Karvonsaroy
Iqtisodiyot

O‘yinchoqlar yasash qozog‘istonlik nogiron yoshlarga umid bag‘ishlamoqda

Jahon banki

Klub a’zolari Jahon bankining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk bilan suratga tushmoqdalar, sanasiz surat. Bir guruh ko‘ngillilar boshlagan ish gullab-yashnayotgan kompaniyaga aylangan. (Assel Paju/Jahon banki)

Klub a’zolari Jahon bankining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk bilan suratga tushmoqdalar, sanasiz surat. Bir guruh ko‘ngillilar boshlagan ish gullab-yashnayotgan kompaniyaga aylangan. (Assel Paju/Jahon banki)

QAPCHAG‘AY, Qozog‘iston – Nogironlar aravachasiga mixlangan yosh ayol – Lazzat Salikova hayotining katta qismini uy ichida o‘tkazgan. U mehribon oilasi borligiga qaramay, mustaqil hayotga ehtiyoj sezar edi.

30 yoshni qarshi olar ekan, Salikova yangi ish boshlashga qaror qiladi.

Oradan 7 yil o‘tibdiki, u o‘z ona shahri Qapchag‘ayda notijoriy faoliyat olib boradi – imkoniyati cheklangan qozoq yoshlariga yordam beradi.

Uning loyihalaridan biri – yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqaradigan klub. Bu ish nogiron yoshlar uchun daromad va tajriba manbai bo‘libgina qolmay, balki ularga yangi do‘stlar orttirish va o‘zlarini kerakli his qilishga imkon beradi.

Klub 10 dan ortiq imkoniyati cheklangan qozoq yoshlarini ish bilan ta’minlagan bo‘lib, ular yasagan o‘yinchoqlar butun mamlakat bo‘ylab sotilmoqda.

Bundan tashqari, Salikovaning jamoasi Ta’lim va fan vazirligi hamda Jahon banki ko‘magidagi Qozog‘istonda yoshlar korpusini rivojlantirish dasturining 3000 AQSH dollariga (1,1 mln. tenge) teng grantini qo‘lga kiritgan.

Yangi maqsad va istiqbollar

“Biz o‘zimizni cheklanmagan imkoniyatlarga ega odamlar deb ataymiz”, deydi Salikova. “Bu loyiha ko‘pchiligimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Klub ikkinchi uyimizdek bo‘lib qolgan va hayotimizga mazmun olib kirgan.”

“Klub hayotimni tubdan o‘zgartirdi”, deydi uning a’zolaridan biri, 25-yashar Aynura. “Avvallari hech ish qilmay uyda o‘tirardim. Kunduzgi soat 3 gacha uxlar edim… Endi esa ishim bor, hayotim ham ancha tartibli. Har kuni erta tongda uyg‘onib, ishga boraman.”

Keyingi bosqichda trikotaj kiyimlar ishlab chiqaruvchi ustaxona ochish ham rejalashtirilmoqda. Uning asosiy ischilari ham imkoniyati cheklangan yoshlardan iborat bo‘ladi. Ularning maqsadi – Qapchag‘ayda yuqori sifatli kiyim-kechak ishlab chiqarish va sotish.

Ushbu biznes sa’y-harakatlari ortida boshqa bir katta orzu ham bor.

“Biz nogironlar uchun nafaqa jamg‘armasini tashkil etmoqchimiz”, dedi Salikova. “Bizda imkoniyati cheklangan yoshlar uchun sharoitlar bor, ammo buning o‘zi yetarli emas.”

(Jahon banki guruhi o‘zining http://www.worldbank.org/terms sahifasida ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq, ushbu materialdan foydalanishga ruxsat bergan.)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500