Karvonsaroy
Energiya

O‘zbekistonda “ExxonMobil” bilan hamkorlikda qo‘shma loyiha amalga oshiriladi

Maksim Yeniseyev

“O‘zbekneftgaz” va “ExxonMobil” vakillari 25-sentabr kuni Toshkentda uchrashuv o‘tkazdilar. (O‘zbekneftegaz)

“O‘zbekneftgaz” va “ExxonMobil” vakillari 25-sentabr kuni Toshkentda uchrashuv o‘tkazdilar. (O‘zbekneftegaz)

TOSHKENT – Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida AQSHning “ExxonMobil” va O‘zbekistonning “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga (1,2 trillion so‘m) teng loyiha amalga oshiriladi.

25-sentabr kuni Toshkentda ikki kompaniya vakillari o‘rtasida bazaviy moylar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bazaviy moylar motor moylari va lubrikantlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladi, deyiladi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabarida.

Loyiha 2021-yilga qadar tugallanadi.

“O‘zbekneftgaz” O‘zbekiston hududida YIMning 15 foiziga teng mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega 125 ta neft va 210 ta gaz konlarini nazorat qiladi. Shu bilan birga, korxona uglevodorodlarni qayta ishlash bilan ham shug‘ullanadi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, sanasiz surat. Bu yerda “O‘zbekneftgaz” va “ExxonMobil” hamkorlikda yangi bazaviy moylar ishlab chiqarish korxonasini barpo etadi. (O‘zbekneftgaz)

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, sanasiz surat. Bu yerda “O‘zbekneftgaz” va “ExxonMobil” hamkorlikda yangi bazaviy moylar ishlab chiqarish korxonasini barpo etadi. (O‘zbekneftgaz)

“ExxonMobil” AQSHning Texas shtatida joylashgan bo‘lib, u jahondagi eng yirik neft shirkati hisoblanadi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun afzalliklar

Kelishuv O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16-may kuni AQSHga rasmiy tashrifidan so‘ng imzolandi. Uchrashuvda Mirziyoyev va AQSH prezidenti Donald Tramp strategik hamkorlikning yangi “tarixiy” bosqichi boshlanganini e’lon qilgan edilar, deyiladi xabarda.

Sentabr oyida Toshkentga tashrif buyurgan “ExxonMobil” mutaxassislari bu loyiha Markaziy Osiyoda yagona bo‘lishini ta’kidlaganlar.

“Ushbu uzoq muddatli loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun “ExxonMobil” o‘z tajribasi va texnologiyalari bilan bo‘lishishga tayyor. O‘zbekiston neft va gaz sanoati bunga ishonch hosil qilishi mumkin”, dedi “ExxonMobil” vitse-prezidenti Shon Smit Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida.

Bazaviy moylar motor moylarini ishlab chiqarishda asosiy xomashyo hisoblanadi, dedi “O‘zbekneftegaz” xodimi Abdumo‘min Haqnazarov Karvonsaroy nashriga.

“Agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, u Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladi”, dedi u. Ayni paytda mintaqada bu kabi mahsulotga bo‘lgan talab 100 foiz import hisobiga qondirilmoqda.

“Motor moyi kabi ilg‘or mahsulotlar iqtisodiyotimizga katta foyda keltiradi”, dedi u.

Yangi ish joylari yaratish va xavfsizlikni ta’minlash

“O‘zbekneftegaz” kompaniyasi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi yangi lohiya necha kishini ish bilan ta’minlashi haqida ma’lumot bermagan. Ayni paytda korxonada 125 mingdan ortiq xodim mehnat qilmoqda. U mamlakatdagi eng yirik ish beruvchilardan biridir.

Mutaxassislar yangi loyiha viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishi va Farg‘ona vodiysida xavfsizlikni mustahkamlashiga ishonmoqdalar. O‘zbekistonning eng zich aholiga ega viloyatida ishsizlik dolzarb muammo hisoblanadi.

“Viloyatda yashovchi odamlarning aksariyati konservativ, ekstremistlar o‘z saflariga odam yollash uchun shunday joylarga e’tibor qaratadilar”, deydi toshkentlik siyosiy tahlilchi Umid Asatullayev.

“Barqaror ish joyi va xavfsiz kelajak odamlar orasida radikallashuvning oldini olishda boshqa chora-tadbirlardan ko‘ra yaxshiroq samara beradi”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

“ExxonMobil” O‘zbekistonda neft va gaz sohasida ishlab chiqarish korxonasini yaratgan birinchi Amerika kompaniyasi bo‘ladi.

Bugacha Rossiyaning “Gazprom” va “Lukoil” kabi korxonalari bozorda yakkahokimlik o‘rnatgan edi. Ular asosan tabiiy resurslarni qazib olish va tashish bilan shug‘ullangan.

O‘zbekistondagi AQSH sarmoyalari

May oyida Mirziyoyev va Tramp o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng Amerika kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga investitsiya kirita boshladilar. Bu bilan ular mintaqada o‘z bizneslarini kengaytirib, Rossiya va Xitoy korxonalariga ta’sir o‘tkaza boshlagan.

“ExxonMobil” O‘zbekistonga qiziqish bildirgan neft-gaz sohasidagi yagona Amerika kompaniyasi emas.

Illinoys shtatida joylashgan “Honeywell UOP” korporatsiyasi ham O‘zbekistonda o‘z korxonasini ochishni rejalashtirmoqda. 11-12-sentabr kunlari kompaniya vakillari “O‘zbekneftgaz” MXK vakillari bilan tabiiy gazdan olefinlar ishlab chiqarishga oid loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladilar.

Bu orada 6-avgust kuni “Halliburton” kompaniyasining sharqiy yarimshar bo‘yicha prezidenti Jo Reyni O‘zbekistonga tashrif buyurib, kompaniyaning Toshkentdagi doimiy vakolatxonasini ochish rejalari haqida ma’lum qilgan, deb xabar beradi “O‘zbekneftegaz”.

Reyli “Halliburton” kompaniyasining anchadan beri O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida bo‘lganini ta’kidlar ekan, hozir mamlakatda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shish uchun eng yaxshi vaqt ekaniga umid bildirgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Assalomalekum, Biza скотч maxsulotlarini ishlab chiqaramiz, shu maxsulotga silada talab bormi va shu kelishuvdan keyin ishlab chiqariladigan moy maxsulotlari bo'yicha hamkorlik qilsa bo'ladimi ?

Javob berish