http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/11/21/feature-03
| Diplomatiya

Rossiyaning kimyoviy hujumlar tergovini toʻxtatishga qaratilgan urinishlari samarasiz yakunlandi

Karvonsaroy va AFP

19-noyabr kuni Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga (KQTT) a’zo davlatlar Haagada yigʻildilar. (KQTT)

HAAGA, Niderlandiya – 20-noyabr (payshanba) kuni bo‘lib o‘tgan Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti majlisida Rossiyaning Suriyadagi kabi hujumlar uchun javobgarlikni belgilab beruvchi yangi qonunga qarshi chiqishi hech qanday foyda bermadi.

Shiddatli bahs-munozaralardan soʻng, a’zo davlatlar global kimyoviy nazorat tashkiloti, jumladan, uning yangi faoliyat turi uchun 2019-yilgi budjetini tasdiqladilar.

Iyun oyida KQTT kimyoviy hujumlar uchun javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi Britaniya taklif etgan chorani maʼqullagan edi. Avvallari tashkilot kimyoviy qurol qoʻllanilgan yoki yoʻqligini tasdiqlar edi, xolos.

Rossiyaning Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotidagi (KQTT) vakili Aleksandr Shulgin (chapda) tashkilotning navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etmoqda, Haaga, 26-iyun. (Djerri Lampen/ANP/AFP)

Britaniya va Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoyni nazorat tashkilotining qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga qarshilik qilishda ayblagan.

Aksar koʻpchilik

Haagadagi majlisda a’zo davlatlar 99 ta ijobiy va 27 ta qarshi ovoz bilan 2019-yilgi budjetni tasdiqlanganida zalda gulduros qarsaklar yangradi.

Yangi vakolatlarning belgilanishiga qarshilik qilgan Rossiya va Eron ovoz berishni talab qilishlari bilan, KQTT ilk bora ovoz berish orqali budjetni tasdiqladi.

KQTT da Rossiya va Xitoyning qo‘shma rejasi 82 ga 30 ta ovoz bilan tasdiqdan oʻtolmadi. Ushbu rejaga binoan, yangi vakolatlar qanday olib borilishini nazorat qiluvchi “ochiq” guruh tashkil etilishi kerak edi.

“Iyun oyidagi tarixiy qarorning bekor qilinishiga aksar mamlakatlar qarshi chiqdi”, dedi Britaniyaning KQTTdagi vakili Piter Uilson o‘zining Twitter sahifasida. “Ulkan natija va u #NoToChemicalWeapons (Kimyoviy qurollarga – yo‘q) deydi.”

Seshanba kungi ovoz berish jarayonida qarorning “ko‘pchilik” tomonidan yoqlanganini Fransiyaning Niderlandiyadagi elchisi ham olqishladi.

Jinoyatchilarni ko‘rsatish

KQTT bosh direktori Fernando Arias kelasi yil boshida 2013-yildan beri Suriyada amalga oshirilgan kimyoviy hujumlar aybdorlarini aniqlashga yordam beradigan “juda kichik, ammo kuchli” tergov jamoasini tashkil qilishni ko‘zlayotganini aytib o‘tgan.

Shu bilan birga, guruh boshqa joylarda ham hujum sodir etilgan mamlakat talabi bilan aybdor tomonni aniqlashga haqli bo‘ladi.

Aprel oyida Rossiya qo‘llab-quvvatlovidagi Suriya rejimi Damashq yaqinidagi Duma shahrida tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llashda ayblangan edi. Hujum natijasida kamida 40 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq fuqaro jarohatlangan.

Rossiya va Suriya jinoyatni yashirish maqsadida hudud ichini tozalab olish uchun unga 2 hafta davomida xalqaro tergovchilarning kirishini taqiqlab qoʻydi.Ammo, bu urinishlar samarasiz boʻldi.

Rossiya “Oq dubulg‘lalilar” nomi bilan tanilgan Suriya fuqarolik mudofaasining ko‘ngilli gumanitar tashkilotini kimyoviy hujumlar videosini soxtalashtirishda ayblashgacha bordi.

Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayoni joriy yilning aprel oyida Niderlandiya hukumati to‘rt nafar rossiyalikni KQTTning kompyuter tizimiga hakerlik hujumi uyushtirishda ayblashi soyasida bo‘lib o‘tdi.

GRU harbiy razvedka agentligining rossiyalik josuslari tashkilot yaqinidagi mehmonxona yaqinidagi mashinaga o‘rnatilgan elektron qurilmalardan foydalanganlar, deb xabar bergan Niderlandiya hukumati.

Bu vaqtda KQTT Suriyadagi yirik kimyoviy hujum va mart oyida Solsberida Rossiyaning sobiq ikkiyoqlama josusi Sergey Skripal va qizining zaharlanishi bilan bogʻliq hodisa yuzasidan tergov olib borayotgan edi. Ammo, uchrashuv kun tartibida zaharlanish voqeasi ko‘rib chiqilmagan.

O‘sha kunning o‘zida, josuslar mojarosi fonida Rossiya KQTT uchun maxsus kiberxavfsizlik jamgʻarmasini tashkil etish rejasi uchun ovoz berishni taklif etdi, ammo u ham qabul qilinmadi.

Oʻtaketgan ikkiyuzlamachilik

Rossiya va Gʻarb mamlakatlari 19-noyabr kuni ovoz berish jarayoni oldidan bir-birlarini yolgʻonchilik va ikkiyuzlamachilikda aybladilar.

AQSHning KQTTdagi vakili Kennet Uord Rossiyani “oʻtaketgan ikkiyuzlamachilikda” ayblab, “kimyoviy qurollarni qoʻllashning yangi davri boshlanishiga” yoʻl qoʻymasligi haqida ogohlantirdi.

“Ularning soʻnggi bir necha yil davomida qilgan ishlari shu boʻldiki, oʻz ittifoqdoshlari boʻlgan Suriyaga yuz bergan haqiqatni Asad rejimining kimyoviy hujumi qurbonlari bilan birga koʻmishiga yoʻl qoʻyib berishdi” dedi u Suriya prezidenti Bashar Asadni tilga olib.

“Bu ham yetmagandek, endi Solsberi muammosi paydo boʻldi”, dedi Uord.

KQTTdagi Britaniya vakili Piter Uilson esa nazorat organining kimyoviy hujumlar uchun javoblikni belgilash vakolatlarini cheklashga boʻlgan har qanday urinishni “nomaqbul” deb atadi.

Meʼyorlarning oʻzgarishi

KQTT kimyoviy qurollar boʻyicha 1997-yilgi konvensiyaga muvofiq tashkil etilgan. Ushbu hujjatga koʻra, dunyoning deyarli barcha mamlakatlari toksik qurollardan voz kechish majburiyatini olganlar.

Tashkilotga koʻra, u jahondagi 96,5 foiz kimyoviy qurol zahiralarining yoʻq qilinishini nazorat qilgan.

Oʻshandan beri u Suriya va Solsberidagi tekshiruvlari bilan siyosiy jihatdan nozikrok hududga jalb etildi.

Dushanba kuni KQTT rahbari tashkilotning ochilish marosimidagi nutqida “Kimyoviy qurollar qoʻllanishiga qarshi xalqaro meʼyorlar bosim ostida qolayotgani” haqida ogohlantirgan.

“Ularning qayta-qayta qoʻllanishi xavfli tus olmoqda, bunga qarshi qatʻiy va umumiy chora koʻrilishi zarur”, dedi Arias.

Sizga maqola yoqdimi?
8
Yo‘q
Fikrlar 5
Siyosat
Captcha
| 2019-03-30

Putler boshchiligidagi Rossiya oxiri biror falokatga yo‘liqadi. Sovet davrida turli ishlar qilishgan, Xitoyda otilganlarning ustidan BMT olib borgan tergov jarayonidan keyin BMTdagi SSSR vakilini Janob Yo‘q deb nomlashgan (Sovet tashqi ishlar vaziri Andrey Gromikoning laqabi Janob Yo‘q bo‘lgan). Xo‘sh bunga qarshilik qilib ko‘ringchi kremlbotlar.

Javob berish
| 2018-12-20

Rossiya minglab suriyaliklarni yoʻq qildi. Uni Haaga kutmoqda

Javob berish
| 2018-11-28

Umuman tushunarsiz holat nimaga reallik yo'q.

Javob berish
| 2018-11-23

Ajoyib yangilik! Kimyoviy hujumlar qurbonlari uchun o‘ch olinishi kerak. Rossiya oʻz hatti-harakatlari uchun javob berishi lozim.

Javob berish
| 2018-11-21

Qiziq, O‘zbekiston qanday ovoz berdi ekan? Oxirgi ikki yildan beri qo‘rqoqlarcha Rossiya siyosatining ketidan yuribdi. Hukumat 27 yildan beri mustaqil ekanligimizni esidan chiqarganmi? Yoki biz ham Shimoliy Korea, Myanma, Suriya, Rossiya va Xitoyning boshqa yugurdaklari bilan bir darajaga tushib qoldikmi? O‘zbekiston Ukraina, Qrim, uyg‘urlar va rohinja musulmonlarining qirg‘ini haqidagi mavzularda o‘z nuqtai nazariga ega emas va katta ogʻalariga miq eta olmaydi

Javob berish