http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/09/05/feature-01
| Xavfsizlik

O‘zbekiston jamiyatning kuch tuzilmalariga nisbatan sovet davridan qolgan munosabatini o‘zgartirmoqchi

Maksim Yeniseyev

YPX xodimi haydovchining hujjatlarini tekshirmoqda. 2014-yilning avgust oyida Toshkentda olingan surat. (Maksim Yeniseyev)

TOSHKENT – O‘zbekiston hukumati ichki ishlar xodimlarining imiji va huquqni muhofaza qilish organlari haqida jamoatchilik fikrini yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda.

2017-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev huquqni muhofaza qilish sohasida 2021-yilga qadar amalga oshirilishi mo‘ljallangan 78 ta islohotni e’lon qildi. Hukumat joriy yil avvalidanoq ilk sa’y-harakatlarni boshlab yuborgan.

Masalan, aprel oyida huquqni muhofaza qilish organlari o‘z xodimlari uchun baholash tizimini joriy etdi va fuqarolarning shikoyatlariga javob berish uchun Facebook hamda Telegram ilovalaridan faol foydalana boshladi.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi may oyida bolalar o‘rtasida shaxmat musobaqasini uyushtirdi. (Toshkent shahar IIBB)

Ichki ishlar xodimlari iyun oyida toshkentlik nogiron bolalar holidan xabar olib, ularga sovg‘alar ulashdi. (O‘zbekiston IIV)

23-avgust kuni, Mirziyoyev ichki ishlar idoralari xodimlarini boshqarish va nazorat qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi (IIV) o‘z xodimlari uchun 20-sentabrgacha yangi uniforma va atributika joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.

Yangi maxsus formalar xalqaro standartlarga javob berishi va jamoatchilik orasida IIVning ijobiy imijini yaratishi kerak.

Bundan tashqari, yo‘llar, ko‘chalar va maydonlarda xizmat vazifasini bajarish vaqtida qat‘iy amal qilish shart bo‘ladigan “Axloq va muomala madaniyati kodeksi” ishlab chiqiladi va amaliyotga tatbiq etiladi.

Tarbiyaviy ishlar

Ichki ishlar idoralaridagi keng ko‘lamli islohotlarga qaramay, xodimlar bilan tarbiyaviy ishlar olib borish va ularning kasbiy mahorati pastligicha qolmoqda, deyiladi avgust oyida e’lon qilingan qarorda.

Qarorga binoan, IIV bir oy ichida maxsus tashkiliy bo‘linma va IIV malaka oshirish institutini yaratishi kerak.

Shu bilan birga, ichki ishlar xodimlari bilan ishlash uchun psixologlar guruhi ham shakllantirilmoqda, deb xabar berdi vazirlik rasmiysi.

“Tashkiliy bo‘linma ichki ishlar idoralari samaradorligini baholash bilan shug‘ullanadi va ularni tekshiradi”, dedi IIV matbuot kotibi Zafar Matyoqubov Karvonsaroy nashriga.

“IIVning korrupsiyaga aralashgan xodimlarni tekshiruvchi ichki nazorat boshqarmasi endilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysunadi va ularning 50 foizdan ortiq xodimlari o‘zgaradi”, deb qo‘shimcha qildi u. “Bu viloyatlardagi IIV xodimlari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan muhim choradir.”

Islohotning eng katta innovatsiyasi xodimlar bilan tarbiyaviy va psixologik ish olib borish hisoblanadi, dedi Matyoqubov.

Qarorga binoan, tuman va shaharlardagi ichki ishlar boshqarmalarida ta’lim-tarbiya ishlarini olib borish uchun boshqarma raisi o‘rinbosari vazifasi joriy etiladi, dedi u. Ular qonun ustuvorligi va intizomga qat‘iy rioya qilinishi uchun mas’ul bo‘ladilar.

Jamoatchilik fikrini o‘zgartirish

O‘tgan oydan buyon ichki ishlar xodimlari bilan psixologlar ishlab kelmoqda, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB.

“Eng avvalo, patrul xodimlari, YPX, profilaktika inspektorlari, hukumat idoralaridagi qo‘riqchilar va mahalliy ichki ishlar xodimlari bilan treninglar olib borilmoqda”, dedi Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev 29-avgust kuni jurnalistlarga. Bu haqda “Novosti Uzbekistana” gazetasi xabar bergan. “Bu aholi bilan eng ko‘p muloqotga kirishadigan xizmatlardir.”

“Mutaxassislar xodimlarni ijtimoiy ko‘nikmalar, muloqotga kirishish va talab yoki buyruqni to‘g‘ri ifodalashni o‘rgatadilar”, dedi u.

Huquq-tartibot organlari imijining o‘zgarishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda, deb qo‘shimcha qildi u.

“Sovet davridan beri odamlarning huquqni muhofaza qilish organlari bilan munosabati muammoli edi, sababi ular doim repressiv (jazolovchi) organ bo‘lib kelgan”, dedi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev Karvonsaroy nashriga.

“Fikrimcha, O‘zbekiston ichki ishlar organlarining imiji o‘zgarishga muhtoj”, dedi 36 yashar musiqachi Artem Kosin.

Butun mamlakat bo‘ylab islohotlar yuz bermoqda, ammo ichki ishlar organlari hamon eski rejimning bir qismi sifatida qabul qilinadi, o‘sha paytda ular xalqqa nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lmagan”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Eng katta muammo – oddiy ichki ishlar xodimlari bilan bog‘liq. Ular doim ham o‘z vazifalarini puxta bilishmaydi va ko‘pincha qo‘pollik qilishadi.”

Sizga maqola yoqdimi?
13
Yo‘q
Fikrlar 2
Siyosat
Captcha
| 2018-10-08

Man za

Javob berish
Алишер | 2018-09-09

Ichki ishlarning qavs ichidagi xodimlari toʻpori, soʻz boyligi yoʻq, gerdayadi, jinoyatchiga gapirgandek gapiradi, oddiy fuqaroga ham

Javob berish