Karvonsaroy
Texnologiya

Rasmiylar: Astana Hub texnoparki “Qozogʻistonning Kremniy vodiysiga” aylanadi

Aydar Ashimov

IT yoʻnalishidagi OTM talabalari va bitiruvchilari, shuningdek, IT-kompaniyalar va startaplar xodimlari Ostonada 5-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Digital Brigde forumida ishtirok etdilar. (Aydar Ashimov)

IT yoʻnalishidagi OTM talabalari va bitiruvchilari, shuningdek, IT-kompaniyalar va startaplar xodimlari Ostonada 5-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Digital Brigde forumida ishtirok etdilar. (Aydar Ashimov)

OSTONA – Rasmiylar va IT sohadagi manfaatdor tomonlarning soʻzlariga koʻra, “Astana Hub” xalqaro startaplar akseleratori Qozogʻistonda tadbirkorlik madaniyati va biznes muhitini rivojlantirishga tayyor.

Prezident Nursulton Nazarboev 6-noyabr, seshanba kuni poytaxtdagi EXPO pavilyonida joylashgan “Astana Hub” markazini ochib berdi.

“Dunyo shiddat bilan oʻzgarib bormoqda”, dedi u ochilish marosimidagi nutqida. “Sunʻiy idrok va blokcheyn texnologiyalari barcha sohalarga faol tatbiq etilmoqda. Bugungi kunda raqamlashtirish har qanday davlatning rivojlanishi va raqobatbardoshligini oshirishning asosiy omillaridan biriga aylandi”.

“Dunyoning yetakchi davlatlari hamda G20 va Yevropa Ittifoqi kabi birlashmalar allaqachon oʻzlarining raqamlashtirishga oid strategik hujjatlarini qabul qilganlar”, dedi u.

Prezident Nursulton Nazarboyev 6-noyabr kuni “Astana Hub” ochilishida nutq soʻzlamoqda. (Aydar Ashimov)

Prezident Nursulton Nazarboyev 6-noyabr kuni “Astana Hub” ochilishida nutq soʻzlamoqda. (Aydar Ashimov)

Qozogʻistonning elektron hukumat tizimi xodimi 5-noyabr kuni internet orqali koʻrsatiladigan yangi xizmat turlari bilan tanishtirmoqda. (Aydar Ashimov)

Qozogʻistonning elektron hukumat tizimi xodimi 5-noyabr kuni internet orqali koʻrsatiladigan yangi xizmat turlari bilan tanishtirmoqda. (Aydar Ashimov)

“Astana Hub“ ishtirokchilari soliq va boshqa imtiyozlarga ega boʻladilar, dedi Nazarboyev. “Hukumat va jamgʻarmalar ularni moliyaviy va boshqa turdagi koʻmak bilan taʼminlaydi.”

Qozogʻiston iqtisodiyotini kuchaytirish

Markazning asosiy vazifasi – Qozogʻistonda startap madaniyatini rivojlantirish va iqtisodiyotni mustahkamlash uchun yuqori texnologik loyihalarni qoʻllab-quvvatlashdir.

Hukumat texnoparkning xalqaro miqyosda tan olingan texnologik biznesni rivojlantirish markaziga aylanishiga umid qilmoqda va uni “Qozogʻistonning Kremniy vodiysi” deb nomlagan. 2022-yilga qadar investorlar tomonidan Astana Hub dasturlari bitiruvchilarining startaplari uchun jami 67 mlrd. tenge (180 mln. dollar) sarmoya ajratilishi moʻljallangan.

“IT biznesi jadallik bilan rivojlanib bormoqda”, deydi qaragʻandalik startap asoschisi, “Astaha Hub” dasturi bitiruvchisi Aydos Iskakov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Men boʻlajak loyiha goʻyasini akam bilan uzoq vaqt muhokama qilib, Qozogʻistonda oʻxshashi yoʻq loyihani yaratishga qaror qildim: bu oziq-ovqat mahsulotlarini sotuvchi va ularni bepul yetkazib beruvchi onlayn-doʻkon”, dedi u.

“Jamoamiz 5 kishidan iborat“, dedi u. “Qaragʻandaliklar istalgan vaqtda mahsulotlarga buyurtma berishlari mumkin va ular tezlik bilan aytilgan joyga yetkazib beriladi”.

Ochilish marosimida maʼlum qilinganidek, ayni paytda Qozogʻistonda IT-startaplarni qoʻllab-quvvatlash uchun QazAngels biznes klubi, venchur sarmoyadorlari uyushmasi va qoʻshma investitsiyalash jamgʻarmasi faoliyat koʻrsatmoqda.

Texnologiyalar sohasidagi yetakchilar eʼtirofi

“Astana Hub”ning ochilishidan bir kun avval Ostona “Digital Bridge” xalqaro innovatsion forumiga mezbonlik qildi. Tadbir Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi hamda mahalliy va xalqaro kompaniyalar, jumladan, Amerikaning Cisco va Dell kompaniyalari hamkorligida tashkil etildi.

“Joriy yildan boshlab, Qozog‘iston keng miqyosli “Raqamli Qozog‘iston” dasturini amalga oshirishni boshladi”, dedi Axborot vaziri Dauren Abayev forum davomida. “Bu iqtisodiyotni modernizatsiya qilishi mumkin bo‘lgan davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.”

“Astana Hub”ning ochilishi mamlakatimizning texnologik rivojlanishida muhim bosqich bo‘ladi”, dedi u.

Forumda chet ellik ishtirokchilar tadbirkorlik, innovatsiya va startaplarni yo‘lga qo‘yish borasida oʻz taqdimotlarini oʻtkazishdi. Qozog‘istonning eng yaxshi IT kompaniyalariga sovrinlar topshirildi.

Dastur ishlab chiqaruvchilari esa potensial investorlar bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tadbirda “Onay” loyihasi eng yaxshi raqamli tashabbus deb tan olindi. “Onay” – bu jamoat transporti foydalanuvchilari uchun elektron to‘lov tizimi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirishda eng ilg‘or deb tan olingan bo‘lsa, biznes uchun ish jarayonlarini avtomatlashtiruvchi “Documentolog” kompaniyasi eng yaxshi IT kompaniya deb eʼtirof etildi.

IT-startaplar uchun qulay shart-sharoitlar

“Digital Bridge” forumi har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida raqamli transformatsiya, elektron hukumat, texnologik tadbirkorlik va to‘rtinchi sanoat inqilobi g‘oyalari uchun muloqot maydoniga aylanadi”, deyiladi Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi xabarida.

Forumda blokcheyn texnologiyalari, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish, kosmik sanoatdagi innovatsiyalar va ko‘pgina boshqa mavzularda parallel muhokamalar o‘tkazildi.

“Qozog‘istonda avval bu kabi tadbir oʻtkazilmagan”, deydi forum ishtirokchilaridan biri, “Sunrise Startup” ijodiy dasturchilar guruhi rahbari, olmaotalik Yevgeniy Skvortsov. “Ishtirokchilarning ko‘zlari chaqnab turibdi. Ular so‘zga chiqqanlarni diqqat bilan tinglab, o‘zlari ham oʻz g‘oya va ishlanmalarini baham koʻrishga tayyor turibdilar.”

“Bu IT hamjamiyati, yangi startap operatorlari va raqamli texnologiyalar sohasidagi muvaffaqiyatli tadbirkorlarni birlashtirgan eng katta forum”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Bu yerda raqamlashtirishdagi eng ilg‘or trendlar va muvaffaqiyatli biznes modellari namoyish etiladi va tushuntirib beriladi.”

Skvortsovning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston “IT startap kompaniyalar va katta ehtimol bilan jahonda mashhur bo‘ladigan startaplarni ixtiro qiluvchi va ishga tushiruvchi iste’dodli shaxslar uchun” qulay shart-sharoitlar yaratib bermoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500