Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Toshkentdagi Markaziy Osiyo savdo forumi “yangi istiqbollarni” koʻzlamoqda

Maksim Yeniseyev

AQSH elchixonasining muvaqqat ishlari vakili Alan Meltser Markaziy Osiyo savdo forumi ko‘rgazmasini koʻzdan kechirmoqda, Toshkent, 17-oktabr. (USAID)

AQSH elchixonasining muvaqqat ishlari vakili Alan Meltser Markaziy Osiyo savdo forumi ko‘rgazmasini koʻzdan kechirmoqda, Toshkent, 17-oktabr. (USAID)

TOSHKENT – 17-18-oktabr kunlari Toshkentda o‘tgan sakkizinchi Markaziy Osiyo savdo forumiga 27 mamlakatdan 1000 dan ortiq mehmon tashrif buyurdi.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Markaziy Osiyoda raqobatbardoshlik, savdo-sotiq va ish oʻrinlari yaratish loyihasi doirasida yillik forumni tashkil etdi.

Tadbir O‘zbekistondagi Amerika savdo palatasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, GIZ Germaniya taraqqiyot agentligi va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Bu yilgi forum mavzusi “Savdo va investitisiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” deb nomlandi va Markaziy Osiyoning mintaqaviy va xalqaro savdoga ochiqligidagi o‘sishni ifoda etdi. Bu O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan uygʻunlikda olib borilmoqda, deydi tashkilotchilar.

Forumda AQSHning qishloq xo‘jalik uskunalarni ishlab chiqaruvchi “John Deere” kompaniyasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. (USAID)

Forumda AQSHning qishloq xo‘jalik uskunalarni ishlab chiqaruvchi “John Deere” kompaniyasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. (USAID)

“Forum olti marta Olmaotada va bir marta Bishkekda bo‘lib o‘tgan edi”, dedi toshkentlik iqtisodchi Shukrullo Mavlonov Karvonsaroy nashriga.

“Forumning Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekistonning mintaqada iqtisodiy yetakchi sifatidagi rolini aks ettiradi”, dedi u. “Ayrim soliq va bojxona to‘siqlarining bekor qilinishi va savdo jarayonlarining osonlashtirilishi bunga yoʻl ochgan.”

Mintaqaviy va xalqaro ishtirok

Forum mintaqaviy va xalqaro kompaniyalar mahsulotlarining ko‘rgazmasi, yalpi majlislar va muhokamalarni o‘z ichiga oldi.

Muhokama Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish foydalari, turizmni rivojlantirish, Markaziy Osiyodagi investitsiyaviy muhit va intellektual mulk huquqiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kabi mavzularni qamrab olgan.

Transport, turizm, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi yetakchi kompaniyalar o‘z mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etdilar.

Maxsus “Startup Mix” uchrashuvlarida tadbirkor ayollar ham ishtirokchilarga o‘zlarining yangi g‘oyalarini taqdim etdilar.

Alohida majlisda katta xalqaro firmalar o‘z faoliyatlarini namoyish etdilar.

Forum ishtirokchilari o‘z mahsulotlari bilan “Mislsiz yutuqlar uchun” tanlovida qatnashdilar. Bu mukofot trasnport va logistika, meva-sabzavotlar ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash, turizm yo‘nalishlarida taqdim etildi.

“Taraqqiyotning ulkan imkoniyatlari”

“Forum menga Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan tadbirkorlar bilan uchrashish imkonini berdi”, dedi 18-oktabr kuni forumga kelgan toshkentlik tadbirkor Umid Sunnatov Karvonsaroy nashriga.

“Mamlakatimizning asosiy savdo ulushi qo‘shni mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi va u yaxshi rivojlanmagan”, dedi u. “Rivojlanish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud.”

“Tobora murakkablashib borayotgan va oʻzaro chambarchas bog‘liq olamda dinamik yechim talab etuvchi yangi muammolarga duch kelmoqdamiz”, dedi Toshkentdagi AQSH elchixonasining muvaqqat ishlari vakili Alan Meltser 17-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda. Bu haqda elchixona bayonoti aytiladi.

“Bu kabi yangi muammolar bilan bir vaqtda yangi imkoniyatlar ham paydo bo‘ladi”, dedi u.

“Bu forumga o‘xshash tadbirlarni o‘tkazish har qachongidan ham ko‘proq kerak. Bu tadbirlar biznes-hamkorlik oʻrnatish, fikr almashish va mahsulotlarni yangi bozorlarga chiqarishga imkon yaratadi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500