Karvonsaroy
Ta’lim

O‘zbekiston - AQSH aloqalarining yangilanishi bilan Amerika kengashi nodavlat tashkiloti O‘zbekistonga qaytmoqda

Maksim Yeniseyev

O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov (chapda) 29-avgust kuni Toshkentda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlenga Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashining sertifikatini topshirmoqda. (AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi)

O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov (chapda) 29-avgust kuni Toshkentda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlenga Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashining sertifikatini topshirmoqda. (AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi)

TOSHKENT – O‘tgan oyda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashi (AC) O‘zbekistondagi faoliyatini tikladi va 15 yil ichida mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan ilk nodavlat tashkilot bo‘ldi.

29-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan marosimda adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlenga ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi hujjatni topshirdi.

Vashingtonda joylashgan nodavlat tashkilot universitet talabalari va o‘qituvchilar uchun almashuv dasturlarini tashkillashtiradi, universitetlar hamkorligini qo‘llab-quvvatlaydi hamda innovatsion texnologiyalar va intellektual mulk bo‘yicha amerikalik mutaxassislarni tajriba almashinuvi uchun O‘zbekistonga yuboradi, deb xabar beradi Adliya vazirligi.

“O‘zbekiston bilan aloqani tiklaganimizdan bag‘oyat mamnunmiz. Biz ta’lim orqali amerikalik va o‘zbekistonlik fuqarolarga birgalikda ishlash imkoniyatini yaratishni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz”, degan ACning ijrochi vitse-prezidenti David Patton 30-avgust kungi press-relizga ko‘ra.

“Institutsional hamkorlik, o‘qutivchilar va professorlar malakasini oshirish, tadqiqotlar, o‘zbek va ingliz tillarini o‘qitish, tajriba almashish va boshqa sohalarni o‘z ichiga olgan turli dasturlarni amalga oshirishga har ikki tomonda kuchli qiziqish va ishtiyoq mavjud”, dedi u.

“Biz muhim aloqalarning mustahkamlanishda rol o‘ynayotganimizdan bag‘oyat hursandmiz”, dedi Patton.

Dunyo bo‘ylab odamlarga ta’lim berish

Tashkilot har yili 85 davlatda 5000 ta stipendiya ajratuvchi ta’lim va almashuv dasturini taqdim etadi. U “o‘qimishli fuqarolar, samarali institutlar va mas’uliyatli mamlakatlardan iborat dunyoni” barpo etishga ko‘maklashmoqda, deyiladi AC missiyasi bayonotida.

AC O‘zbekistonda 1995-yildan to 2006-yilgacha Ta’lim va til o‘rganish bo‘yicha Amerika kengashi (ACCELS) nomi bilan faoliyat yuritgan. Toshkent va Vashington o‘rtasidagi keskinlik davrida ACning o‘zbek bo‘limi yopilgan.

“Nihoyat! … Bu uzoq kutilgan yangilik va juda yaxshi xabar!”, deb yozgan Nargiza Qo‘chqorova 31-avgust kuni Facebookda AC haqidagi yangilikka fikr bildirib.

“ACCELS ko‘plab o‘qituvchilarga malaka va tajriba oshirishga va hayotini o‘zgartirishga imkon berdi”, dedi u. “U o‘zbekistonlik yuzlab odamlar uchun keng imkoniyatlar yaratdi.”

AC faoliyatini tiklar ekan, sobiq talabalari uni iliq so‘zlar bilan yodga olganlar.

“ACCELS yordamida 2003-yilda almashuv dasturi bo‘yicha Qo‘shma Shtatlarga bordim”, dedi toshkentlik IT mutaxassisi Aliya Raimbekova Karvonsaroy nashriga.

“Bu sayohat dunyoqarashimni tubdan o‘zgartirib yubordi. Men o‘z tajribamni ulashib boshqa qizlar uchun o‘rnak bo‘lishni istardim”, dedi u. “Men dasturlash tillarini o‘rganishni boshladim, hozir esa xalqaro IT kompaniyada ishlayman.”

O‘zbekistonlik talabalar uchun chet elda ta’lim olish tajribasining bo‘lishi muhim, dedi Raimbekova.

“Bu yoshlarimizga yetishmaydigan o‘zgacha fikrlashga imkon beradi”, dedi u.

Yangilangan aloqalar belgisi

“2005-yildan keyin O‘zbekiston barcha Amerika va Yevropa nodavlat tashkilotlarini yopdi”, dedi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev Karvonsaroy nashriga. “Shular qatorida, yoshlar va kollej talabalari orasida mashhur bo‘lishiga qaramay, ACCELS ham yopildi.”

“O‘zbekistonda ACCELS faoliyatining tiklanishi tarixiy voqea. U barcha nodavlat tashkilotlar to‘xtatilganidan keyin ro‘yxatdan o‘tgan ilk Amerika nodavlat tashkilotidir”, dedi u.

2016-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan beri AQSH-O‘zbekiston aloqalari yaxshilanib bormoqda.

Pattonning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yil 20-sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston biznes forumidagi nutqida Mirziyoyev ACni O‘zbekistonga qaytarishga shaxsan qiziqish bildirgan edi.

Keyinroq, 16-may kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Mirziyoyev va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘sha vaqtda ACning qayta tiklanish jarayonini olqishlagan edilar.

ACning qaytishi “o‘sib borayotgan strategik hamkorlik va O‘zbekistonning mazmunli islohot va xalqaro hamkorlikka sodiqligini namoyish etmoqda”, dedi 29-avgust kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida AQSH departamenti matbuot kotibi Xezer Nauert.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500