning yarmi Nasriddinovlar oilasi a’zolaridir.

Ogohlik talabi

“Ular (ekstremistlar) ish uslublarini o‘zgartirdilar, yashirin faoliyat olib borishni o‘rgandilar. Shunday ekan, biz ogohlikni kuchaytirishimiz zarur, deydi mahalliy boshqaruv organi bo‘lmish jamoat xodimi Dilmurod Azizov Karvonsaroyga.

Nasriddinovlar bilan bog‘liq voqea o‘tgan oy ID tarafidan amalga oshirilgani aytilgan xorijlik sayyohlarga qarshi halokatli hujumdan biroz avvalroq yuz bergan edi.

29 iyul kuni Dushanbedan 100 km uzoqlikdagi Dang‘ara tumanida qurollangan shaxslar o‘z avtomobillari bilan bir guruh xorijiy velosayyohlarni urib, mashinadan chiqqanlar va sayyohlardan 4 nafarini - ikki amerikalik, bir Shveytsariya va bir Gollandiya fuqarosini pichoqlab o‘ldirganlar. Yana 2 velosipedchini jarohatlaganlar.

Ushbu voqea ortidan Tojikiston huquq-tartibot idoralari hujum gumondorlaridan to‘rt nafarini o‘ldirib, ularning rahbari deb taxmin qilingan Husayn Abdusamadovni hibsga olgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500