Axborot byulletenimizga obuna bo‘ling
Twitter
Facebook
Youtube
Rss
M.logo uz latn

2018-10-02 | Inson huquqlari

Yaxshi hayot umidida Rossiyada mehnat qilayotgan qirg‘iz migrantlari adolatsizlik va noxolis munosabatga duch kelmoqdalar


Ota-onasi Rossiyaga jo‘nab ketgan, qarindoshlari qaramog‘ida qolgan bolalar shafqatsiz munosabat va zo‘ravonliklar oldida himoyasiz qolmoqdalar. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda 17 yoshdan kichik bolalarning 11 foizi – ota-onasi xorijga ishlashga ketgan migrantlarning farzandlari. (UNICEF)

Ota-onasi Rossiyaga jo‘nab ketgan, qarindoshlari qaramog‘ida qolgan bolalar shafqatsiz munosabat va zo‘ravonliklar oldida himoyasiz qolmoqdalar. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda 17 yoshdan kichik bolalarning 11 foizi – ota-onasi xorijga ishlashga ketgan migrantlarning farzandlari. (UNICEF)

Kanat Altinbayev

BISHKEK – Inson huquqlari himoyachilariga ko‘ra, Rossiyadagi Markaziy Osiyolik migrantlarning ko‘pchiligi zo‘ravonlik, adolatsizlik va irqchilik qurbonlariga aylanishda davom etayotganliklari sababli uylariga qaytmoqdalar.

Qirg‘izistonliklar, xususan, mamlakat janubidagi chekka hududlarida yashaydiganlar nochorlikdan ko‘ra chet elda ishlashni afzal biladi. Ular Qirg‘izistonda uy qurish, chorva mollari sotib olish yoki to‘y qilish uchun pul ishlash maqsadida Rossiyaga ketadilar.

Ko‘p hollarda erkaklar qurilishda ishlasalar, ayollar xizmat ko‘rsatish sohasida –restoranlar va tikuvchilik fabrikalarida, shu bilan birga, xususiy uylarda oqsochlik qiladilar.


Rossiyadagi qirg‘iz diasporasi a’zolari o‘sha vaqtdagi bosh vazir Sapar Isakovga (suratda ko‘rsatilmagan) o‘z muammolarini bayon qilmoqdalar, Moskva, 30-sentabr, 2017-yil. (Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati)

Rossiyadagi qirg‘iz diasporasi a’zolari o‘sha vaqtdagi bosh vazir Sapar Isakovga (suratda ko‘rsatilmagan) o‘z muammolarini bayon qilmoqdalar, Moskva, 30-sentabr, 2017-yil. (Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati)

Ammo, ular Rossiyada tez-tez noxolis munosabatga duch keladilar – adolatsiz hibsga olishlar, maoshlarning to‘lanmasligi va huquqlarning poymol etilishi bilan bog‘liq boshqa holatlar shular jumlasidandir.

Masalan, rossiyalik inson huquqlari faoli Valentina Chupikning aytishicha, sentabr oyida Moskva politsiyasi o‘nlab qirg‘izistonlik, tojikistonlik va o‘zbekistonlikni hibsga olib, ularni Perovo politsiya idorasida sababsiz ushlab turgan.

“Jami 112 kishi hibsga olingan bo‘lib, ulardan uch nafarigina qonunbuzarlik sodir etgan, qolganlar esa millati sababli qo‘lga olingan”, degan u 24.kg nashrining 21-sentabr kungi xabariga asosan.

“Hibsda ushlab turish vaqti o‘rtacha 8,5 soatni tashkil etgan”, dedi u. “Ayrimlarni yemaksiz, suvsiz bir sutkadan ortiq ushlab turishgan. Ba’zilar 10 minut ichida qo‘yib yuborildi, chunki men o‘sha yerda edim va inson huquqlari guruhlari va ommaviy axborot vositalariga qo‘ng‘iroq qildim.”

Qirg‘iziston davlat migratsiya xizmatining 14-sentabr kungi xabariga ko‘ra, tashkilotning Rossiyadagi idorasi joriy yil davomida 1786 ta ariza qabul qilgan, ularning 551 tasi to‘lanmagan ish haqlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Migrantlardan foydalanish

Bishkekdagi “Bir Duyno Qirg‘iziston” inson huquqlarini himoya qilish nodavlat tashkiloti 2017-yilning aprel oyida chiqargan hisobotida Ayna ismli qirg‘iz ayolning qayg‘uli hikoyasini tilga olgan. Chuy viloyatining Sretenka qishlog‘idan bo‘lgan bu ayol 2015-yilda Rossiyaga ish izlab kelgan edi.

Ayna boshqa migrantlar qatori Moskvada mehmonxona to‘shaklari va sochiqlarini tozalaydigan kir yuvish korxonasida ishlagan.

“Boshlig‘imiz juda rasvo odam edi”, deydi Ayna. “Xodim bir kun kasal bo‘lib qolsa yoki ishga kech kelsa, uni kaltaklar edi. Biz kechki soat 20.00 dan ertalabki 8.00 gacha ishlar edik. Bir oyda faqat ikki kun dam olardik, ish vaqtidan ortiqcha ishlaganimizga haq to‘lanmas edi.”

Aynaning so‘zlariga ko‘ra, u bir oyda 25 ming rubl (460 AQSH dollari) maosh olgan.

Ish beruvchi shartnoma tuzmagan, vaqtida maoshni to‘lashdan bosh tortgan, bu holat esa ishchilarning ish tashlashiga olib keldi, dedi u.

“Kunlardan bir kuni kechqurun ishga keldik, ammo ishni boshlamadik”, dedi u. “Ish boshqaruvchi kelgach, bir yigit “Nima uchun bizga maosh to‘lanmayapti? deb so‘radi... Uchta yigitni shafqatsiz kaltaklashdi ... Ular hatto o‘zlarini himoya qilishga qodir bo‘lmadilar, sababi ish boshqaruvchining politsiya chaqirishidan qo‘rqdilar.”

“Bir Duyno Qirg‘iziston” va “Mehr-shafqat” tashkilotlarining Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federatsiya bilan hamkorlikda tayyorlagan hisobotiga ko‘ra, chet elda ishlayotgan migrant ayollar – ayniqsa, xususiy uylarda uy xizmatchisi bo‘lib ishlayotganlar – boshqa xavf-xatarlar, jumladan, jinsiy tajovuzga duch keladilar.

Hisobotga ko‘ra, ish beruvchilar migrantlar ketib qolmasligi uchun ularning pasportlarini olib qo‘yib, majburlab ishlatish va jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida shikoyatlar kelib tushgan.

Mehnat shartnomalarining yo‘qligi

Botkent viloyati Laylak tumani aholisining 38 foizi Rossiyada mehnat qiladi, deydi “Inson Laylak” nodavlat tashkiloti rahbari Gulnara Derbisheva o‘tgan yil uning tashkiloti olib borgan so‘rovnoma natijalariga asoslanib. “Inson Laylak” janubiy Qirg‘izistonda fuqarolik jamiyatining rivojiga ko‘maklashadi.

Har uch oilaning bir a’zosi Rossiyaga ketgan, dedi u Karvonsaroy nashriga.

Rossiyadan yaqinda Laylak tumaniga qaytgan 40 nafar qirg‘izistonlik olti oy va hatto bir yillik xizmat haqlarini ololmaganidan shikoyat qilgan.

“Buning ustiga, yaqinda Rossiya hukumati migrantlar uchun ro‘yxatdan otish jarayonini yanada murakkablashtirdi, shundan so‘ng ko‘plab migrantlarimiz Rossiyada ro‘yxatdan o‘ta olmay, uyga qaytishga majbur bo‘ldilar”, dedi Derbisheva.

Maoshlarning to‘lanmasligi – Rossiyadagi qirg‘izistonlik mehnat migrantlari duch keladigan asosiy muammolardan biri, deydi “Bir Duyno Qirg‘izistan” huquqni himoya qilish harakati rahbarining o‘rinbosari, bishkeklik Aida Bayjumanova.

“Bundan tashqari, rossiyalik ish beruvchilar mahalliy mehnat qonunchiligini buzadilar: migrantlar kuniga 12 soatgacha, hatto, dam olish kunlari ham ishlashga majbur qilinadi”, dedi u Karvonsaroyga.

“Qirg‘izistondan kelgan ko‘plab migrantlarning shikoyat qilishicha, rossiyalik ish beruvchilarning aksariyati ular bilan mehnat shartnomalari tuzishdan bosh tortmoqdalar”, deydi u.

Bayjumanovaning so‘zlariga ko‘ra, shartnomaning yo‘qligi sabab, ish beruvchilar bilan yuzaga keladigan nizolarda, masalan, ish beruvchi maosh to‘lashdan bosh tortgan vaqtda migrantlar o‘z haq-huquqlarini himoya qila olmaydilar. Bundan tashqari, mehnat shartnomasi bo‘lmagan ishchilar o‘z turarjoylarida qonuniy yashash, tibbiy xizmatlardan foydalanish yoki farzandlarini mahalliy maktabga berish huquqiga ega bo‘lolmaydilar.

Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zolik doirasida imzolangan kelishuv Rossiyada bo‘lib turgan qirg‘izistonlik migrantlar sharoitini yengillashtirishi kerak edi, ammo amalda ko‘plab qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda, dedi u.

“Masalan, hamyurtlarimizning hisbga olinishiga sabab bo‘ladigan politsiya reydlarining soni kamaygani yo‘q, deydi u. “Ular ko‘chada doimiy ravishda hujjatlarni tekshiradilar”.

O‘tgan yili Rossiyadagi migrantlar reydlarga norozilik sifatida ko‘p bora norozilik namoyishlari uyushtirdilar, dedi u.

Biroq, Rossiya rasmiylari qirg‘iz migrantlari duch kelayotgan muammolar bilan qiziqmaydi va ularning haq-huquqlarini ta’minlashga intilmaydi, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 9

Fikrlar 1

Captcha
Comment bubble | 2018-10-11

Biz Rossiya hukumati bilan ishlashimiz kerak. U yerda qonunga umuman rioya qilinmaydi, u yerda yashab ko‘rmaganlar bundan bexabar.

Javob berish