Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qirg‘izistondagi yangi kuch tuzilmasi jamoat xavfsizligi va ishonchiga e’tibor qaratadi

Kanat Altinbayev

Patrul va chegara xizmati 3-iyul kuni Bishkekda tashkil etilganining 39 yilligini nishonlagan yo‘l patrul xizmati (GUOBDD) bilan birlashishi kutilmoqda. (GUOBDD)

Patrul va chegara xizmati 3-iyul kuni Bishkekda tashkil etilganining 39 yilligini nishonlagan yo‘l patrul xizmati (GUOBDD) bilan birlashishi kutilmoqda. (GUOBDD)

BISHKEK – Qirgʻizistonda so‘nggi islohotlar natijasida paydo boʻlayotgan yangi militsiya boʻlinmasi xalq ishonchini qozonishni maqsad qilgan va jamoat xavfsizligi uchun masʼul bo‘ladi.

Yangi boʻlinma yo‘l patrul xizmati (ruscha qisqartmasi GUOBDD) hamda patrul militsiyasi va chegara xizmatlarining birlashuvidan paydo boʻlmoqda, deb xabar bergan prezident Sooronbay Jeenbekovning matbuot xizmati.

Yangi boʻlinma “nafaqat yo‘llardagi xavfsizlik, balki umuman, oʻziga biriktirilgan hududlarda jamoat xavfsizligiga ham javobgar bo‘ladi”, dedi Bishkekda joylashgan siyosatshunoslik va huquqshunoslik markazi rahbari Tamerlan Ibraimov dushanba (5-noyabr) kuni Jeenbekov bilan o‘tgan uchrashuv chogʻida.

Xizmat xodimlari “doim o‘z hududlarida patrul nazoratini olib boradilar, jinoyatlarni aniqlab, ularni bartaraf etadilar”, dedi u.

Mahalliy militsiya idoralari, jumladan, yo‘l patrul xizmati xodimlari 20-iyun kuni Bishkekda ko‘chalarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar olishmoqda. (Bishkek militsiyasi)

Mahalliy militsiya idoralari, jumladan, yo‘l patrul xizmati xodimlari 20-iyun kuni Bishkekda ko‘chalarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar olishmoqda. (Bishkek militsiyasi)

“Eng muhimi, patrul militsiyasi fuqarolarga yordam beruvchi ijtimoiy xizmatga aylanmoqda”, dedi Ibraimov.

Ibraimovning so‘zlariga ko‘ra, yangi patrul xizmati xodimlari xalqaro tajribaga asosidagi so‘nggi talablarga mos treninglardan o‘tadilar, jumladan, huquq asoslari, fuqarolar bilan ishlash, birinchi yordam va boshqalar.

Mazkur xizmat avvalgilariga nisbatan yaxshiroq moliyalashtiriladi, unga zamonaviy uskunalar va kommunikatsiya texnologiyalari taqdim etiladi, dedi u.

Patrul xizmati 2019-2020-yillarda Bishkekda sinov loyihasi sifatida, soʻngra butun mamlakat bo‘ylab ish boshlaydi.

Korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash

“Prezident xalq ishonchini qozonadigan, korrupsiyaga nisbatan nihoyatda murosasiz, samarali, jamoatchilik ehtiyojlariga yo‘naltirilgan xizmatni tashkil etish vazifasini qoʻydi”, degan Ibraimov 10-sentabr kuni 24.kg nashriga yangi tashabbus haqida soʻzlar ekan.

Patrul militsiyasi saflarida ham korrupsiyaga qarshi qatʼiy choralar koʻrilishi kutilmoqda, dedi u.

Yo‘l patrul xizmati xodimlari orasida poraxo‘rlik keng tarqalgan, ular yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilardan pul olishadi va qoidabuzarlik sodir etilgani haqida dalolatnoma tuzishmaydi, dedi Ibraimov. Haydovchilar esa pora berishni jarima to‘lashdan arzon deb biladilar.

Ibraimovning so‘zlariga ko‘ra, poraxoʻrlikni yoʻqotish uchun, yo‘l-patrul xizmati xodimlari haydovchilik guvohnomasini olib qoʻyish huquqidan mahrum qilinishi lozim.

Poraxo‘rlikka duch kelayotgan haydovchilarning hech biri “haydovchilik guvohnomasini oldirib qo‘yib, idoraga borib uzun navbatda turishni istamaydi”, dedi u.

Shu bilan bir vaqtda, xodimlar pora olmasliklari uchun o‘z ishlarini qadrlashlari kerak. Shu sababli, hukumat islohot doirasida huquqni muhofaza qilish xodimlarining oylik maoshlarini oshirishni rejalashtirmoqda, dedi Ibraimov.

Ogʻriqli muammolar

Bu ikki yil avvalgi islohotning o‘zgargan ko‘rinishi, deydi zahiradagi podpolkovnik, bishkeklik professor Kairat Osmonaliyev Karvonsaroy bilan suhbatda.

U yangi islohotlar samara berishiga ishonishini, chunki rejalar mamlakatning oliy rahbariyati tomonidan tasdiqlangani va Xavfsizlik kengashi ularning ijrosini nazorat qilishini aytdi.

Biroq, bu borada oʻz xavotirlarini bildirayotgan tahlilchilar ham yoʻq emas.

GUOBDD hamda Patrul va chegara xizmatining birlashishi samarasiz bo‘ladi, sababi faoliyati turlicha bo‘lgan bu ikki xizmat umuman tajribasi bo‘lmagan vazifalarni bajara olmaydi, dedi Ichki ishlar vazirligida (IIV) bo‘lim boshlig‘i vazifasini o‘tagan bishkeklik Esen Saliyev.

Moliyalashtirishning yetarli darajada emasligi ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi, dedi u Karvonsaroy nashriga.

5000-11000 qirgʻiz so‘mi (72 dan 157 AQSH dollarigacha) atrofidagi oylik maosh juda kam va yangi xodimlarni jalb qila olmaydi, bu esa kadrlar yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi, dedi u.

Qozog‘iston tajribasini oʻrganish

Bishkekliklarning ishonishicha, islohotlar jamoat tartibi va yo‘llardagi xavfsizlikni kuchaytirishga yordam beradi.

“Qozog‘istonda bu ikki xizmat allaqachon birlashgan va ayni damda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi jinoyatchilik darajasining pasaygani haqida xabar bermoqda”, dedi bishkeklik muallim Sergey Kostenko.

“Militsiya avtomashinalaridagi xodimlar nafaqat yo‘l harakati qoidabuzarliklarini kuzatishi, balki jinoyatchilarni ham qo‘lga olsa yaxshi bo‘lardi”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Bu tajribani bizda ham yoʻlga qoʻyish vaqti keldi.”

Bishkek yaqinidagi Lebedinovka qishlog‘ida yashovchi uy bekasi Aliya Smikova ham bu birlashuv jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini kamaytirishiga umid bildirdi.

“Ibraimovning aytishicha, patrul xizmatchilarining jismoniy tayyorgarligi aʼlo darajada bo‘ladi”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Bu juda yaxshi, chunki ular jinoyatchilarni quvib yeta olishlari kerak.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bishkek shahar militsiya boshqarmasiga bitta jiddiy masala boʻyicha gapim bor edi, ular bilan qanday bogʻlansam boʻladi?

Javob berish

Bunday tajriba boshdan oʻtgan, ammo yordam bermagan.

Javob berish

Faqat oʻlik ment yaxshi, tamom-vassalom

Javob berish

Yaxshiroq bo‘lishini xohlaymiz-u, ammo har doimgidek bo‘ladi. (sobiq bosh vazir Viktor Chernomirdinning soʻzlari ozgina o‘zgartirilgan)

Javob berish