Karvonsaroy
Xavfsizlik

ID yetakchisi al-Bag‘dodiy yo‘qotishlar sabab guruhning chekinayotganini tan oldi

Salaam Times

ID yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiy o‘z xalifaligini tuzgani haqida e’lon qilmoqda. 2014-yilning iyun oyidagi videodan olingan kadr. (File)

ID yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiy o‘z xalifaligini tuzgani haqida e’lon qilmoqda. 2014-yilning iyun oyidagi videodan olingan kadr. (File)

KOBUL – “Islom davlati” (ID) yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy qo‘qqisdan paydo bo‘lib, guruhning chekinayotganini tan olganidan bir necha kun o‘tgach, Afg‘oniston va koalitsiya kuchlari Afg‘onistondagi ID yetakchisini yo‘q qildilar.

22-avgust, chorshanba kuni e’lon qilingan 55 daqiqalik murojaatda Al-Bag‘dodiy ID Yaqin Sharqdagi mag‘lubiyatidan keyin ortga chekinayotganini aytgan.

O‘z izdoshlarini “din, sabr va jihodni” tark etmaslikka chaqirar ekan, Al-Bag‘dodiy “mujohidlar uchun g‘alaba yoki mag‘lubiyat qo‘lga kiritilgan shahar yoki qishloq, yoki egalik qilinayotgan yer bilan o‘lchanmasligini” ta’kidlagan. Bu, aftidan, guruhning mag‘lub bo‘layotganidan darak beradi.

Al-Bag‘dodiy, shuningdek, intizom masalasini ham tilga olgan. U guruhning a’zolari orasida tartib yo‘qligi va guruhda isyon chiqishi mumkinligi haqida o‘rinbosarlarni ogohlantirar ekan, IDning turli millat, hudud va etnik guruhga tegishli a’zolarini o‘zaro nizo va janjallardan tiyilishga chaqirgan.

Iroqning Mosul shahrida joylashgan Al-Nuriy masjididagi Iroq harbiylari, 2017-yil, 2-iyul. Abu Bakr Al-Bag‘dodiy 2014-yilda bu yerda ID rahbari sifatida ilk bor nutq so‘zlagan edi. 2017-yilning 23-iyun kuni Iroq harbiylari binoni qurshab olganida ID qadimgi minorali masjidni portlatib, uni yer bilan yakson qilgan. (Ahmad al-Ruboiy/AFP)

Iroqning Mosul shahrida joylashgan Al-Nuriy masjididagi Iroq harbiylari, 2017-yil, 2-iyul. Abu Bakr Al-Bag‘dodiy 2014-yilda bu yerda ID rahbari sifatida ilk bor nutq so‘zlagan edi. 2017-yilning 23-iyun kuni Iroq harbiylari binoni qurshab olganida ID qadimgi minorali masjidni portlatib, uni yer bilan yakson qilgan. (Ahmad al-Ruboiy/AFP)

1-iyul kuni koalitsiya kuchlari tarafidan amalga oshirilgan havo hujumlari natijasida Nangarhor viloyatidagi ID inshootlari vayron qilingan. (NATO taqdim etgan surat)

1-iyul kuni koalitsiya kuchlari tarafidan amalga oshirilgan havo hujumlari natijasida Nangarhor viloyatidagi ID inshootlari vayron qilingan. (NATO taqdim etgan surat)

Bu muammolar mavjud bo‘lmaganida, al-Bag‘dodiy ularni tilga olmagan bo‘lar edi, deydi kuzatuvchilar. Ularning ta’kidlashicha, mag‘lubiyat belgilari, ayniqsa, kurashni davom ettirish masalasida itoatsizlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Al-Bag‘dodiy 2014-yilda “xalifalik” tuzilganini e’lon qilganidan beri, ID Iroq va Suriyada o‘zining 95 foiz hududini qo‘ldan boy berib, Suriyadagi kimsasiz, kichik yer parchalari bilan qolgan.

Yangi murojaat oxirgisidan deyarli bir yil o‘tib e’lon qilingan.

Xabarlarga ko‘ra, Al-Bag‘dodiy jarohatlangan. Rasmiylar 24-mart kuni Suriyada IDning besh nafar yetakchi qo‘mondoni qo‘lga olinganidan so‘ng, jihodchilar rahbari atrofidagi xalqa kichrayib borayotganini aytmoqdalar.

Yana bir afg‘onistonlik ID yetakchisi o‘ldirildi

Bu orada Afg‘onistondagi turkum zarbalardan so‘ng, ID yana bir omadsizlikka uchradi.

IDning Xuroson bo‘linmasi yetakchisi, Abu Said Orakzay nomi bilan tanilgan Abu Sa’d Arhabiy 25-avgust, shanba kuni Nangarhor viloyatining Xojaniy tumanida Afg‘oniston va koalitsiya kuchlari tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlari davomida o‘ldirilgan, deb xabar beradi Milliy xavfsizlik boshqarmasi (MXB).

DAISHning (guruhning arabcha qisqartmasi) Afg‘onistondagi amiri va yana 10 kishi o‘ldirilgan, deyiladi MXB bayonotida.

Arhabiy guruhning u 2014-yilda mamlakatda paydo bo‘lganidan beri o‘ldirilgan to‘rtinchi rahbaridir.

Afg‘onistondagi AQSH qurolli kuchlari matbuot kotibi, podpolkovnik Martin Odonelning tasdiqlashicha, qurolli kuchlar Afg‘oniston rasmiylari “belgilangan terrorchilik tashkilotining bosh yetakchisi nishonga olingani” aytilgan manzilga havodan zarba berganlar.

Reyddan bir necha soat avval, guruh Jaloloboddagi viloyat saylov komissiyasi idorasi oldida o‘tirgan holda norozilik bildirayotganlarga qarshi sodir etilgan xudkushlik hujumi uchun ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgandi. Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, bomba hujumi natijasida ikki afg‘onistonlik o‘lgan, 4 nafari jarohatlangan.

ID Jalolobodagi bomba hujumidan avval boshqa bir qator qonli hujumlarni ham amalga oshirgan. Kobuldagi bir necha hukumat idoralariga qilingan hujumlar va 37 kishining o‘limiga olib kelgan maktab portlashi shular jumlasidandir.

Guruh ko‘plab terrorchilik harakatlari sodir etganiga qaramay, hamon qochuvda. U o‘tgan yili Tolibonlar bilan qonli to‘qnashuvlarda bir necha bor mag‘lub bo‘lgan.

Shu oy boshida Juzjonda IDning 150 dan ortiq jangarisi hukumat askarlariga ommaviy ravishda taslim bo‘lgandi. Afg‘on kuchlariga ko‘ra, shu bilan guruhning mamlakat shimolidagi tayanch nuqtasi tor-mor etilgan.

ID Juzjonda toliblar bilan bo‘lgan shiddatli janglardan bir necha hafta o‘tib taslim bo‘ldi. Xabar qilinishicha, to‘qnashuv davomida ikkala tarafdan 300 dan ortiq jangarilar halok bo‘lgan.

Arhabiy 11-iyul kuni Kunar viloyatida AQSH havo zarbalari natijasida o‘ldirilgan Abu Saidning o‘rnini egallagan edi. Bu Nangarhorda uning o‘tmishdoshi Abdul Hasibning o‘ldirilishidan bir necha oy o‘tib yuz bergan.

(Ushbu maqola tayyorlashga Nangarhordan Xolid Zeroiy ko‘maklashgan)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500